03.06.2019 535

SSP raisi A.Ikramov raxbarligidagi Respublika ishchi guruhi Surxondaryo viloyatida bo'lib, tadbirkorlar bilan uchrashmoqda.


Prezidentimizning joriy yil 14 maydagi “Tadbirkorlik faoliyatini qo'llab-quvvatlash va himoya qilish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi farmoni mazmun-mohiyatini joylarda keng tushuntirish va uchrashuvlar o'tkazish bo'yicha SSP raisi A.Ikramov boshchiligidagi Respublika ishchi guruhi Surxondaryo viloyatida bo'lib, tadbirkorlar bilan uchrashmoqda.

Farmon ijrosini ta'minlash uchun Bosh vazir tomonidan tasdiqlangan “Yo'l xaritasi” ishlab chiqilib, uni izchil amalga oshirish chora-tadbirlari belgilab olindi. Jumladan, O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi A.Ikromov rahbarligidagi Respublika ishchi guruhi a'zolarining Termiz shahrida o'tkazgan uchrashuvida respublika va viloyatdagi mutasaddi idoralar rahbarlari, Termiz, Qumqo'rg'on, Jarqo'rg'on, Angor tumani va Termiz shahri tadbirkorlari ishtirok etdi.

Uchrashuvda ushbu hujjatning mazmun-mohiyati, mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy yuksaltirishdagi o'rni tadbirkorlarga atroflicha tushuntirildi. Aholini tadbirkorlik faoliyatiga yanada kengroq jalb etishga to'sqinlik qiluvchi davlat organlarining tadbirkorlar bilan muloqot qilishining amaliy va shaffof tizimi yaratilmagani bilan bog'liq salbiy omillar tahlil qilindi.

Ishchi guruh vakillari tadbirkorlarning taklif va muammolarini tinglab, mas'ullar hamkorligida ularning yechimini topishga harakat qildi. Jumladan, Termiz shahrida yashovchi tadbirkor E.Samadov murojaat etib, qarindoshlari bilan o'z mablag'larini sarflab, to'rt qavatli zamonaviy inshoot barpo etganini aytdi. Uning maqsadi aholiga sifatli tibbiy xizmat ko'rsatishni yo'lga qo'ymoqchi. Buning uchun xorij davlatlarining zamonaviy uskunalarini sotib olishda kredit mablag'iga ehtiyoj sezmoqda. Shu tufayli u yangi loyiha uchun 250 ming dollar miqdorida kredit olishda yordam so'radi. Bu masalani Markaziy bank viloyat bosh boshqarmasi o'rganib, tez kunlarda hal etadigan bo'ldi.

– O'tgan yili tojikistonlik hamkorlarimiz bilan qo'shma korxona qurmoqchi bo'ldik, – deydi Jarqo'rg'on tumanida yashovchi A.Allaberdiev. – Bu yerda aholini siqilgan gaz bilan ta'minlashni mo'ljallaganmiz. Bu ishga qo'shni davlatdagi hamkorimiz 80 ming dollar sarmoya kiritdi. Shundan so'ng hokimlik qurilish uchun yer maydoni ajratmadi. Besh oydan buyon mahalliy rahbarlarga murojaat qilaverib, charchadim. Bizga kim yordam beradi?

Uchrashuvda bu masala ham Jarqo'rg'on tumani hokimi, arxitektura, yer kadastri va boshqa tegishli idoralar ishtirokida muhokama etildi. Yetti kunda tuman va viloyat darajasida hal etish tavsiya qilindi.

– Yangi tizim bo'yicha yetti kungacha masala o'z yechimini topmasa, Vazirlar Mahkamasida hal etiladi, – deydi O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi, ishchi guruh rahbari A.Ikromov. – Adolat oqsamasa, shaffoflik bo'lsa, bu tizim yaxshi ishlaydi. Bugun murojaatlarni eshitib, ularning aksariyati shahar, tuman darajasida yechiladigan muammolar ekani ma'lum bo'lib qoldi. Bu ishning yechimini izlab, tadbirkor necha rahbarning eshigida sarg'aygan. Chunki hozirgacha ularning dardu tashvishlarini birgalikda tinglab, to'g'ri hal etadigan mexanizm yo'q edi.

Mutaxassislar tomonidan kun davomida o'ttizdan ortiq tadbirkorning murojaati tinglanib, yechimini topish choralari ko'rildi. Aksariyati joyida hal etildi.

Tadbirda Surxondaryo viloyati hokimi T.Bobolov ishtirok etdi.