01.08.2019 255

O'z SSP yana bir normativ-huquqiy hujjat loyihasini ekspertizadan o'tkazdi


Tadbirkorlik sub'ektlari huquqlari va qonuniy manfaatlarini ifoda etuvchi, shu jumladan, ular faoliyatiga normativ-huquqiy hujjatlar ta'sirini baholovchi vakolatli organ sifatida Savdo-sanoat palatasi tomonidan Jamoatchilik ekspertizalari o'tkazilib, salbiy hamda ijobiy xarakterdagi Xulosalar berib kelinmoqda.

Xususan, joriy yilning o'tgan davri mobaynida 542 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasi Ekspertlar kengashlari tomonidan ko'rib chiqilib, ulardan 288 tasiga salbiy xarakterdagi Jamoatchilik ekspertizasi xulosalari berildi.

Misol uchun, O'zbekiston Respublikasi Transport vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan Vazirlar Mahkamasining “Avtomobillarda yo'lovchi tashish yo'nalishlari bo'yicha ochiq tenderlar tashkil etish to'g'risida”gi  Qarori loyihasi  jamoatchilik ekspertizasidan  o'tkazilib, u yuzasidan quyidagicha Jamoatchilik ekspertizasi xulosasi berildi:

1. Loyiha 1-ilovasi 3-bandi uchinchi xatboshiga ko'ra, “Vakolatli organ – Komissiya ishini muvofiqlashtiruvchi, ularning faoliyatini tashkiliy-texnik ta'minlovchi, komissiya qarori asosida tenderda g'olib bo'lgan tashuvchilar bilan yo'nalishga xizmat ko'rsatish hujjatlarini rasmiylashtiruvchi va shartnoma shartlari hamda yo'nalish talablariga rioya etilishini nazorat qiluvchi davlat boshqaruv organi yoki uning hududiy boshqarmasi”, - deb belgilangan.

Ammo, bunda vakolatli organ aynan qaysi davlat boshqaruv organi ekanligi aniq nazarda tutilmagan.

Bu esa, amaliyotda noaniqliklarni keltirib chiqaradi.

Shu sababli, mazkur bandda vakolatli organ aynan qaysi davlat boshqaruv organi ekanligini ko'rsatish lozim.

2. Loyiha 1-ilovasi 3-bandi to'rtinchi xatboshiga ko'ra, “Tashuvchi – mulk huquqi yoki boshqa ashyoviy huquqlar asosida avtotransport vositasiga ega bo'lgan, tijorat asosida yo'lovchilar va bagaj tashish xizmatini ko'rsatadigan hamda bunga maxsus ruxsatnomasi bo'lgan yuridik shaxs”, - deb belgilangan.

Bunda, maxsus ruxsatnoma tushunchasi amaliyotda turlicha talqin qilinishi, tadbirkorlik sub'ektlaridan ortiqcha hujjatlarning talab qilinishiga olib kelishi mumkin.

Zero, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 2001 yil 12 maydagi 222-II-sonli qarori bilan tasdiqlangan. Amalga oshirilishi uchun litsenziyalar talab qilinadigan faoliyat turlarining ro'yxatiga ko'ra, avtomobil transportida yo'lovchilarni va yuklarni shaharda, shahar atrofida, shaharlararo va xalqaro yo'nalishlar bo'yicha tashish litsenziya asosida amalga oshiriladi.

Shuningdek, loyiha 1-ilovasining 8-bandida avtomobil transportida shahar, shahar atrofi, shaharlararo yo'lovchilar tashishlarni amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyaga ega bo'lgan har qanday yuridik shaxs ochiq tenderda ishtirok etishi mumkinligi belgilangan.

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, mazkur xatboshini quyidagi tahrirda bayon etish tavsiya etiladi:

 “Tashuvchi – mulk huquqi yoki boshqa ashyoviy huquqlar asosida avtotransport vositasiga ega bo'lgan, tijorat asosida yo'lovchilar va bagaj tashish xizmatini ko'rsatadigan hamda bunga litsenziyasi mavjud bo'lgan yuridik shaxs”.

3. Loyiha 1-ilovasi 3-bandi o'ninchi xatboshiga ko'ra, “Shartnoma–tashuvchi hamda buyurtmachi o'rtasida muayyan muddatga imzolanadigan, yo'nalishda yo'lovchi tashish xizmatlarini ko'rsatish huquqini beruvchi yuridik hujjat”, - deb belgilangan.

Ammo, loyihada buyurtmachi kim ekanligi aniq nazarda tutilmagan. Bu esa, amaliyotda noaniqliklarga olib kelishi mumkin.

Shu bois, loyiha 1-ilovasida buyurtmachi kim ekanligini aniq belgilab o'tish, ushbu tushunchaga ta'rif berish tavsiya etiladi.

4. Loyiha 1-ilovasi 6-bandi beshinchi xatboshiga ko'ra, vakolatli organning vakolatlaridan biri sifatida “tender g'olibining har bir avtotransport vositasiga ruxsatnomalarni berish” belgilangan.

Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 5 dekabrdagi 994-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Avtomobil transportida yo'lovchilarni hamda yuklarni shaharda, shahar atrofida, shaharlararo va xalqaro yo'nalishlar bo'yicha tashish faoliyatini litsenziyalash to'g'risida”gi Nizomning 9-bandi “v” kichik bandiga ko'ra, “litsenziat foydalanayotgan har bir avtotransport vositasi uchun litsenziya kartochkasi mavjud bo'lishi” litsenziya talablari va shartlaridan biri sifatida belgilangan.

Demakki, tender g'olibining har bir avtotransport vositasi uchun ruxsatnomasi u mazkur faoliyat uchun litsenziya olgan vaqtda mavjud bo'ladi va bunday ruxsatnomani tender o'tkazilgandan so'ng qaytadan olish zarurati bo'lmaydi.

Shu bois, loyiha 1-ilovasining 6-bandi beshinchi xatboshisi hamda 37-39-bandlarni chiqarib tashlash tavsiya etiladi.

5. Loyiha 1-ilovasining 16-bandiga ko'ra, “Zarurat bo'lganda, tenderlar o'tkazish bo'yicha amaliy tajriba to'planishiga qarab, Komissiya tenderlarni tashkil etish tartibotiga asoslangan holda o'zgartirishlar kiritilishi mumkin”, - deb belgilangan.

Mazkur norma aniq ifodalanmagan, unda mazmun anglashilmagan.

Bundan tashqari, tenderni tashkil etish va o'tkazish tartibi Vazirlar Mahkamasi qarori bilan tasdiqlanayotganligi e'tiborga olinsa, unga o'zgartirishlar kiritish ham aynan Vazirlar Mahkamasi qarori asosida amalga oshirilish lozim.

Ushbulardan kelib chiqib, yuqoridagi bandni chiqarib tashlash tavsiya etiladi.

6. Loyiha 1-ilovasining 18-bandida “Tender bo'yicha yo'nalishlar e'lon qilinganidan keyin tender davomida yo'nalish bo'yicha kelib tushgan takliflar komissiya tomonidan ko'rib chiqilmagunga qadar yo'nalish talablariga o'zgartirishlar kiritishga yo'l qo'yilmaydi”, - deb belgilangan.

Bunda, yo'nalish talablariga o'zgartirishlar kiritish takliflar komissiya tomonidan ko'rib chiqilgandan so'ng amalga oshirilishi belgilangan. Ya'ni, bunda ko'rinadiki, takliflar qabul qilingandan so'ng, talabgorlarni xabardor qilmasdan yo'nalish talablariga o'zgartirishlar kiritish mumkin.

Ammo, bu amaliyotda salbiy oqibatlarni keltirib chiqarishi, korrupsiogen faktorlarga yo'l ochishi mumkin.

Zero,  O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligining 2018 yil 15 maydagi 185-son buyrug'i bilan tasdiqlangan “Xarid qilish tartib taomillarini tashkil etish va o'tkazish tartibi to'g'risida”gi Nizomning 146-148-bandlariga ko'ra, “Zarur bo'lgan hollarda buyurtmachi tomonidan tender hujjatlariga o'zgartirishlar kiritish haqidagi qaror qabul qilinishi mumkin. Tenderda ishtirok etish uchun takliflar berish muddati tugaydigan sanadan kamida uch kun oldin tender hujjatlariga o'zgartishlar kiritish to'g'risida qaror qabul qilishga haqli. Tender hujjatiga o'zgartirish takliflar berish muddati tugayotganda kiritilgan taqdirda, tender tender hujjatlariga o'zgartishlar kiritilgan sanadan e'tiboran o'n kundan kam bo'lmagan muddatga uzaytirilishi lozim”, - deb belgilangan.

Ushbulardan kelib chiqib, yuqoridagi normani qayta ko'rib chiqish tavsiya etiladi.

7. Loyiha 1-ilovasining 21-bandiga ko'ra, “Talabgorlar tender hujjatlari paketini olish yuzasidan vakolatli organga yozma yoki elektron shaklda buyurtmanoma berishlari kerak. Buyurtmanomalar berish, tender paketi uchun to'lovlarni amalga oshirib, tender hujjatlarini olish uchun belgilangan muddat tender o'tkaziladigan sanadan 5 kun oldin tugaydi”, - deb belgilangan.

Mazkur norma orqali tender hujjatlari paketini taqdim etganlik uchun to'lov undirilishi nazarda tutilgan.

Ammo, yuqoridagi normaga ko'ra, talabgorlar tender hujjatlari paketini olish yuzasidan vakolatli organga yozma yoki elektron shaklda buyurtmanoma berishlari mumkinligi belgilangan.

Yuqoridagi nizom 144-moddasiga ko'ra, “Tasdiqlangan tender hujjatlari, shartnoma loyihasi, shuningdek tender o'tkazilishi to'g'risidagi e'lon tender ishtirokchilaridan takliflarni qabul qilish muddati tugaydigan sanadan kamida o'ttiz kun oldin va ko'pi bilan qirq besh kun oldin portalga buyurtmachi tomonidan joylashtiriladi”. Biroq, mazkur nizomda tender hujjatlari uchun to'lovlar undirilishi nazarda tutilmagan.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, loyiha 1-ilovasida tender hujjatlari paketini portal yoki rasmiy veb-saytda joylashtirish hamda uni olganlik uchun to'lov undirilmasligini nazarda tutish tavsiya etiladi.

8. Loyiha 1-ilovasida tender g'olibiga uni tenderda g'olib bo'lganligini tasdiqlovchi biror rasmiy hujjat yoxud tender bo'yicha yutilgan ushbu yo'nalishda ishlash huquqini tasdiqlovchi guvohnoma berilishi nazarda tutilmagan.

Zero, amaldagi qonunchilik (Vazirlar Mahkamasining 1998 yil
17 avgustdagi 350-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Shaharda yo'lovchilar tashish yo'nalishlarini joylashtirish uchun ochiq tenderlar tashkil etishga oid” Nizom 31-bandi) talablariga ko'ra, tender g'olibiga tender bo'yicha yutilgan ushbu yo'nalishda ishlash huquqini tasdiqlovchi guvohnoma berilishi belgilangan.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, loyiha 1-ilovasida tender g'oliblariga tender bo'yicha yutilgan ushbu yo'nalishda ishlash huquqini tasdiqlovchi guvohnoma berilishini nazarda tutish tavsiya etiladi.

9. Loyiha 1-ilovasining 35-bandiga ko'ra, “Tender g'olibining takliflarini haqqoniyligi tasdiqlanganidan keyingina unga yo'nalishga xizmat ko'rsatish huquqi shartnoma asosida beriladi. Tender g'olibi vakolatli organning mas'ul xodimlariga takliflarni haqqoniyligini tekshirishi uchun avtotransport vositalarini oldindan kelishilgan manzilga olib keladi. Takliflarini haqqoniyligini tekshirish tender g'olibi aniqlanganidan keyin 7 ish kuni ichida amalga oshiriladi”, - deb belgilangan.

Ammo, bunda talabgorlarga ortiqcha majburiyatlar yuklash nazarda tutilgan. Bu esa, ortiqcha sarsongarchiliklarga olib keladi.

Shu sababli, tender g'olibining takliflari haqqoniyligini o'rganish vakolatli organning mas'ul xodimlari tomonidan joyiga chiqib, tadbirkorlik sub'ekti faoliyatiga aralashmagan holda amalga oshirilishini nazarda tutish tavsiya etiladi.

10. Loyiha 1-ilovasining 40-bandiga ko'ra, “Qatnashchi tender g'olibi deb topilgan kundan 10 ish kuni ichida shartnomani imzolashi kerak”, - deb belgilangan.

Bunda, shartnoma taraflaridan faqat tender g'olibigagina shartnomani 10 ish kuni ichida imzolash majburiyati yuklatilgan. Ammo, bu shartnoma taraflarining teng majburiyati bo'lib, uning aniq bir muddat bilan chegaralanishi taraflar uchun birday belgilanishi lozim.

Bundan tashqari, yuqorida keltirilgan bandda takliflarning haqqoniyligini tekshirish tender g'olibi aniqlanganidan keyin 7 ish kuni ichida amalga oshirilishi belgilangan bo'lib, bu o'z navbatida yuqoridagi 10 kunlik muddatni qisqartiradi.

Shu bois, loyiha 1-ilovasida shartnomani imzolanishi har ikki taraf (tender g'olibi va vakolatli organ) uchun birdek majburiy bo'lishini nazarda tutish hamda uning chegaraviy muddatini 30 kunlik muddat qilib belgilash tavsiya etiladi.

11. Loyiha 2-ilovasining 7-bandiga ko'ra, “Milliy tashuvchiga xalqaro yo'nalishda yo'lovchi tashish huquqi berilganligini tasdiqlovchi “guvohnoma” hamda tashuvchining har bir avtotransport vositasi uchun xalqaro yo'nalishda qatnovlarni amalga oshirish huquqini beruvchi ruxsatnoma beriladi”, - deb belgilangan.

Mazkur Xulosa 4-bandida keltirilganlarni inobatga olib, yuqoridagi banddan “hamda tashuvchining har bir avtotransport vositasi uchun xalqaro yo'nalishda qatnovlarni amalga oshirish huquqini beruvchi ruxsatnoma” jumlasini hamda loyiha 2-ilovasining 11- va 13-bandlarini chiqarib tashlash tavsiya etiladi.

12. Loyiha 2-ilovasining 9-bandiga ko'ra, “Guvohnoma quyidagi muddatlarga beriladi:

xalqaro yo'nalishlarda yo'lovchi tashish huquqini olish uchun ilk bor ariza bergan milliy tashuvchilar uchun 1 yilga;

avval berilgan guvohnomaning amal qilish muddati tugashi munosabati bilan milliy tashuvchilar uchun 5 yilga (agar tashuvchi arizasida kamroq muddat ko'rsatilmagan bo'lsa)”.

Bunda guvohnomaning amal qilish muddati ikki toifaga asossiz ajratilgan hamda bir yillik muddat qisqa belgilangan.

Shu bois, milliy tashuvchilarga xalqaro yo'nalishlarda yo'lovchi tashish huquqini beruvchi guvohnomaning muddatini umumiy 5 yildan kam bo'lmagan muddatga deb belgilash tavsiya etiladi.

13. Loyiha 2-ilovasining 12-bandiga ko'ra, “Xalqaro yo'nalishda yo'lovchi tashish xizmatlarini ko'rsatish yuzasidan vazirlik va milliy tashuvchi o'rtasida shartnoma imzolanadi”, - deb belgilangan.

Bunda, mazkur masalada ortiqcha byurokratik to'siq yaratish nazarda tutilgan. Zero, xalqaro yo'nalishlarda yo'lovchi tashishda guvohnomaning o'zi faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi yagona asos sifatida qabul qilinishi maqsadga muvofiqdir, ya'ni qo'shimcha ravishda shartnoma tuzilishiga ehtiyoj mavjud emas.

Shu bois, loyiha 2-ilovasining 12-bandi, 14-bandi to'rtinchi xatboshi va 15-bandi uchinchi xatboshini chiqarib tashlash tavsiya etiladi.

 

O'z SSP Axborot xizmati