28.05.2019 1651

O'z SSP da O'zbekiston – Rossiya ishbilarmonlari biznes-forumi bo'lib o'tdi.


“Rossiya tayanchlari” Umumrossiya kichik va o'rta tadbirkorligi jamoatchilik tashkiloti vasiylik kengashi raisi Sergey Borisov boshchiligidagi delegatsiyaning mamlakatimizga tashrifi doirasida 27 may kuni O'zbekiston – Rossiya ishbilarmonlari biznes-forumi bo'lib o'tdi.

Forumning ochilishida O'zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi raisi birinchi o'rinbosari Islom Jasimov Rossiya O'zbekistonning savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy sohalar bo'yicha ishonchli hamkori ekani, ikki davlat rahbarlarining muntazamlik kasb etgan muloqotlari tufayli strategik sheriklik munosabatlari yangi bosqichga ko'tarilganini ta'kidladi. Oliy darajadagi tashriflar chog'ida erishilgan kelishuvlar barcha yo'nalishlarda ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish imkonini berayotgani qayd etildi.

Tadbirda Rossiyaning turizm va mehmonxona xo'jaligi, qurilish materiallari ishlab chiqarish, qishloq xo'jaligi kabi sohalarga ixtisoslashgan kompaniyalari O'zbekistonda o'z faoliyatini tashkil etish va rivojlantirish bo'yicha hamkorlikka tayyor ekanini bildirdi.

S.Borisov mamlakatimizda amalga oshirilayotgan “Har bir oila – tadbirkor” Davlat dasturiga yuqori baho berdi. Mazkur dastur ijrosi bo'yicha amalga oshirilayotgan ishlar va to'plangan milliy tajriba bilan yaqindan tanishish istagida ekanini qayd etdi.

– Ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini amaliy mazmun bilan boyitishga qaratilgan mazkur tashrif O'zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi tashabbusi bilan tashkil etildi, – deydi S.Borisov. – O'zbekiston diplomatlarining mamlakat iqtisodiyotiga xorijiy investitsiyalarni jalb etish borasidagi ushbu intilishlari rossiyalik elchilar uchun ham namuna ekanini qayd etish joiz.

Tadbirda mamlakatimiz investitsiyaviy salohiyati va “Rossiya tayanchlari” Umumrossiya kichik va o'rta tadbirkorligi jamoatchilik tashkiloti faoliyatiga bag'ishlangan taqdimotlar namoyish etildi.

– Tashkilotimiz 2003 yildan beri faoliyat ko'rsatib kelmoqda, – deydi “Rossiya tayanchlari” Umumrossiya kichik va o'rta tadbirkorligi jamoatchilik tashkiloti vitse-prezidenti Nikolay Dunaev. – Tashkilotimiz mamlakat bo'ylab 450 mingdan ziyod tadbirkorlik sub'ektlarini o'z atrofida birlashtiradi, 100 dan ziyod sohaviy assotsiatsiyalar va uyushmalarga egamiz. Bugungi kunda tashkilotimiz Rossiya ishbilarmonlarini huquqiy, investitsiyaviy masalalarda qo'llab-quvvatlash bilan birga, yoshlar va xotin-qizlar biznes loyihalarini muvaffaqiyatli amalga oshirishiga ko'mak berib kelmoqda. Ushbu tashrif ikki mamlakat kichik va o'rta biznes vakillari o'rtasida hamkorlik o'rnatish, ular manfaatini himoya qilishga qaratilgan faoliyatni tashkil etish masalalarini muhokama qilish imkonini bergani bilan ahamiyatli.

Biznes-forum doirasida ikki mamlakat ishbilarmon doira vakillari o'rtasida “B2B” uchrashuvlari tashkil etildi.

 

O'z SSP Axborot xizmati va O'zA