04.04.2019 868

O'z SSP da Jahon hunarmandlar Kengashining Osiyo - Tinch okeani mintaqasi bo'yicha prezidenti bilan uchrashuv bo'lib o'tdi.


Joriy yilning 3 aprel kuni Jahon hunarmandlar Kengashi (WCC)ning Osiyo - Tinch okeani mintaqasi bo'yicha prezidenti Gada Kaddumi O'zbekistonga tashrif buyurdi. 
Tashrif davomida O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi A.Ikramov va “Hunarmandlar” uyushmasi raisi U.Abdullaevlar ishtirokida 4 aprel kuni O'zbekiston Savdo-sanoat palatasida uchrashuv bo'lib o'tdi. 


Ma'lumki, O'zbekiston Respublikasi “Hunarmand” uyushmasi shu yilning mart oyida Jahon hunarmandlar Kengashi (WCC)ning a'zosi bo'ldi va ushbu uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlik aloqalari muhokama qilindi. 

Ushbu tashkilot 1964 yilda Xalqaro tashkilot sifatida Belgiyada ro'yxatga olingan bo'lib, jahon hunarmandchiligini rivojlantirish, hunarmandlarning o'zaro tajriba almashinuvini yo'lga qo'yish, hunarmandchilik sohasida faoliyat yuritadigan tashkilotlarni o'zaro hamkorligini yanada kengaytirish va hunarmandlarni qo'llab-quvvatlash maqsadida faoliyat olib boruvchi nufuzli xalqaro tashkilot hisoblanadi.

 
Gada Kaddumining mamlakatimizga tashrifi va o'zbek xalq amaliy sa'nati bilan yaqindan tanishishi “Hunarmand” uyushmasining xalqaro faoliyatining yangi bosqichga olib chiqadi. Xususan, WCC ga a'zo hunarmandchilik faoliyatni qo'llab quvvatlaydigan dunyodagi yirik tashkilotlar bilan hamkorlikni yo'lga qo'yish, o'zaro tajriba almashish hamda hunarmandchilikni yanada keng targ'ib etish va hunarmandchilik mahsulotlarini eksport hajmini kengaytirishda zamin bo'ladi.


Tashrif dasturi doirasida Gada Kaddumi Surxondaryo viloyatining Termiz shahrida bo'lib o'tadigan Xalqaro baxshichilik san'at festivalida ishtirok etadi. Bu yerda  festival doirasida yurtimiz hunarmandlari tomonidan tashkil etilgan hunarmandchilik ko'rgazmasi bilan tanishtiriladi. Ko'rgazmada respublikamizning barcha hududlaridan 34 ta yo'nalishda 200 nafardan ortiq hunarmandlar ishtirok etadi. Bu yerda hunarmandlar tomonidan mahorat darslarini, avloddan avlodga o'tib kelayotgan an'ana va qadriyatlar asosida sayqal topib kelayotgan usto-shogird maktablari bilan ham tanishtiriladi. 

Shuningdek, 7-8 aprel kunlari Farg'ona viloyatning Qo'qon shahrida Gada Birinchi Xalqaro hunarmandchilik festivali doirasida olib borilayotgan tayyorgarlik jarayonlari, Rishton hunarmandchilik maktabi bilan tanishadi. Shuningdek, Farg'ona hamda Qo'qon shahar hokimlari bilan uchrashuvlarda ishtirok etadi.

Ta'kidlash lozimki, xalqaro hunarmandchilik festivaliga dunyoning 70 dan ortiq mamlakatlaridan hunarmandlar ishtiroki kutilmoqda. 

 

O'z SSP Axborot xizmati