16.09.2019 663

Festival g‘oliblari aniqlandi. Gran pri O‘zbekistonga nasib etdi.


Qo‘qon shahri mezbonlik qilgan Xalqaro hunarmandchilik festivali haqiqiy san'at va nafosat bayramiga aylandi. Xudoyorxon O‘rdasi atrofidagi 17 gektar maydonda chinakam hunarmandlar shaharchasi barpo etildi. Qo‘qonda o‘tayotgan birinchi hunarmandchilik festivali doirasida ko‘rik- tanlov bo‘lib o‘tdi. 

Ushbu nufuzli anjumanga dunyoning 78 davlatidan hunarmandchilikning 29 yo‘nalishi bo‘yicha shug‘ullanuvchi 300 nafardan ortiq hunarmandlar tashrif buyurishdi. Ular orasidan tanlovda 76 davlatdan ikki yuzdan ortiq, yurtimizdan esa bir ming bir yuzdan ortiq hunarmand o‘z ishlari bilan ishtirok etdi. 


Hay'at a'zolari taqdim etilgan materiallarni belgilangan mezonlar asosida ko‘rib chiqdi. Albatta, har bir davlatning, hududning xalq amaliy san'ati namunalari o‘ziga xos, bir-birini takrorlamaydi. Inson aql zakovati, idroki bilan yaratilgan qo‘l mehnati mahsuli doim yuksak qadrlanadi. 

Ayni vaqtda “Eng yaxshi hunarmand” nominasiyasi bo‘yicha birinchi o‘ringa Muhammadali Yunusov (O‘zbekiston), ikkinchi o‘ringa Sufion Katri (Hindiston), uchinchi o‘ringa Alisher Narzullaev (O‘zbekiston) munosib deb topildi. 

– 25 yildan buyon hunarmandchilik bilan shug‘ullansamda, to‘g‘risi, tanlovning mutlaq g‘olib bo‘lishni kutmagan edim, – deydi A.Narzullaev.– Buning uchun Prezidentimizga, xalqimizga minnatdorchilik bildiraman. 

Taqdirlash marosimida “Eng yosh hunarmand”, “Eng yaxshi hunarmandchilik maktabi ustasi” “Qadimiy hunarmandchilik turini tiklagan hunarmand” kabi 8 ta nominasiyada 24 nafar g‘olib aniqlandi. Ular orasida turli davlatlardan kelgan hunarmandlarni ham ko‘rish mumkin. Misol uchun, “Eng yosh hunarmand” Nargiz Shoyimiy (Eron), “Eng yaxshi hunarmandchilik maktabi ustasi” Abduqahhor Hamdamov ( Tojikiston) “Qadimiy hunarmandchilik turini tiklagan hunarmand” nominasiyasi Karim Bektosh (Qozog‘iston)ga nasib etdi. 

Tanlov g‘oliblariga pul mukofoti, diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Marosim sho‘x kuy va taronalar hamda mushakbozlik bilan davom etdi.