08.04.2019 619

Xorazm eshiklari investorlar uchun keng ochildi.


Xorazm viloyatida joriy yilning 5-6 aprel kunlari “Xorazmga investitsiya kiriting” shiori ostida o'tkazilgan investitsiya forumida Xitoy, Rossiya, Fransiya, Saudiya Arabistoni, Malayziya, Ozarbayjon, Bahrayn, Turkmaniston kabi dunyoning 20 dan ortiq davlatidan 100 dan ziyod kompaniya vakillari ishtirok etdi. 

O'zbekiston Milliy axborot agentligi – O'zA muxbiri xorijiy kompaniyalar vakillarining ayrimlari bilan suhbatlashdi.

Chju Szan CHENG, Xitoyning madaniyat va hunarmandchilik investitsiya jamg'armasi bosh kotibi (Xitoy):

– Forum juda yuqori saviyada tashkil etilgan. Uning ikkinchi kunida barchamiz Xiva shahrida bo'lib, bu yerdagi tarixiy obidalar, osori-atiqalar bilan tanishdik. Ayniqsa, Xorazmning qadimiy urf-odatlari barchada iliq taassurot qoldirdi. Xalqingiz madaniyati juda boy. Ularning ko'p qismi saqlanib qolganligi turizm sohasida voha jozibadorligini yanada oshiradi. Bu yerda har qanday turistik loyihani amalga oshirish imkoniyati mavjud. Bizning fond ushbu viloyatga investitsiya kiritadi va boshqa investorlarni jalb qilishda yaqindan ko'maklashadi. Xitoy va O'zbekiston madaniyati va tarixiga ko'ra azaldan savdo va ijtimoiy sohalarda hamkorlik qilib keladi.

Muhammad AVAD, “AWAD GROUP” kompaniyasi bosh menejeri (Saudiya Arabistoni):

– Kasbim injener. Asosan mehmonxona qurilishi sohasida ish olib boraman. Forumda qatnashib, bu yerda mehmonxona industriyasining kelajagi borligini ko'rdim. Ayniqsa, hukumat tomonidan investitsiya loyihalari uchun bojxona va soliqqa tortish borasida berilgan qator imtiyozlar menga manzur bo'ldi. Shuningdek, turizm va ta'lim sohasida ham hamkorlik qilish niyatidaman. O'ylaymanki, kelgusida kiritilgan investitsiya mablag'lari ikki tomon uchun ham manfaatli va samarali bo'ladi.

Jarayam PARTASARATI, “IT Park” loyihasi sarmoyadori (Hindiston):

– Men Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Urganch filiali talabalarining o'qish jarayoni va viloyatdagi “O'ztelekom” aksiyadorlik kompaniyasining viloyat bo'limi mutaxassislari ish faoliyati bilan tanishdim. Ushbu viloyatda zamonaviy axborot texnologiyalarini rivojlantirish juda muhim. Chunki Urganch va Xiva shaharsozligida juda katta o'zgarishlar ro'y berishi kutilayotgan ekan. Bu esa, o'z navbatida, axborot-kommunikatsiya tizimini tubdan takomillashtirish zaruratini tug'diradi. Shuningdek, ushbu soha mutaxassislariga juda ko'plab ehtiyoj yuzaga keladi. Biz esa ana shu jarayonlarda yaqindan ko'maklashamiz. 

Ruslixan DAXRADJI, “Hadid Enginering” kompaniyasi ijrochi direktori (Malayziya):

– Bizning kompaniyamiz Xorazmda olib borilayotgan bunyodkorlik ishlarida qatnashishni istaydi. Biz Urganch shahrida “Aqlli shahar” loyihasiga sarmoya kiritib, unda ishtirok etish niyatidamiz. Forum o'z vaqtida va yuksak darajada tashkil etilgan. Shovot tumanidagi “UzTeks” qo'shma korxonasida bo'ldim. U yerdagi 1200 xodimdan iborat professional jamoaning ish jarayoni va ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar sifati bilan tanishdim. Endilikda ushbu korxona tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlarning Malayziya bozoriga kirib borishida ko'maklashmoqchiman. Shuningdek, buyurtma asosida kompaniyamiz ishchi-xizmatchilari uchun kiyim-kechak sotib olishni rejalashtirdim.

Nikolay SHERBAKOV, Rossiya bog'dorlar uyushmasi bosh direktori:

– Bizda O'zbekiston meva va sabzavotlari juda qadrlanadi. Joriy yilda Xorazm viloyatida ming gektar maydonda zamonaviy intensiv bog' yaratishni rejalashtirmoqdamiz. Uning qiymati hozir mutaxassislar tomonidan hisob-kitob qilinayotir. Bu yerning iqlimi intensiv bog' uchun juda qulay ekan. Ammo suvni tejash juda muhim. Shuning uchun ham bog'da suv tizimi alohida tejamkor zamonaviy texnologiyalar yordamida boshqariladi. Ushbu forum doirasida boshqa davlatlardan kelgan hamkasblarimiz bilan ham ko'rishib, hamkorlik qilishga kelishib oldik.

www.uza.uz