10.09.2019 408

Xalqaro hunarmandchilik festivali mehmonlarni kutmoqda


Qo'qon shahrida xalqaro hunarmandchilik festivalini yuqori saviyada o'tkazish maqsadida tayyorgarlik ishlari to'liq yakunlandi.

Qadimiy maskanda bugun bayram shukuhi hukmron. Ko'chalar, xiyobonlar bayramona bezatilgan. Xalqaro miqyosdagi mazkur tadbirning Qo'qon shahrida o'tkazilayotgani bejiz emas. Chunki ushbu shahar qadim-qadimdan hunarmandchilik rivojlangan madaniy markazlardan biri bo'lib kelgan. Bu yerda hunarmandchilik va xalq amaliy san'atining turli yo'nalishlari yuksak darajada taraqqiy etgan. Ustoz-shogird an'analari, hunarmandlarning oilaviy sulolalari uning sir-asrorlarini ajdodlardan avlodlarga yetkazib kelmoqda. Bugungi kunda ham Qo'qon shahrida hunarmandchilik an'analari izchil rivojlanmoqda. Xususan, yog'och o'ymakorligi, qog'ozgarlik, chilangarlik, zargarlik kabi ko'plab turlari ravnaq topmoqda.

E'tiborli jihati, Jahon hunarmandchilik kengashining 2019 yil 23 iyuldagi qaroriga ko'ra, Qo'qon shahriga yog'och o'ymakorligi bo'yicha Hunarmandchilik shahri maqomi berildi. Shu kungacha jahonning turli mamlakatlaridagi 35 ta shahar mazkur maqomga sazovor bo'lgan. Qo'qon shahri MDH davlatlari ichida birinchi bo'lib ushbu ro'yxatga kiritildi.

Festivalda respublikamizning 153 tumanidan hunarmandchilikning 34 yo'nalishi bo'yicha 1 ming 116 hunarmand va 87 tashkilotchi ishtirok etadi. Festivalda 78 davlatdan hunarmandchilikning 29 yo'nalishi bo'yicha 191 xorijlik hunarmand qatnashadi. Shuningdek, faxriy mehmon sifatida 38 yuqori martabali xorijlik davlat arboblari va olimlar ishtirok etishi kutilmoqda. Festival doirasida “Hunarmandchilik va xalq amaliy san'atini rivojlantirish istiqbollari“ mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya ham o'tkaziladi. Unda 24 davlatdan 28 xorijlik va o'zbekistonlik 6 olim ishtirok etadi.

Festival tadbirlarini mahalliy ommaviy axborot vositalarining 400 dan ortiq vakili va 22 xorijiy jurnalist yoritib boradi.

Bugungi kunda xorijiy mehmonlar va festival ishtirokchilari tashrif buyurishi ko'zda tutilgan 12 tarixiy obidani ta'mirlash ishlari yakunlandi. Shuningdek, 20 dan ortiq Qo'qon milliy hunarmandchiligi namoyandalarining uy-ustaxonasi, 4 madaniy dam olish maskani festival ishtirokchilari va mehmonlar tashrifi uchun tayyorlangan. Qo'qon shahridagi xiyobonlar, yo'llar hamda ko'p qavatli uylar oldidagi maydonlar obodonlashtirilgan. Festivalning asosiy tadbirlari “Xudoyorxon o'rdasi” maydonida o'tkaziladi. Maydonda sahna va amfiteatr barpo etildi.

Markaziy maydonning yon atrofida hunarmandchilik san'atiga doir turli ko'rgazmalar, hunarmandchilik buyumlari, tasviriy va amaliy san'at asarlari, qadimiy hunarmandchilik dastgohlari va mahsulotlarini yaratish jarayonlari, hunarmandchilikka oid badiiy va hujjatli filmlar, kitoblar, albomlar, fotosuratlar namoyishi va sotuvi tashkil etiladi.

Shuningdek, festival doirasida milliy liboslar ko'rgazmali chiqishlari, askiyachi va qiziqchilar, folklor va dorbozlik jamoalarining tomosha dasturlari namoyish etiladi.

Festival tadbirlarini har tomonlama puxta va badiiy jihatdan betakror usulda tayyorlash uchun yuksak professional mahorat va tajribaga ega ssenarist va rejissyorlar, yozuvchi va shoirlar, usta hunarmandlar, sahna rassomlari, iste'dodli yosh san'atkorlar jalb etilgan.

Xalqaro festival Madaniyat vazirligi, Turizmni rivojlantirish davlat qo'mitasi, Savdo-sanoat palatasi, “Hunarmand” uyushmasi, O'zbekiston Badiiy akademiyasi hamda Farg'ona viloyati hokimligi tomonidan har ikki yilda bir marta Qo'qon shahrida o'tkaziladi.