07.06.2019 506

Doing Business with Namangan-2019” Xalqaro investitsiya forumiga start berildi


Bugun, 7-iyun kuni Namangan shahridagi “Shodiyona” majmuasida “Doing Business” with Namangan-2019” Xalqaro investitsiya forumi boshlandi. Forum doirasida namanganlik ishlab chiqaruvchilar mahsulotlari ko’rgazmasi bo’lib o’tadi.

Forumni O’zbekiston Respublikasi Bosh vazir o’rinbosari Aziz Abduhakimov ochib berdi. Shu bilan birga, tadbirda Savdo-sanoat palatasi raisi Adham Ikromov ishtirok etib, O'zbekistonning investitsion salohiyati va xorijiy davlatlar bilan o'zaro hamkorlikga doir taqdimoti bilan qatnashmoqda.

Forumda Turkiya, Hindiston, Xitoy, Rossiya, Germaniya, BAA, Fransiya kabi 40 ga yaqin xorijiy davlatning 300 dan ziyod vakillari va 18 elchi qatnashmoqda.

Bundan tashqari, tadbirda diplomatik korpuslar hamda qator xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishmoqda.

Forum doirasida 300 million dollardan ortiq qiymatga ega investitsion bitimlar paketi va shartnomalar imzolanishi kutilmoqda.

Tadbir doirasida “Hyundai”, “Evergreen International”, “Bin Hamoodah Group”, “Phoenix Global DMCC”, “Ramada”, “Schneider Electrics”, “Daewon Wool Textile”, “SUEZ”, “Deutsche Bank”, “SixClouds Pte” kabi yetakchi kompaniyalar vakillaridan iborat xorijiy ishbilarmon doiralari bilan uchrashuvlar o’tkaziladi.

Ta’kidlash joizki, biznes-forumning chet ellik ishtirokchilari bugun ertalab Namanganga yetib kelishdi. “Doing Business with Namangan-2019” Xalqaro investitsiya forumida ishtirok etish uchun viloyatga tashrif buyurgan xorijiy davlatlarning O‘zbekistondagi diplomatik missiyalari, nufuzli ishlab chiqarish, savdo, transport, xizmat ko‘rsatish kompaniyalari, yirik sarmoyadorlar va biznes doiralari vakillari Namangan xalqaro aeroportida o‘zbekona mehmondo‘stlik udumlariga ko’ra tantanali kutib olindi.