20.03.2019 1875

O'zbekiston viza tartibini soddalashtirishda davom etmoqda.


Shunday qilib, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 18 martdagi PF-5691 sonli Farmoniga muvofiq, joriy yilning 20 martidan O'zbekiston Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) fuqarolariga 30 kunlik muddatga vizasiz tartibni joriy qildi.

Ta'kidlash joizki, agar 2017 yilda O'zbekistonga Birlashgan Arab Amirliklaridan tashrif buyurgan sayyohlari soni 1258 kishini tashkil etgan bo'lsa, 2018 yilda ularning soni 1580 nafarga yetdi.

Bundan tashqari, Birlashgan Arab Amirliklari fuqarolarining amaliy maqsadda tashrif buyuruvchilari uchun ko'p martalik vizalarni olishning soddalashtirilgan tartibi joriy etiladi. O'zbekistonning xorijiy muassasalarida bir yilgacha bo'lgan muddatga ko'p martalik vizalar, hujjatlarni qabul qilish kunini hisobga olmagan holda, uch kun ichida beriladi. Shu bilan birga, taklif etayotgan yuridik shaxsning O'zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga murojaat qilishi to'g'risidagi talab bekor qilindi.

Vizasiz tartibning joriy qilinishi mamlakatlar o'rtasidagi madaniy, ma’rifiy va ilmiy aloqalarni mustahkamlash, investitsiya muhitini yaxshilash va respublikaning sayyohlik salohiyatini rivojlantirishga ijobiy ta'sir ko'rsatishi nazarda tutilmoqda.

Eslatma: bundan avval O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 5 yanvardagi PF-5611-sonli Farmoni bilan 1-fevraldan boshlab Birlashgan Arab Amirliklari fuqarolari uchun elektron viza olish imkoniyati taqdim etilgan edi. Shuningdek, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 4 iyuldagi PQ-3836 sonli qaroriga asosan, BAA fuqarolariga O'zbekistonga kirish va undan chiqib ketish, tranzit o'tish uchun 5 kungacha vizasiz tartib o'rnatilgan edi.