03.06.2019 840

“Tashabbus – 2019” ko'rik-tanlovining Surxondaryo viloyati bosqichi bo'lib o'tdi.


31 may kuni Termiz tumanidagi “Otchopar” maydonida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun tadbirkorlar, fermerlar va hunarmandlar o'rtasida a'nanaviy tarzda o'tkazilib kelinayotgan “Tashabbus – 2019” ko'rik-tanlovining Surxondaryo viloyati bosqichi bo'lib o'tdi.

O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasi, viloyat fermerlar kengashi va “Hunarmand” uyushmasi viloyat bo'limi va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan tanlovda 69 ta tadbirkorlik sub'ekti tomonidan to'qimachilik va tikuvchilik, qurilish sanoati, xomashyoni qayta ishlash, qishloq xo'jaligi, mahalliylashtirish dasturiga kirgan mahsulotlar, milliy hunarmandlik buyumlari namoyish etildi.

Surxondaryo viloyati yalpi hududiy mahsuloti tarkibida ham tadbirkorlik sub'ektlarining ulushi ortmoqda. 2018 yilda bu ko'rsatkich 79,4 foizni tashkil etdi. Ayni paytda viloyatda faoliyat yuritayotgan 22,5 mingdan ziyod kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'ekti tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar hajmi va turi yil sayin kengayib, sifati oshmoqda. Bu tanlov doirasida tashkil etilgan ko'rgazmalarda ham yaqqol namoyon bo'ldi.

Tanlovda Oltinsoy tumanidagi “Sulton sharbatlari” agrofirmasi rahbari Ikrom Sultonov “Sanoat sohasida yilning eng yaxshi tadbirkori”, Denov tumanidagi “Denov-Diyorbek-trans” MCHJ rahbari Mahbuba Mirzaeva “Xizmat ko'rsatish sohasida yilning eng yaxshi tadbirkori”, boysunlik Nazokat Sobirova “Yilning eng yaxshi yosh tadbirkori”, Denov tumanidagi “Mehnat - farovon hayot” fermer xo'jaligi rahbari Abdusamad Norboev “Yilning eng yaxshi fermeri”, Boysun tumanidan tadbirkor Sanobar Aripova “Yilning eng yaxshi hunarmandi” yo'nalishlarida g'oliblikni qo'lga kiritdi va tanlovning Respublika bosqichiga yo'llanma oldi.

Shuningdek, tanlovda “Eng yaxshi tadbirkor ayol”, “Eng yaxshi innovatsion loyiha”, “Yoshlarga eng ko'p ish joyi yaratgan tadbirkor”, “Eng yaxshi oilaviy biznes sohibi”, “Eng yaxshi eksportchi”, “Eng mas'uliyatli ijtimoiy sherik”, “Yilning eng yaxshi mahsuloti”, “Eng yaxshi ko'rgazma namoyishi uchun”, “Turizm sohasi rivojiga qo'shgan hissasi uchun” va “Mening yurtim – mening iftixorim” kabi nominatsiyalar bo'yicha ham g'oliblar aniqlanib, tashkilotchilar tomonidan munosib rag'batlantirildi.

 

O'z SSP Axborot xizmati