26.07.2019 1916

Xalqaro hunarmandchilik festivali mehmonlarni chorlamoqda


Qo'qon shahrida joriy yilning 10-15 sentyabrida bo'lib o'tadigan Xalqaro hunarmandchilik festivaliga qizg'in tayyorgarlik ko'rilmoqda. 

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 1 noyabrdagi “Xalqaro hunarmandchilik festivalini o'tkazish to'g'risida”gi hamda Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 27 noyabrdagi “Xalqaro hunarmandchilik festivalini o'tkazishning tashkiliy chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarorlari bu borada dasturilamal bo'lmoqda.

Shahar ahli katta shodiyonaga uzoq-yaqin xorij davlatlari, mamlakatimizning barcha hududlaridan tashrif buyuradigan mehmonlarni o'ziga xos tarzda kutib olishga alohida hozirlik ko'rayotir.

Festival dasturiga binoan xorijiy va mahalliy hunarmandlarning ko'rgazma-savdosi, ko'rik-tanlovi, mahorat darslari, ilmiy-amaliy konferensiya hamda folklor-etnografik guruhlarining chiqishlari bo'lib o'tadi.

Turli xalq o'yinlari, teatr tomoshalari, an'anaviy kurash, chavandozlik, qo'g'irchoqbozlar hamda mahalliy dizaynerlarning moda namoyishlari, palov tayyorlash, o'zbek an'anaviy musiqa va raqs konsert dasturlari o'tkaziladi.

E'tiborlisi, festivalda qatnashish istagini bildirayotgan mehmonlar soni kun sayin ortib bormoqda.