30.05.2019 1013

“Shahar yuqori texnologik infratuzilmasi"


29 may kuni O'zekspomarkazda “Shahar yuqori texnologik infratuzilmasi“ mavzusida O'zbek-Yapon 3-amaliy konferensiyasi bo'lib o'tdi. Konferensiyada Savdo-sanoat palatasi raisi úrinbosari F.Usmanov va bir qator vazirlik va idora vakillari shuningdek, Turkiya qurilish va investitsion kompaniyalari ishtirok etdilar.

Tadbirni kirish so'zi bilan O'zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov, Yaponiyaning Yer, infratuzilmalar, transport va turizm vazirining parlament o'rinbosari Norixiro Sakane hamda Yaponiyaning O'zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Ito Nobuaki ochib berdi.

Konferensiyada Yaponiya tarafdan kichik va o'rta biznes vakillari qatnashar ekan, 12 ta kompaniya bilan kelgusida quyidagi sohalarda hamkorlik masalalari muhokama etildi:

- “Aqlli shahar” infratuzilmasining qurilishi;

- turizmni rivojlantirish;

- elektr jihozlari ishlab chiqarish, injiniring va konsalting;

- tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish.

Bundan tashqari, infratuzilmalarni barpo etish masalasida birgalikdagi harakatlarni muvofiqlashtirish maqsadida xususiy sektor darajasidagi Turkiya vakillari konferensiya ishida faol ishtirok etdilar. Yapon va turk kompaniyalari vakillari o'zbekistonlik hamkasblari bilan infratuzilmalarni tashkil etish, shuningdek iqtisodiyotning real sektorida amalga oshiriladigan tadqiqotlar va ishlanmalarni investitsiyalash tajribalari bilan o'rtoqlashdilar.

Bugungi kunda mamlakatimizda iqtisodiyotni barqaror rivojlanishi, aholi yashash sifatini oshirish maqsadida keng miqyosdagi yaratuvchanlik ishlari va ishlab chiqarishni modernizatsiyalash amalga oshirilmoqda. Bu yo'nalishda boshqa rivojlangan davlatlar qatorida Yaponiyaning ham tajribasidan foydalanib kelyapmiz.

Xususan, yaponiyalik mutaxassislar bilan hamkorlikda Toshg'uzor-Boysun-Qumqo'rg'on temir yo'li qurilgan. Samarqand, Buxoro, Urganch xalqaro aeroportlari modernizatsiyalashtirildi. Buxoro neftni qayta ishlash zavodi, Sho'rtan gaz-kimyo kompleksi va Ko'kdumaloq konidagi kompressor stansiyasi qurildi, Farg'ona neftni qayta ishlash zavodi qayta qurilishi amalga oshirildi. Shuningdek, Qarshi-Termez temir yo'l liniyasi elektrlashtirildi, Navoiy issiqlik elektr stansiyasi kengaytirildi, Tolimarjon IESda ikkita bug'-gaz qurilmasi o'rnatildi.

Konferensiyada yaponiyalik tadbirkorlar O'zbekistonda zamonaviy talablarga ko'ra shaharsozlik ishlarini olib borilishining rivojlanishi, infratuzilmalarning mukammallashtirilishi iqtisodiyot taraqqiyot omili bo'ladi, deya ta'kidladilar. Infratuzilma ob'eklarini modernizatsiyalash, avtomobil va temir yo'l tizimlarini rivojlantirish, axborot-kommunikatsion texnologiyalar, tabiiy ofatlarning oldini olish va boshqa sohalarda o'zaro foyda keltiradigan loyihalarni amalga oshirish bo'yicha takliflar berildi.

Konferensiya doirasida O'zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojalanish vazirligi hamda Yaponiyaning Yer, infratuzilmalar, transport va turizm vazirligi o'rtasida o'zaro anglashuv memorandumi imzolandi.

 

O'z SSP Axborot xizmati