13.09.2019 219

Qo‘qonga “Jahon hunarmandchilik shahri” sertifikati topshirildi


Xabaringiz bor, joriy yilning 23 iyulida Jahon hunarmandlari kengashi qarori bilan Qo‘qon shahriga yog‘och o‘ymakorligi bo‘yicha “Jahon hunarmandchilik shahri” maqomi berilgan edi.

Jahon hunarmandlari shahri unvoni 2014 yilda tashkil etilgan bo‘lib, shu kungacha unga jahonning turli mamlakatlaridagi 36 ta shahar sazovor bo‘lgan. Qo‘qon shahri MDH davlatlari ichida birinchi bo‘lib mazkur ro‘yxatga kiritildi.

Qayd etish joizki, hozirda Qo‘qonda 30 dan ortiq yo‘nalishda hunarmandlik an'analari davom ettirilmoqda. O‘tmishda xonlik markazi bo‘lgan bu shaharga turli o‘lkalardan mohir ustalar jamlangan va bu yerda hunarmandlikning noyob turlari taraqqiy etgan. Jumladan, yog‘och o‘ymakorligi, zargarlik, qandakorlik, milliy mato to‘qish, kulollik san'at asari darajasiga ko‘tarilgan.

Birinchi xalqaro hunarmandlik festivaliga tayyorgarlik jarayonida shaharning o‘tgan asrdagi ko‘rinishining bir qismi ya'ni Chorsu maydoni atrofida mavjud bo‘lgan uchta madrasaning maketi rasmlar asosida tiklandi. U qaysidir ma'noda Samarqanddagi Registon maydonini eslatadi. Ayni vaqtda shahar hunarmandlari kelgusida qayta tiklanishi rejalashtirilgan ushbu binolarda mahsulotlarini namoyish etmoqda.

Festival doirasida “Jahon hunarmandchilik shahri” maqomini tasdiqlovchi sertifikatni Jahon hunarmandlari kengashining Osiyo-Tinch okeani mintaqasi bo‘yicha prezidenti Gada Kaddumi shahar hokimi M.Usmonovga topshirdi.

Tadbirda bosh vazir o‘rinbosari A.Abduhakimov ham ishtirok etmoqda.