31.03.2016 4035

XIV Xalqaro “Ta’lim va mutaxassislik” ko‘rgazmasi o‘z ishini boshladi


Joriy yilning 31 mart kuni O‘zbekiston “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, Oliy va o‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi vazirligi, O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi hamda Mehnat vazirligi bilan hamkorlikda Toshkent shahridagi “Yoshlar ijod saroyi”da XIV xalqaro “Ta’lim va mutaxassislik” ko‘rgazmasi ish boshladi. Mazkur ko‘rgazma 3 kun (31 martdan 1-2 aprelgacha) davomida o‘tkaziladi.

“Ta’lim va mutaxassislik” xalqaro ko‘rgazmasi mamlakatimizdagi hamda dunyodagi etakchi ta’lim muassasalarida mavjud bo‘lgan kasb va mutaxassislik yo‘nalishlari bilan yoshlarni tanishtirish, kasb tanlashga ko‘maklashish, hukumatimiz tomonidan ta’lim sohasida yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlarni targ‘ib qilish, bo‘sh ish o‘rinlari haqida yoshlarga ma’lumotlar berish, ularning bandligini ta’minlash maqsadida bir necha yillardan buyon tashkil etib kelinmoqda.

O‘zbekiston “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati Vasiylik Kengashi majlisining 2015 yil 10 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida 2016 yilda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar Dasturi”ning 33-bandiga asosan o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari o‘quvchilarini kasbga yo‘naltirish, o‘qishini davom ettirish va ish bilan ta’minlanishiga ko‘maklashish maqsadida “Ta’lim va mutaxassislik” ko‘rgazmalari tashkil etilmoqda.

Mazkur ko‘rgazmada O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan oliy ta’lim muassasalari, xorijdagi nufuzli oliy o‘quv yurtlari va ularning O‘zbekistondagi filiallari, xorijda ta’lim olishga ko‘maklashuvchi tashkilotlar, o‘quv kurslari hamda bandlikka ko‘maklashuvchi markazlar ishtirok etadilar.

Shuningdek, ko‘rgazmada Toshkent shahridagi bandlikka ko‘maklashuvchi markazlar hamda respublikamizda faoliyat yuritayotgan davlat va nodavlat tashkilotlar, yirik kompaniyalarda mavjud bo‘sh ish o‘rinlari haqida ma’lumotlar beriladi.

Bugungi kungacha o‘tkazilgan “Ta’lim va mutaxassislik” xalqaro ko‘rgazmasiga tashrif buyuruvchilar soni 160 ming nafardan ortiqni tashkil etib, tashrif buyuruvchilarning asosiy qismini 14-25 yoshdagi yoshlarni tashkil etmoqda.

“Ta’lim va mutaxassislik” XIV xalqaro ko‘rgazmasida Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster universiteti, Singapur menejmentni rivojlantirish instituti hamda Malayziya, AQSh, Xitoy, Latviya, Angliya, Vengriya, Ispaniya, Rossiya, Kanada, Shveytsariya, Singapur kabi davlatlarning o‘quv yurtlari ishtirok etmoqdalar.