15.09.2019 916

Qo‘qon va Marg‘ilon yanada obod bo‘ladi


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 14 sentyabr' kuni Farg‘ona viloyatidagi “Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasiga tashrif buyurdi.

Bu yerda, dastlab, Qo‘qon va Marg‘ilon shaharlarini kompleks rivojlantirishga xorijiy investisiyalar jalb etish bo‘yicha yangi loyihalar taqdimoti o‘tkazildi. Jumladan, kelgusi uch yilda bu ikki shaharga xalqaro moliya institutlarining 1 milliard 354 million dollarlik imtiyozli kreditlari yo‘naltirilishi rejalashtirilgan. Bu mablag‘ uchta yo‘nalishda – sanoat va tadbirkorlikni rivojlantirish, infratuzilma ob'ektlarini modernizasiya qilish hamda ko‘p qavatli uy-joylar qurish sohalarida o‘zlashtirilishi ko‘zda tutilgan.

Qo‘qon shahrida sanoat va tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida 510 million dollar miqdorida mablag‘lar jalb etilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish uchun 63 million, xizmat ko‘rsatish va servis sohasidagi loyihalarga 31 million dollar mablag‘ yo‘naltiriladi. Shaharda tadbirkorlarga moliyaviy ko‘maklashish dasturi doirasida xalqaro moliya muassasalarining 500 million dollarlik investisiyalari o‘zlashtiriladi.

Shaharda infratuzilma ob'ektlarini rivojlantirishga 124 million dollar mablag‘ yo‘naltirilishi mo‘ljallanmoqda. Ushbu mablag‘lar hisobidan ichimlik va oqova suv tarmoqlari, issiqlik tizimi, avtomobil' yo‘llarini modernizasiya qilish, shuningdek, elektr va gaz tarmoqlarini yangilash bo‘yicha jami 90 ta loyiha amalga oshiriladi.

Uy-joy fondini rivojlantirish uchun 220 million dollar miqdorida investisiyalar jalb etilib, 9 qavatli 17 ta, 12 qavatli 36 ta, 16 qavatli 65 ta uy-joy barpo etiladi.

Marg‘ilon shahrida kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sektorini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash uchun 300 million dollar mablag‘ yo‘naltiriladi. Sanoat, qishloq xo‘jaligi, xizmat ko‘rsatish va servis sohalariga beriladigan mablag‘lar shaharda yangi ishlab chiqarish quvvatlarini barpo etish, tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi farovonligini yanada yaxshilash imkonini yaratadi.

Marg‘ilonda infratuzilmani rivojlantirish uchun 87,6 million dollar, uy-joylar qurilishiga 110 million dollar mablag‘ sarflanadi. Yaqin yillarda ushbu shaharda 9 qavatli 12 ta, 12 qavatli 54 ta, 16 qavatli 16 ta turar-joy barpo etilib, aholining ehtiyoji to‘liq ta'minlanadi. Shu tariqa ikkala shaharda o‘ziga xos yangi shaharchalar qad rostlaydi.

Davlatimiz rahbari uy-joylar qurilishiga oid loyihalar bilan tanishar ekan, ularni qayta ko‘rib chiqish, Qo‘qon va Marg‘ilon shaharlarini rivojlantirish bo‘yicha besh yillik reja qilish zarurligini ta'kidladi.

– Avvalo, qaerda qiyinchilik borligini, odamlarning fikrini o‘rganish kerak, – dedi Prezident. – Aholi qachon qaysi hududda qurilish bo‘lishini bilsin. Uy-joy bilan ish o‘rinlari mutanosib bo‘lishi zarur. Farg‘onaliklarning hunarmandchilik an'analari, hudud imkoniyatlarini inobatga olib, charm-poyabzal, chinni, zargarlik buyumlari ishlab chiqarish va boshqa turdagi korxonalar tashkil etish zarur.

Prezident Shavkat Mirziyoev «Qo‘qon» erkin iqtisodiy zonasidagi «Shaffof omadli sanoat» qo‘shma korxonasi faoliyati bilan tanishdi.

«Qo‘qon» erkin iqtisodiy zonasi viloyatda raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish, xomashyo va resurslarni chuqur qayta ishlash asosida zamonaviy ishlab chiqarishlarni tashkil etishga xorijiy va mahalliy investisiyalarni jalb qilish uchun qulay maydonga aylanmoqda.

Davlatimiz rahbarining 2017 yil 12 yanvardagi farmoniga asosan tashkil etilgan sanoat zonasi qariyb 710 gektar maydonda joylashgan. Bu yerda mashinasozlik, to‘qimachilik, elektr texnikasi, farmasevtika, oziq-ovqat sanoati, charm-poyabzal va boshqa tarmoqlarda umumiy qiymati 180 million dollarlik 94 ta investisiyaviy loyiha amalga oshirilmoqda.

Bugungi kunda 52 million dollarlik 29 ta loyiha ishga tushirilgan, 1 ming 700 ga yaqin ish o‘rni tashkil etilgan. Joriy yilning sakkiz oyida erkin iqtisodiy zona rezidentlari tomonidan jami qiymati 407 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib, 3,3 million dollarlik tovar eksport qilingan.

Hozirgi kunda hududda qiymati 135,1 million dollarlik 65 ta loyiha bo‘yicha ishlar davom etmoqda. Mazkur loyihalarga 55 million dollar miqdoridagi investisiyalar o‘zlashtirildi. Ular ishga tushirilgach, qo‘shimcha 3,1 trillion so‘mlik yangi turdagi sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish o‘zlashtiriladi, 120 million dollarlik tovar eksport qilinib, 4,5 mingga yaqin ish o‘rni tashkil etiladi.

Prezident Shavkat Mirziyoev “Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasining salohiyati, bu yerdagi korxonalar imkoniyati bilan tanishar ekan, ushbu hududni yanada rivojlantirish uchun Turkiyaning “Gebze” sanoat zonasi tajribasini o‘rganish, unga tadbirkorlarni tanlab joylashtirish zarurligini ta'kidladi.

– Bu yerda bojxona bo‘limini tashkil etish kerak, ular qanday mahsulot import qilinayotgan bo‘lsa sanoat zonasida shu turdagi tovarlarni ishlab chiqarish bo‘yicha tavsiya berishi lozim. Mamlakatimizdagi barcha erkin iqtisodiy zonalar faoliyatini shu nuqtai nazardan qayta ko‘rib chiqish zarur. Chunki erkin iqtisodiy zonalarda energiyatejamkor, import o‘rnini bosuvchi, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarilmas ekan, iqtisodiyotimizning raqobatbardoshligini oshirolmaymiz, – dedi Shavkat Mirziyoev.

«Shaffof omadli sanoat» qo‘shma korxonasi davlatimiz rahbarining joriy yil may oyidagi tashrifi yakunida ishlab chiqilgan Farg‘ona viloyatini 2019-2020yillarda rivojlantirish bo‘yicha hududiy investisiya dasturi doirasida tashkil etilgan.

Bu yerda yiliga 230 ming dona metan va 250 ming dona propan uskunalari, 300 ming dona butlovchi va ehtiyot qismlar ishlab chiqariladi. 400 ishchi mehnat qiladigan korxona mahsulotlari Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Rossiya kabi davlatlarga eksport qilinadi.

Korxonada kelasi yildan yuk tashuvchi karalar, 2021 yildan O‘zbekistonda birinchi marta elektromobillar ishlab chiqarish mo‘ljallanmoqda. Xitoyning “Silk road company” kompaniyasi bilan hamkorlikda barpo etiladigan mazkur yangi quvvat uchun hozirda 3 gektar maydon ajratilgan. Loyihaning umumiy qiymati 30 million AQSh dollari bo‘lib, uning 24 million dollari xorijiy investisiyadir.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, yurtimizda ishlab chiqariladigan ekologik toza elektromobillar narxi 3 ming dollar atrofida bo‘ladi. Ular neft' mahsulotlari cheklangan sharoitda muhim ahamiyat kasb etadi. Elektromobillar bir marta quvvatlantirilgandan so‘ng 150 kilometr masofani bosib o‘ta oladi.

Mazkur loyiha ishga tushsa, yiliga 2 ming dona elektromobil' ishlab chiqariladi. Bu ichki bozorni transportning ushbu yangi turi bilan ta'minlash barobarida eksport qilish imkonini beradi.

Davlatimiz rahbari shu yerda «Qo‘qon» erkin iqtisodiy zonasida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni ko‘zdan kechirdi, farg‘onalik tadbirkorlar bilan suhbatlashdi.

Mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, soha sub'ektlarini har taraflama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha mutlaqo yangi tizim yaratilmoqda. Prezidentimizning sohaga doir qator farmon va qarorlari qabul qilindi, keyingi uch oy ichida Bosh vazirning Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalari, Kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi tashkil etilib, tadbirkorlarga g‘ov bo‘layotgan ko‘plab byurokratik to‘siqlar bartaraf etilmoqda.

Davlatimiz rahbari hududlarga tashrifi chog‘ida tadbirkorlar bilan muntazam uchrashib, ularning muammolarini tinglamoqda, faoliyatiga to‘siq bo‘layotgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan zarur choralar ko‘rmoqda.

Bu galgi uchrashuvda ham Prezidentimiz tadbirkorlardan o‘zlarini qiynayotgan muammolarni ro‘y-rost, ochiq-oydin bayon etishlarini so‘radi. Jamiyatimizda biznes muhitini yaratish, tadbirkorlarning “qo‘lini yechish”, ularni tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi.

– Men kimni uddaburon tadbirkor deb bilaman? Hisobida kamida 20 million dollar puli bo‘lgan ishbilarmonni. Bir paytlar 2-3 million dollar mablag‘i bo‘lgan tadbirkorni topish amrimahol edi, hozir 20-30 million dollar puli bo‘lgan, yirik-yirik korxonalar qurayotgan, iqtisodiyotimizni ko‘tarayotgan yurtdoshlarimiz ko‘paydi. Biz sohani rivojlantirish bo‘yicha dastlabki qadamlarni qo‘ydik. Endi jamiyatimizda biznes muhiti yarata olsak, odamlarni tadbirkorlikka o‘rgata olsak, ko‘zlagan natijalarimizga erishamiz. Sizlar yurtimizga kelajakda ham nafingiz tegishi uchun farzandlaringizga bilimingizni mulk qilib qoldirishingiz lozim. Shunda jamiyat o‘zgaradi, tadbirkorlik qonida bor avlod kirib keladi, ular davlatimizni ham, xalqimizni ham boy qiladi, – dedi Shavkat Mirziyoev.

Uchrashuvda farg‘onalik tadbirkorlar davlatimiz rahbari bilan samimiy muloqotdan ruhlanganini, erkin ishlashi va mulkdor bo‘lishi uchun yaratilgan imkoniyatlardan foydalanib, yanada samarali loyihalarni amalga oshirishga bel bog‘lashlarini bildirdi.

Davlatimiz rahbari Qo‘qon shahridagi Buyuk allomalar muzeyida Farg‘ona viloyati faollari, nuroniylar, ziyolilar bilan muloqot qildi. Unda madaniyat, ma'rifat sohalaridagi o‘zgarishlar, yoshlar ta'lim-tarbiyasi haqida so‘z bordi.

Prezidentimiz 2017 yil 22 iyun' kuni Farg‘ona viloyatiga tashrifi chog‘ida Qo‘qon shahridagi Buyuk allomalar muzeyida ham bo‘lgan va uni ta'mirlashga doir ko‘rsatmalar bergan edi. Shundan so‘ng muzeyda keng ko‘lamli ta'mirlash ishlari olib borildi. Muzey zamon talablariga javob beradigan holga keltirildi. Zallar kengaytirilib, zarur texnik vositalar bilan jihozlandi. Bino atrofi obodonlashtirilib, tom qismi yangidan yopildi.

Muzey ekspozisiyasi 5 bo‘limdan iborat. Birinchi bo‘lim Ilk o‘rta asrlarda Markaziy Osiyoda ilm-fan va madaniyat, deb nomlanadi.Unda Muso Xorazmiy, Abu Nasr Forobiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Ahmad Farg‘oniy, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Yusuf Xos Hojib, Mahmud Qoshg‘ariy, Ahmad Yassaviy, Mahmud Zamaxshariy, Burhonuddin Marg‘inoniy kabi buyuk allomalar hayoti, ilmiy-ijodiy faoliyatiga oid ma'lumotlar, ular yaratgan noyob qo‘lyozmalar nusxalari o‘rin olgan.

Muzeyning ikkinchi bo‘limida Temuriylar davrida yaratilgan ilm-fan va madaniyatga doir osori-atiqalar, Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Sa'diddin Taftazoniy, G‘iyosiddin Jamshid, Ali Qushchi, Mirxond kabi allomalarga oid tarixiy asarlar namoyishga qo‘yilgan. Shuningdek, muzey ekspozisiyalaridan XVIII-XIX asrlarda Farg‘ona vodiysidan yetishib chiqqan Mashrab, Huvaydo, Sadoyi, Nizomiy Ho‘qandiy, Azimiy, Uvaysiy, Amiriy, Nodira, Hakimxon To‘ra, Gulxaniy, Fazliy, Muhyi, Muqimiy, Furqat, Zavqiy, Mahmud Hakim Yayfoniy, Haziniy kabi ulug‘ siymolar hayoti va ijodi haqida ma'lumot olish mumkin.

Yana bir bo‘limda esa Turkistonda jadidchilik harakati va uning mashhur namoyandalari Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abdurauf Fitrat, Abdulla Avloniy, Hamza Hakimzoda Niyoziy, Ashurali Zohiriy, Ibrohim Davron, Ishoqxon Ibrat hayoti va faoliyati keng yoritilgan. Qo‘qon xattotlik san'ati, milliy hunarmandchilik hamda ziyoratgohlarga doir ma'lumotlar va eksponatlar ham qo‘yilgan.

Muzeyning beshinchi bo‘limida XX asrda Farg‘ona vodiysidan yetishib chiqqan ulug‘ olimlar, akademiklar – Qori Niyoziy, Tesha Zohidov, Rahima Aminova, Po‘lat Qayumiy, Boqiy, Aziz va Laziz Qayumovlar va boshqalarning hayoti va ilmiy ijodiy faoliyatini aks ettiruvchi materiallar va eksponatlar o‘rin olgan.

Muzey qoshida “Allomalar vorislari” nomli o‘quv-axborot markazi tashkil etilgan. Ushbu markaz ilmga va ijodiy faoliyatga qiziquvchi yoshlar uchun mahorat maktabi vazifasini o‘tamoqda.

Muloqotda mamlakatimizda milliy qadriyatlarni e'zozlash va targ‘ib etish, buyuk allomalar merosini o‘rganishga katta e'tibor qaratilayotgani qayd etildi. Baxshichilik va maqom san'ati bo‘yicha xalqaro festivallar o‘tkazilgani bu borada ulkan ahamiyatga ega bo‘ldi. Imom Buxoriy, Imom Termiziy markazlari, Mirzo Ulug‘bek va Muhammad Xorazmiy nomidagi iqtidorli bolalar maktablari, adiblar nomlari bilan atalgan ijod maktablari tashkil etildi. Prezident maktablari, yangi oliy o‘quv yurtlari yosh avlod uchun yanada keng imkoniyatlar yaratdi.

– Vaqt shiddat bilan o‘tyapti. Har bir soha bo‘yicha izlanishda, tinimsiz harakatdamiz. O‘zgarishlar bor, lekin hali bizni qanoatlantirmaydi, – dedi Prezident.

Faollar butun Farg‘ona viloyatida bo‘lgani kabi Qo‘qon shahrida ham ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilayotgani, Xalqaro hunarmandchilik festivali tufayli shahar yanada obod bo‘lib, bu yerga butun dunyodan mehmonlar kelganini mamnuniyat bilan qayd etishdi.

Davlatimiz rahbari Qo‘qon shahridagi Buyuk allomalar muzeyi yonida bayramona kayfiyatda ketayotgan yurtdoshlarimiz bilan uchrashdi. Samimiy suhbatda qo‘qonliklar Prezident Shavkat Mirziyoevga shaharda olib borilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlari va ro‘y berayotgan yangilanishlar uchun minnatdorlik bildirdi.