16.09.2019 449

Xalq amaliy san'ati va hunarmandchilik bo‘yicha Qo‘qon rezolyusiyasi imzolandi


Qo‘qon shahri mezbonlik qilgan birinchi Xalqaro hunarmandchilik festivali juda qizg‘in kechdi. 76 ziyod davlatdan kelgan vakillar bayram shukuhini yanada oshirdi.

Aslida ham O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev ta'kidlanganidek, hunarmandchilikning paydo bo‘lishi dunyo sivilizasiyasi rivojida eng muhim va tarixiy qadam ekani yana bir karra isbotini topdi. Hunar barcha xalqlar hayotida muhim o‘rin egallagani bois ushbu tantana nafaqat o‘zbek xalqi balki butun dunyo san'at vakillariga ilhom beruvchi makon bo‘ldi, deya aytish mumkin.

Albatta, xalqaro ko‘rgazmada o‘zbek va xorijiy xalq amaliy san'ati ustalari yaratgan ajoyib buyumlar namoyish etildi. Xususan, “Hunarmandchilik va xalq amaliy san'ati istiqbollariga” bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada 26 mamlakatdan 36 nafar olim va tadqiqotchi ishtirok etdi. Uning yakunida “Xalq amaliy san'ati va hunarmandchilikni rivojlantirish bo‘yicha Qo‘qon rezolyusiyasi” imzolandi.

 

Shuningdek, xalqaro tanlovlar, mahorat darslari, moda va dizayn namoyishlari barcha ishtirokchilarga zavq va ilhom bag‘ishladi. Bunda esa hunar egalarining chin yurakdan ishlashi, ularning mehnati O‘zbekistonda yuqori baholanayotgani va sohani rivojlantirish davlat siyosatiga aylanib, yangidan-yangi imkoniyatlar yaratilayotgani tasdig‘ini topdi.

– To‘g‘risi, hozir hayajondaman, bir necha kun davomida juda chiroyli, o‘zgacha shouning guvohi bo‘ldik, – deydi Belarus' madaniyat vazirning birinchi o‘rinbosari Natal'ya Karchevskaya. – Prezidentingiz O‘zbekistonning xalq amaliy san'ati borasidagi imkoniyatini dunyoga juda ajoyib tarzda ko‘rsatib berdi. Davlatlarimiz rahbarlarining o‘zaro iliq munosabatlari tufayli o‘zbek-belarus' xalqlari o‘rtasida ham aloqalar mustahkamlanmoqda. Biz festival' doirasida osh bayramida ham bo‘ldik. Hammaning kayfiyati ko‘tarinki, biz o‘zbek xalqini, qadriyatlarni juda sevamiz. Davlatlarimiz orasidagi masofa uzoq bo‘lsada, ko‘nglimiz yaqin.

Qo‘qon shahriga “Jahon hunarmandlar shahri” maqomi berilishi ham ushbu amaliy harakatlarning natijasidir. 2014 yilda ta'sis etilib, shu kungacha dunyodagi 36 shahar sazovor bo‘lgan ushbu unvonning Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlari orasida birinchi O‘zbekistonning Qo‘qon shahriga berilgani albatta, har bir yurtdoshimiz qalbida cheksiz faxr-iftixor uyg‘otadi.