09.04.2019 1210

O'zbekiston-Avstriya o'rtasidagi o'zaro savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish bo'yicha komissiyasining 7-yig'ilishi bo'lib o'tdi.


O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi hamda O'zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan O'zbekiston-Avstriya o'rtasidagi o'zaro savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish bo'yicha komissiyasining 7-yig'ilishi doirasida bugun, 9 aprel kuni ikki mamlakat ishbilarmon doira vakillari ishtirokida biznes-forum hamda «B2B» formatidagi uchrashuv bo'lib o'tdi.
   

Avstriya delegatsiyasi tarkibidan sog'liqni saqlash, oziq-ovqat sanoati, transport, sayyohlik, qurilish, kimyo mahsulotlari, qishloq xo'jaligi hamda boshqa sohalarda faoliyat ko'rsatayotgan 26 ta etakchi kompaniya vakillari o'rin olgan.

Forum davomida Avstriya delegatsiya vakillari O'zbekistonda investitsion muhitni yanada yaxshilash, iqtisodiyotni liberallashtirish, tadbirkorlarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdilar.

Ikki mamlakat ishbilarmon doira vakillari ishtirokidagi «В2В» uchrashuvida O'zbekiston va Avstriya o'rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik aloqalarini rivojlantirish istiqbollari, jumladan, ikki mamlakat korxonalarining hamkorlik aloqalarini yanada jadallashtirish bo'yicha o'zaro fikr almashildi. Unda 60 dan ziyod mahalliy va yetakchi tadbirkorlik sub'ektlari ishtirok etdilar.

Ta'kidlash joizki, 2018 yilda ikki davlat o'rtasidagi o'zaro tovar aylanmasining hajmi 108,4 mln. AQSH (+40,0%) dollarini tashkil etdi. Shundan, 5,4 mln.doll. AQSH dollari eksport (+26,0%), 102,9 mln. AQSH dollari importga to'g'ri keladi (+46,3%).

  

Asosiy eksport mahsulotlariga xizmatlar, mineral yonilg'i, oorganik kimyo mahsulotlari, meva va yong'oqlar, qora metallardan olingan mahsulotlar va boshqalar kiradi.

Import mahsulotlariga esa yadro reaktorlari va qozonlari, farmatsevtika mahsulotlari, jonli hayvonlar, quruqlik transporti, qora metallar mahsulotlari, qog'oz va karton, optik asboblar va uskunalar, temir yo'l lokomotivlari, xizmatlar, oziq-ovqat sanoati qoldiqlari va chiqindilar va boshqa kimyoviy mahsulotlar, plastmassalar va ulardan tayyorlangan mahsulotlar o'rin olgan.

Bugungi kunda O'zbekistonda 44 ta qo'shma korxona faoliyat yuritmoqda. 28 qo'shma korxona va 14 ta korxona 100% Avstriya kapitali asosida faoliyat yuritib kelmoqda.

 

O'zb SSP Axborot hizmati