18.09.2019 1347

SSP “Alkogol mahsulotlari bilan chakana savdo qilishni tartibga solish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Qarori loyihasini ekspertizadan o'tkazdi


Tadbirkorlik sub'ektlari huquqlari va qonuniy manfaatlarini ifoda etuvchi, shu jumladan, ular faoliyatiga normativ-huquqiy hujjatlar ta'sirini baholovchi vakolatli organ sifatida Savdo-sanoat palatasi tomonidan Jamoatchilik ekspertizalari o'tkazilib, salbiy hamda ijobiy xarakterdagi Xulosalar berib kelinmoqda.

Xususan, joriy yilning o'tgan davri mobaynida 661 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasi Ekspertlar kengashlari tomonidan ko'rib chiqilib, Jamoatchilik ekspertizasi xulosalari berildi.

Misol uchun, O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “Alkogol mahsulotlari bilan chakana savdo qilishni tartibga solish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Qarori loyihasi  jamoatchilik ekspertizasidan  o'tkazilib, u yuzasidan quyidagicha Jamoatchilik ekspertizasi xulosasi berildi:

Loyihaning 2-bandiga ko'ra, alkogol mahsulotlari bilan chakana savdo qilish huquqi va umumiy ovqatlanish korxonalari tomonidan alkogol mahsulotlarini sotish huquqi uchun ruxsat guvohnomasi mavjud bo'lgan yuridik shaxslar tovarlarni realizatsiya qilishdan olingan tushumining miqdoridan qat'iy nazar qo'shilgan qiymat solig'ini to'lashga o'tadi deb belgilangan.
Bunda, mazkur tadbirkorlik sub'ektlariga nisbatan qo'shilgan qiymat solig'i qo'llanilishi belgilangan.

Ammo, bu masala ushbu loyihaning predmeti bo'lib hisoblanmaydi, balki soliqqa oid masalalar to'g'ridan-to'g'ri soliq kodeksi bilan tartibga solinadi.

Shu bois, loyihaning 2-bandidan “tovarlarni realizatsiya qilishdan olingan tushumining miqdoridan qat'iy nazar qo'shilgan qiymat solig'ini to'lashga o'tadi” so'zlarini chiqarib tashlash tavsiya etiladi.

Loyihaning 2-bandiga ko'ra, alkogol mahsulotlari bilan chakana savdo qilish huquqi va umumiy ovqatlanish korxonalari tomonidan alkogol mahsulotlarini sotish huquqi uchun ruxsat guvohnomasi mavjud bo'lgan yuridik shaxslarning alkogol mahsulotini markalash va kuzatish axborot tizimidan majburiy tartibda foydalanishi shart qilib belgilangan.
Bunda, mazkur faoliyat bilan shug'ullanuvchi tadbirkorlik sub'ektlariga nisbatan ortiqcha talablar belgilash nazarda tutilgan.

Qolaversa, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 23 avgustdagi 707-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Iste'mol va texnik etil spirti, alkogol mahsulotlari ishlab chiqarish faoliyatini litsenziyalash tartibi to'g'risida”gi Nizomga ko'ra, alkogol mahsulotini markalash va kuzatish axborot tizimidan majburiy tartibda foydalanish iste'mol va texnik etil spirti, alkogol mahsulotlari ishlab chiqarish faoliyatini amalga oshirishda litsenziya talablaridan biri sifatida belgilangan.

Bunday talabni, alkogol mahsulotlari bilan chakana savdo qilish va umumiy ovqatlanish korxonalari tomonidan alkogol mahsulotlarini sotish huquqi uchun ruxsat guvohnomasi talablaridan biri qilib belgilash ortiqchadek ko'rinadi.

Shu bois, loyihaning 2-bandidan va loyiha 1-ilovasining
7-bandidan “alkogol mahsulotini markalash va kuzatish axborot tizimidan, shuningdek” so'zlarini chiqarib tashlash tavsiya etiladi.

Loyihaning 4-bandiga ko'ra, “mazkur qarorda tasdiqlangan alkogol mahsulotlari bilan chakana savdo qilish qoidalari buzilganligi uchun yuridik shaxslarga alkogol mahsulotlari bilan savdo qilish huquqidan mahrum etilgan holda bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravaridan 300 baravarigacha miqdorda jarima solinadi hamda aybdor xodimlar qonun hujjatlarida belgilangan javobgarlikka tortiladi”, - deb belgilangan.
Ya'ni, bunda ushbu turdagi huquqbuzarliklar uchun javobgarlik choralari belgilangan.

Ammo, amaldagi qonunchilikka ko'ra, savdo yoki xizmat ko'rsatish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik choralari (Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksning 164-moddasi va Jinoyat kodeksining 189-moddasida) belgilangan bo'lib, yuqoridagi norma esa, aynan bir huquqbuzarlik uchun ikki karra javobgarlik qo'llanilishiga olib kelishi mumkin.

Shu bois, bunday javobgarlik choralarini Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeks va Jinoyat kodeksiga o'zgartish kiritish orqali nazarda tutishmaqsadga muvofiqdir.

Loyiha 1-ilovasining 5-bandi to'rtinchi xatboshiga ko'ra, alkogol mahsulotlari bilan chakana savdo qilishga ruxsat guvohnomasi olish uchun turg'un savdo shoxobchasi jamoat transporti to'xtash joylarida, shu jumladan metropoliten bekatlari yonida, jamoat joylarida va dam olish joylarida, davolash-profilaktika va sport-sog'lomlashtirish muassasalari hududlarida, ushbu muassasalar va ishlab chiqarish korxonalarining oshxonalarida, shuningdek aeroportlar, temir yo'l vokzallari va avtostansiyalarda joylashmagan bo'lishi shartligi belgilangan.
Bunda, ruxsat guvohnomasini olish uchun qo'yiladigan talablardan biri sifatida turg'un savdo shahobchasining jamoat joylarida joylashmasligi belgilangan.

Ammo, amaldagi qonunchilikda jamoat joylari tushunchasiga aniq va to'liq ta'rif keltirilmagan. Qolaversa,yuqorida keltirilgan jamoat transporti to'xtash joylari, metropoliten bekatlari, dam olish joylari, davolash-profilaktika va sport-sog'lomlashtirish muassasalari, shuningdek aeroportlar, temir yo'l vokzallari va avtostansiyalar ham jamoat joylari hisoblanadi.

Mazkur normada “jamoat joylari” jumlasining yana alohida keltirilishi mazkur normaning turlicha talqin qilinishiga (misol tariqasida, alkogol mahsulotlari sotish bilan shug'ullanuvchi savdo shahobchalarining ko'chalarda, bozorlarda, savdo majmualarida ham joylashmasligini talab qilish holatlariga) olib kelishi mumkin.

Shu bois, loyihada jamoat joylarida deganda aynan qaysi hududlar nazarda tutilishini aniq keltirish tavsiya etiladi.

Bundan tashqari, mazkur normada turg'un savdo shoxobchasining aeroportlar, temir yo'l vokzallari va avtostansiyalarda joylashmagan bo'lishi shart qilib belgilangan.

Biroq, loyiha 2-ilovasining 4-bandi to'rtinchi xatboshida turg'un savdo shahobchasining aeroportlar, temir yo'l vokzallari va avtostansiyalarga tutashib ketgan hududlarda joylashmasligi shart qilib belgilangan.

Bundan ko'rinadiki, mazkur normalar o'rtasida jiddiy nomuvofiqlik yuzaga kelgan. Yani, birinchi normada turg'un savdo shahobchasining aeroportlar, temir yo'l vokzallari va avtostansiyalar ichida joylashishi ta'qiqlangan bo'lsa, ikkinchi normada ularning mazkur hududlarga tutash hududlarda joylashishi man qilingan.

Qolaversa, yuqoridagi normalarda aeroportlar, temir yo'l vokzallari va avtostansiyalarga tutashib ketgan hududlar, jamoat transporti to'xtash joylarida, shu jumladan metropoliten bekatlari yonida deganda mazkur ob'ektlardan aynan qancha masofada joylashgan joylar nazarda tutilishi aniqlashtirilmagan. Bu esa, amaliyotda turlicha talqin va noaniqliklarni keltirib chiqarishi mumkin.

Shu sababli, loyiha ilovalarida ushbu nomuvofiqlik va noaniqliklarni bartaraf etish tavsiya etiladi.

Loyiha 1-ilovasining 5-bandi beshinchi xatboshiga ko'ra, alkogol mahsulotlari bilan chakana savdo qilishga ruxsat guvohnomasi olish uchun turg'un savdo shoxobchasi umumiy savdo maydoni ming kvadrat metrdan ortiq bo'lgan savdo majmualari (bozorlar) va yarmarka pavilonlarida joylashgan bo'lishi shart deb belgilangan.
Ammo, mazkur norma ushbu bandda keltirilgan boshqa normalar (ya'ni, turg'un savdo shahobchalariga qo'yilgan umumiy talablar) bilan o'zaro nomuvofiqlikni keltirib chiqargan.

Xususan, mazkur bandning uchinchi xatboshida o'ziniki yoki ijaraga olingan, alohida kiriladigan va shaharlarda kamida 25 kvadrat metrli, qishloq joylarda kamida 15 kvadrat metrli savdo zali maydoni bo'lgan (faqat alkogol mahsulotlari bilan chakana savdo qilishga mo'ljallangan), chekka tog'li tumanlarda – alohida savdo seksiyasi bo'lgan ob'ektlarda alkogol mahsulotlari bilan chakana savdo qilish mumkinligi belgilangan.

Biroq, yuqoridagi band mazkur talablarni bekor qilgan holda, savdo shoxobchalarining umumiy savdo maydoni ming kvadrat metrdan ortiq bo'lgan savdo majmualari (bozorlar) va yarmarka pavilonlarida joylashishini shart qilib belgilamoqda.

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 5 fevraldagi “Alkogol va tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarish va ularning aylanmasini davlat tomonidan tartibga solishni takomillashtirish hamda uzumchilik va vinochilikni rivojlantirishga doir chora-tadbirlar to'g'risida”gi PF-5656-sonli Farmoni
8-bandi uchinchi xatboshiga ko'ra, qonunchilikka alkogol va tamaki mahsulotlarining ta'lim, sport va diniy muassasalardan to'g'ri chiziq bo'yicha ikki yuz metrdan ortiq radiusda joylashgan savdo ob'ektlarida, shuningdek umumiy savdo maydoni ming kvadrat metrdan ortiq bo'lgan savdo majmualari (bozorlar) va yarmarka pavilonlarida realizatsiya qilishni nazarda tutuvchi o'zgartirish va qo'shimchalar kiritish belgilangan.

Ya'ni, bunda alkogol mahsulotlarini alohida savdo ob'ektlari bilan birga umumiy savdo maydoni ming kvadrat metrdan ortiq bo'lgan savdo majmualari (bozorlar) va yarmarka pavilonlarida ham realizatsiya qilish mumkinligi nazarda tutilgan.

Shu bois, mazkur banddagi o'zaro nomuvofiqlikni bartaraf etish va yuqoridagi shartlarni mazkur Farmon talablariga moslashtirish tavsiya etiladi.

Loyiha 1-ilovasining 6-bandi uchinchi xatboshiga ko'ra, ruxsat guvohnomasi olish uchun umumiy ovqatlanish korxonasi o'ziniki yoki ijaraga olingan, alohida kiriladigan va kamida 25 kvadrat metrli ovqatlanish maydoniga hamda kamida 15 ta o'ringa, shuningdek omborxonalarga va asbob-uskunalarga ega bo'lgan bo'lishi shart deb belgilangan.
Bunda, umumiy ovqatlanish korxonalariga nisbatan ortiqcha va keraksiz bo'lgan talablarni belgilash nazarda tutilgan.

Vaholanki, umumiy ovqatlanish korxonalari bunday maydonga yoki o'ringa, shuningdek omborxona va asbob-uskunalarga ega bo'lmasligi, ammo o'z faoliyatini samarali yo'lga qo'ygan bo'lishi mumkin.

Qolaversa, bunday cheklov o'rnatilishi yuridik jihatdan asoslantirilmagan hamda ushbu cheklovsiz qanday salbiy oqibatlar kelib chiqishi mumkinligi keltirilmagan.

Bundan tashqari, ruxsat berish tartib-taomillarida bu kabi asossiz shartlarning ko'paytirilishi har qanday suiiste'molchilik va korrupsiogen holatlarga olib kelishi mumkin.

Shu bois, yuqoridagi banddan mazkur xatboshini chiqarib tashlash tavsiya etiladi.

Loyiha 1-ilovasining 21-bandiga ko'ra, “Ariza beruvchi ruxsat guvohnomasini qayta rasmiylashtirish, uning amal qilish muddatini uzaytirish, shuningdek ruxsat guvohnomasini bekor qilish hamda to'xtatib turish uchun Davlat xizmatlari markazlariga murojaat qilishi mumkin”, - deb belgilangan.
Ammo, bunda ruxsat guvohnomasini qayta rasmiylashtirish, uning amal qilish muddatini uzaytirish, shuningdek ruxsat guvohnomasini bekor qilish hamda to'xtatib turish uchun O'zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi o'rinlarda YAIDXP deb ataladi) orqali davlat xizmatidan elektron tarzda foydalanishlari mumkinligi nazarda tutilmagan.

Vaholangki, loyiha 1-ilovasining 8-bandiga ko'ra, “Ariza beruvchilar ruxsat guvohnomalarni olish uchun Davlat xizmatlari markazlariga o'zi kelib murojaat etadi yoki O'zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi o'rinlarda YAIDXP deb ataladi) orqali davlat xizmatidan elektron tarzda foydalanish uchun ro'yxatdan o'tadi”.

Yuqoridagilarni inobatga olib, loyiha 1-ilovasining 4-bobida ariza beruvchilar tomonidan ruxsat guvohnomasini qayta rasmiylashtirish, uning amal qilish muddatini uzaytirish, shuningdek ruxsat guvohnomasini bekor qilish hamda to'xtatib turish uchun YAIDXP orqali davlat xizmatidan elektron tarzda foydalanish mumkinligini nazarda tutish tavsiya etiladi.

Loyiha 1-ilovasining 30-bandiga ko'ra, alkogol mahsulotlari bilan chakana savdo qilish (umumiy ovqatlanish korxonalari tomonidan alkogol mahsulotlarini sotish) qoidalari buzilganligi aniqlangan hollarda davlat soliq inspeksiyasi, davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi, ichki ishlar boshqarmasi hamda yong'in xavfsizligi bo'limi favqulodda vaziyatlar bo'limi tomonidan ruxsat guvohnomasini o'n kungacha bo'lgan muddatga to'xtatib turish to'g'risida xabarnoma elektron tizim orqali Davlat xizmatlari markaziga yuborilishi va ushbu organlardan xabarnoma kelib tushgandan so'ng barcha ishtirokchilarni ruxsat guvohnomasining to'xtatib turilganligi to'g'risida elektron tizim orqali xabardor qilinishi belgilangan.
Bunda ko'rinadiki, yuqorida keltirilgan davlat organlari tomonidan ruxsat guvohnomasi 10 kungacha bo'lgan muddatga to'xtatib turilishi mumkin.

Ammo, “Tadbirkorlik faoliyati sohasidagi ruxsat berish tartib-taomillari to'g'risida”gi Qonunning 22-moddasiga ko'ra, “Ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatning amal qilishini to'xtatib turish sud tartibida amalga oshiriladi, favqulodda vaziyatlar, epidemiyalar hamda aholining hayoti va sog'lig'i uchun boshqa haqiqiy xavf yuzaga kelishining oldini olish bilan bog'liq holda o'n ish kunidan ko'p bo'lmagan muddatga to'xtatib turish hollari bundan mustasno”.

Loyiha 1-ilovasining 30-bandida keltirilgan holatlar favqulodda vaziyatlar, epidemiyalar hamda aholining hayoti va sog'lig'i uchun boshqa haqiqiy xavf yuzaga kelishining oldini olish bilan bog'liq bo'lgandagina mazkur qonun talablaridan kelib chiqib, tegishli davlat organlari tomonidan ruxsat guvohnomasi 10 kungacha bo'lgan muddatga to'xtatib turilishi mumkin.

Boshqa holatlarda esa, yuqorida keltirilganidek, ruxsat guvohnomasining amal qilishini to'xtatib turish sud tartibida amalga oshirilishi lozim.

Ushbulardan kelib chiqib, loyiha 1-ilovasining 6-bobini mazkur qonun talablariga moslashtirish tavsiya etiladi.

Loyiha 2-ilovasining 4-bandiga ko'ra, alkogol mahsulotlari bilan moddiy boyliklar to'liq darajada saqlanishi ta'minlanishiga muvofiq bo'lgan ombor binolari va asbob-uskunalari bo'lgan turg'un savdo shoxobchasida chakana savdo qilish mumkinligi belgilangan.
Ammo, alkogol mahsulotlarini sotish shartlari sifatida bunday talab ortiqcha ko'rinadi.

Chunki, “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to'g'risida”gi Qonunning 18-moddasiga ko'ra, “Tadbirkorlik sub'ekti mulk huquqi asosida o'ziga tegishli bo'lgan mol-mulkka o'z xohishiga ko'ra egalik qiladi, undan foydalanadi va uni tasarruf etadi”, - deb belgilangan.

Demak, mulkni asrash, uni qo'riqlash tartibi va usullarini mulkdor mustaqil ravishda belgilaydi, ya'ni bunday talab amaliyotda ma'muriy to'siq bo'lishi mumkin.

Shu bois, shuningdek ushbu Xulosa 6-bandida keltirilgan tavsiyalarni inobatga olib, loyiha 2-ilovasining 4-bandidan “moddiy boyliklar to'liq darajada saqlanishi ta'minlanishiga muvofiq bo'lgan ombor binolari va asbob-uskunalari bo'lgan” so'zlarini chiqarib tashlash tavsiya etiladi.

Loyiha 2-ilovasi bilan alkogol mahsulotlari bilan chakana savdo qilish hamda umumiy ovqatlanish korxonalari tomonidan alkogol mahsulotlarini sotish Qoidalarini tasdiqlash nazarda tutilgan.
Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 13 fevraldagi 75-sonli qarori bilan O'zbekiston Respublikasida chakana savdo Qoidalari tasdiqlangan bo'lib, uning
5-bobi alkogol va tamaki mahsulotlari bilan chakana savdo qilish xususiyatlarini belgilaydi.

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 8 avgustdagi “Norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish konsepsiyasini tasdiqlash to'g'risida”gi PF-5505-sonli Farmoni 3-bandi ikkinchi xatboshiga ko'ra, “davlat organlari tomonidan qonunlarni, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining va Vazirlar Mahkamasining qarorlarini ishlab chiqish hamda qabul qilish tashabbusiga faqatgina ushbu organlarning ko'tarilayotgan masalalar yoki muammolarni qonun hujjatlarida nazarda tutilgan amaldagi normalar va ma'muriy tartib-taomillar orqali hal qilish vakolati bo'lmagan taqdirda yo'l qo'yiladi”, - deb belgilangan.

Shu bois, loyiha 2-ilovasida nazarda tutilgan masalalarni yuqoridagi qarorda nazarda tutish mumkinligi masalasini yana bir bor ko'rib chiqish maqsadga muvofiqdir.

Loyihaning 1-bandi ikkinchi xatboshiga ko'ra, alkogol mahsulotlari bilan chakana savdo qilish huquqi hamda umumiy ovqatlanish korxonalari tomonidan alkogol mahsulotlarini sotish huquqi uchun ruxsat guvohnomasini berish bo'yicha davlat xizmatini ko'rsatish to'g'risidagi nizomni tasdiqlash belgilangan.
Bunda, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori loyihasi bilan alkogol mahsulotlari bilan chakana savdo qilish huquqi hamda umumiy ovqatlanish korxonalari tomonidan alkogol mahsulotlarini sotish huquqi uchun ruxsat guvohnomasini berish tartibini belgilash nazarda tutilgan.

Ammo, “Tadbirkorlik faoliyati sohasidagi ruxsat berish tartib-taomillari to'g'risida”gi Qonunning 16-moddasiga ko'ra, “Ruxsat berish tartib-taomillaridan o'tish tartibi to'g'risidagi nizomlar O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi” va Qonunning 12-modasiga ko'ra, bu Vazirlar Mahkamasining vakolatlaridan biri sifatida belgilangan.

Shu bois, alkogol mahsulotlari bilan chakana savdo qilish huquqi hamda umumiy ovqatlanish korxonalari tomonidan alkogol mahsulotlarini sotish huquqi uchun ruxsat guvohnomasini berish tartibi to'g'risidagi nizomni O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori bilan tasdiqlash masalasini yana bir bor ko'rib chiqish maqsadga muvofiqdir.