22.08.2019 539

NIZOLARNI MUQOBIL HAL QILISHNING DOLZARB VAZIFALARI


O'zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi va Palata huzuridagi Hakamlik sudi tomonidan AQSH xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID)ning O'zbekistonda  sud-huquq islohotlari bo'yicha dasturi doirasida  2019 yil  21 avgustda Nukus shahrida “Tadbirkorlik sub'ektlarining huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda hakamlik sudlari va mediatsiyaning roli” mavzusida ilmiy-amaliy seminar o'tkazildi.  

Seminarda O'zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi va uning Qoraqalpog'iston Respublikasi hududiy boshqarmasi huzuridagi Hakamlik sudlari sudyalari, Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, prokuraturasi, adliya vazirligi, fuqarolik ishlari bo'yicha va iqtisodiy sudlari sudyalari va mas'ul xodimlari, “Tadbirkor ayol” uyushmasi faollari, advokatlar, tadbirkorlar, kollejlar o'qituvchilari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.

Anjumanda “O'zbekistonda nizolarni muqobil hal qilish: huquqiy asoslari va rivojlanish bosqichlari”, “Xorijiy davlatlarda mediatsiya: huquqiy asoslari va amaliyot”, “Hakamlik sudlarida iqtisodiy nizolarni hal qilishning o'ziga xos xususiyatlari”, “Hakamlik muhokamasining afzalliklari va hakamlik sudlarida ish yuritish tartibi”, “Nizolarni sudgacha hal qilishda mediatsiyaning o'rni” mavzularida huquqshunos olimlar va  mazkur sohaning tajribali  mutaxassislari ma'ruzalar qildilar.

O'zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi huzuridagi Hakamlik sudining raisi,  yuridik fanlar doktori Foziljon Otaxonov o'z ma'ruzasida nizolarning muqobil hal qilish usullarining huquqiy asoslari yaratilganligi, jumladan hakamlik sudlari va mediatsiya to'g'risida maxsus qonunlar qabul qilinganligini ta'kidladi.

Ilmiy-amaliy seminarda ta'kidlanganidek mamlakatimizda tadbirkorlik, tijorat va xususiy sektorga nisbatan munosabatlarni tubdan o'zgartirish, ularning huquqlarini poymol qilinishiga yo'l qo'ymaslik, qonuniy manfaatlari himoyasini ta'minlashga qaratilgan huquqiy himoya qilish tizimi shakllantirildi va uning tashkiliy mexanizmi takomillashib bormoqda.

Huquqni qo'llash amaliyotida, ijtimoiy hayotda turli sub'ektlarning manfaatlari to'qnashuvi, ular o'rtasida bahs-munozaralar va nizolar kelib chiqishi tabiiy. Nizolarni hal etish tizimi ularni sud orqali va muqobil usullar bilan hal qilishni o'z ichiga oladi.

So'nggi yillarda nizolarni muqobil usullar orqali hal etishga katta  e'tibor berilmoqda. Nizolarni muqobil hal qilish usullariga xususan quyidagilar kiradi:   muzokara; talabnoma, mediatsiya, hakamlik sudlari va xalqaro tijorat arbitraji. 

Xususan, O'zbekiston Respublikasining  “Hakamlik sudlari to'g'risida”gi Qonunida hakamlik sudlari faoliyatining asosiy prinsiplari,  ularni tashkil etish va hisobini yuritish tartibi, mazkur sudlar tomonidan hal etiladigan nizolar, hakamlik bitimi shakli va mazmuni, hakamlik sudyasiga qo'yiladigan talablar, hakamlik sudining tarkibini shakllantirish, nizoni hakamlik sudida hal qilish bilan bog'liq xarajatlar, hakamlik muhokamasi, hakamlik sudining hujjatlari, hakamlik sudining hal qiluv qarori yuzasidan nizolashish va uni ijro etishga oid normalar belgilanganligini qayd qildi.

“Mediatsiya to'g'risida”gi Qonunda: mediatsiyaning maqsadi, asosiy prinsiplari, mediatorlarga qo'yiladigan talablar, mediatorlarning va medatsiya taraflarining huquq va majburiyatlari, mediatorlar reestrini yuritish tartibi, mediatsiya to'g'risida kelishuv, mediatsiya jarayoni, mediatsiya natijasiga nizoni hal qilinganligi to'g'risidagi kelishuvga oid normalar mustahkamlanganligi muhim ahamiyat kasb etmoqda.

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev raisligida  bo'lib o'tgan kichik biznes va tadbirkorlikni yanada rivojlantirish masalalariga bag'ishlangan videoselektor yig'ilishida qayd qilinganidek, xorijiy tajribada 70 foiz nizolar sudgacha hal etiladi. Chunki ishlarni sudda ko'rib chiqish katta xarajat va ko'p vaqt talab etuvchi jarayon hisoblanadi. Shu nuqtai nazardan, tadbirkorlar bilan bevosita ishlaydigan davlat idoralarida nizolarni sudgacha hal etish tuzilmalarini tashkil etish zarurligi, tegishli organlarga nizolarni muqobil hal qilish usullari bo'lgan hakamlik sudlari faoliyatini va mediatsiya institutini kengaytirish masalalarini nazarda tutuvchi qaror loyihasini ishlab chiqish topshirilganligi bejiz emas.

Nizolarni nafaqat davlat sudlari (fuqarolik ishlari bo'yicha sudlar, iqtisodiy sudlar), balki  hakamlik sudlari vositasida hal qilish ko'lami ham tobora kengayib bormoqda. Bunga sabab hakamlik sudlarida nizolarni ko'rishning quyidagi afzallik jihatlari mavjudligidir: taraflarda sudyani mustaqil tanlash imkoniyati mavjudligi;  nizolar bitta instansiyada hal etilishi; ish ko'rish qisqa muddatlarda amalga oshirilishi; hakamlik sudi xarajatlari nizolarni iqtisodiy va fuqarolik ishlari bo'yicha sudlarda ko'rish va hal etish uchun ketadigan sud xarajatlaridan kamligi;  hakamlik sudi muhokamasi maxfiy va oshkor qilinishi mumkin emasligi; hakamlik muhokamasi taraflarning kelishuviga muvofiq belgilanishi mumkinligiga e'tibor qaratildi.

Xususan, Rustam Shaymardonov seminar ishtirokchilarini e'tiborini hakamlik muhokamasining yuqoridagi afzalliklariga qaratgan holda Savdo-sanoat palatasi va uning hududiy boshqarmalari huzurida tashkil qilingan 15 ta Hakamlik sudlari tomonidan 2019  birinchi yarim yilligida  jami 4765 ta ishlar ko'rilgan bo'lib (2018 yilning shu davriga nisbatan da'vo arizalarining soni 2384 taga ya'ni 2 baravarga oshgan), da'vo summasi 93,2 mlrd. so'm, 638,9 ming AQSH dollari, 875 ming Yevroni  tashkil qilgan.

Ilmiy-amaliy seminar ishtirokchisi, yuridik fanlar nomzodi Gulzabira Yerniyazova munozarada ishtirok etib, mediativ kelishuvning huquqiy tabiatini chuqur ilmiy-nazariy tadqiqot o'tkazish orqali ochib berish lozimligiga e'tiborni qaratib, nizolarni muqobil hal qilishning tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan takliflarni ilgari surdi.

Savol-javoblarga boy bo'lgan ilmiy-amaliy seminarda ishtirokchilar o'zlarini qiziqtirgan masalalar bo'yicha fikr almashdilar, mediator va hakamlik sudyasi kasblariga o'z qiziqishlarini bildirdilar.

Seminar ishtirokchilari va ma'ruzachilar tomonidan  O'zbekistonda nizolarni muqobil hal qilishning  huquqiy asoslarini takomillashtirish, muzokaralar o'tkazish va talabnomalar yuborish orqali nizolarni hal qilish amaliyotini kengaytirish, mediatsiya markazlarini tashkil qilish, mediatorlarni tayyorlash bo'yicha tashkiliy tadbirlarni jadallashtirish,   nizolarni ko'rib chiqish bo'yicha hakamlik sudyalari o'rtasida tajriba almashish, hakamlik sudlari  hal  qiluv  qarorlari  ijrosini ta'minlash  kabi masalalar bo'yicha tavsiyalar ishlab chiqildi.

O'zSSP Axborot xizmati