14.06.2019 1376

O'z SSPda 4 ta mamlakat ishbilarmon doira vakillari ishtirokida onlayn-videokonferensiya bo'lib o'tdi.


O'zbekiston Respublikasi va Amerika Qo'shma Shtatlari o'rtasida ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida hamda AQSH ga bo'lgan O'zbekistonlik delegatsiya vakillari tashrifidan so'ng erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish maqsadida  AQSH-O'zbekiston savdo palatasi (AUTP) bilan hamkorlikda 2019 yil 13-iyun kuni O'zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasida “Markaziy Osiyo va AQSH o'rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikning rivoji” mavzusida onlayn-videokonferensiya (vebinar) bo'lib o'tdi.

Onlayn-videokonferensiyada O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Adxam Ikromov, AQSH-O'zbekiston savdo palatasi ijrochi direktori Elena Son, diplomatik korpus vakillari hamda O'zbekiston, Qirg'iziston va Tojikiston davlatlarining 50 dan ortiq ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etishdi.

O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur tadbir AQSH ishbilarmon doiralari vakillari bilan birgalikda biznes loyihalarini moliyalashtirish va amalga oshirish sohasida biznesni rivojlantirishga tayyor bo'lgan o'zbek tadbirkorlarini qo'llab-quvvatlashga qaratilgan.

Onlayn-videokonferensiya davomida shuningdek, AQSH moliya instituti vakillari tomonidan xorijiy biznes loyihalari amalga oshirish uchun mavjud resurslar va moliyalashtirish dasturlari haqida taqdimotlar o'tkazdilar.

Xususan, AQSH kichik biznesni moliyalashtirish Administratsiyasining mintaqaviy menejeri janob Bill Xouk o'z taqdimotida o'zbek kompaniyalarining tashqi savdo aylanmasini amalga oshirishda, xalqaro ko'rgazmalarda va yarmarkalarda ishtirok etishlari, shuningdek, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish uchun maxsus veb-saytlar yaratish muhimligini ta'kidladi.

Bundan tashqari, AQShning Xususiy xorij investitsiyalari korporatsiyasining (Overseas Private Investment Corporation – OPIC) xalqaro hamda kichik va o'rta biznes loyihalarini moliyalash bo'yicha direktori Tara Bleyk o'zining taqdimotida xususiy kompaniyalarga to'g'ridan-to'g'ri kreditlar va AQSH kapitali bilan xorijiy kompaniyalarga kredit kafolatlarini berish orqali moliyaviy qo'llab-quvvatlash uchun innovatsion echimlar taklif etdi.

Shuningdek, «WCC International» boshqaruvchi direktori Elshan Baloglanovning Amerika bozoriga chiqish uchun tovarlarni sertifikatlash uchun resurslar haqida taqdimot o'tkazdi.

Tadbirdan so'ng 4ta mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari qo'shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollarini, shuningdek ko'p tomonlama hamkorlikning o'zaro manfaatli rivojlanishini muhokama qildilar.

 

O'z SSP Axborot xizmati