01.06.2019 549

O'zbekiston – Rossiya qo'shma komissiyasining birinchi majlisi boshlandi.


O'zbekiston bilan Rossiya o'rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikning yangi shakli sifatida qayd etilayotgan ushbu tadbirda hukumatlar a'zolari, tegishli vazirlik va idoralar, yetakchi iqtisodiy tuzilmalar rahbarlari ishtirok etmoqda.

Majlis hukumat rahbarlarining tor doiradagi uchrashuvi bilan boshlandi.

O'zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov va Rossiya Federatsiyasi Hukumati Raisi Dmitriy Medvedev O'zbekiston bilan Rossiya o'rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari, do'stlik ruhidagi ko'p qirrali amaliy hamkorlik jadal rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi. 

Ikki davlat Prezidentlarining muntazamlik kasb etgan uchrashuv va muloqotlar mamlakatlarimiz vazirlik va idoralari, hududlari o'rtasida sheriklik munosabatlarini amaliy mazmun bilan boyitayotgani ta'kidlandi. Turli darajadagi delegatsiyalar almashuvlari va hududlararo hamkorlik faollashgani savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, ilmiy-texnik va madaniy-gumanitar aloqalarni yuqori darajada davom ettirish uchun qulay zamin yaratmoqda.

– O'zbekiston bilan Rossiya o'rtasidagi o'zaro manfaatli va do'stona munosabatlar hududlararo hamkorlik kengayayotganida o'z ifodasini topmoqda. O'tgan yili ilk bor O'zbekiston – Rossiya hududlararo hamkorlik forumi tashkil etildi. Uning doirasida hududlar rahbarlari va tadbirkorlar hamkorlikning aniq yo'nalishlarini belgilab oldi. Bugungi uchrashuv ushbu ishlarni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqish imkonini berishiga ishonaman, – dedi O'zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov.

Rossiya Federatsiyasi Hukumati Raisi Dmitriy Medvedev O'zbekistonga kelish taklifi uchun minnatdorlik bildirib, hududlararo hamkorlik mamlakatlarimizning o'zaro munosabatlarini yangi yo'nalishlar hisobiga kengaytirishga xizmat qilayotganini alohida ta'kidladi. Bugungi kunda ikki davlatning 80 ga yaqin hududi o'rtasida faol sheriklik o'rnatilgani qayd etildi.

Majlisda ikki tomonlama hamkorlik, jumladan, savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilinyapti.