15.04.2016 4797

«Green Forum-2016»


Joriy yilning 15 aprel kuni «Miran International Hotel» mehmonxonasida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi tomonidan «O‘zbekenergo» AJ, shuningdek, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) hamkorligida, davlat organlari va donorlik hamjamiyatining muvofiq vakillari ishtirokida «Green Forum-2016» ilmiy-texnik forumi o‘tkazildi.

Mazkur tadbirni tashkil etishdan ko‘zlangan asosiy maqsad iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada energiya tejaydigan texnologiyalar va muqobil energetikaning joriy etilishi holati va istiqbollarini muhokama qilish, shuningdek, muqobil energiya manbalari sektorini rivojlantirish hamda sanoat, qurilish va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida energiya tejaydigan texnologiyalardan keng foydalanishga to‘sqinlik qilayotgan muammolarni hal etishdan iborat.

Ta’kidlash kerakki, O‘zbekistonda energiya tejaydigan texnologiyalarni samarali joriy etish va MEMdan foydalanish ishlari O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining keng qamrovli ko‘magi hamda barcha manfaatdor tomonlarning sayi-harakatlari asosida amalga oshirilmoqda.

Iqtisodiyotda energiya sarflanishini kamaytirish, ishlab chiqarilmaydigan uglerod oksidli resurslarning oqilona va samarali qo‘llanishini ta’minlash maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015 yil 5 maydagi PQ-2343 sonli Qaroriga muvofiq 2015-2019 yillarda iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada energiya hajmini qisqartirish, energiya tejaydigan texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlar Dasturi qabul qilindi.

Yuqorida qayd etilgan hujjatga muvofiq, 2015-2019 yillarda iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada energiya sarflanishi hajmini qisqartirish, energiya tejaydigan texnologiyalarni joriy etishning quyidagi ustuvor yo‘nalishlari belgilandi:

-  ishlab chiqariladigan mahsulotning energiya sarfini pasaytirish;

-  muqobil energiya manbalarini tezkor rivojlantirish;

- zamonaviy energiya tejaydigan uskunalar, moslamalar va materiallar turlari ishlab chiqarilishini kengaytirish;

- yangi binolarni qurish va mavjudlarini rekonstruktsiya qilishda energiya samaradorligini ta’minlash.

Ushbu maqsadlarga erishish uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 25 noyabrdagi 343-sonli «Respublikaning chorvachilik va parrandachilik xo‘jaliklarida biogazli uskunalar qurilishini rag‘batlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Shu bilan birga qayd etish kerakki, O‘zbekistondagi energiya tejalishiga oid huquqiy baza 1997 yil 25 apreldagi «Energiyadan oqilona foydalanish to‘g‘risida»gi O‘zR Qonuniga ham asoslanadi. Ayni paytda «Muqobil energiya manbalari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni loyihasi ham ishlab chiqilayotgan bo‘lib, unda muqobil energiya manbalarini qo‘llash bilan birga elektr energiyasini ishlab chiqarish va sotish borasida muqobil energiya manbalarini ishlab chiqaruvchilar va iste’molchilar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik masalalari ko‘rib chiqilmoqda.

Hozirda respubikada mavjud ob’ektlar energiyasini ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiyalash va kengaytirishga asoslangan rivojlantirish tarmoq dasturi amalga oshirilmoqda. Mazkur dasturga binoan, shamol, quyosh, gidroenergetika kabi muqobil energiya manbalarini rivojlantirish, integratsiyalashgan quyosh-issiqlik elektr stantsiyalarini joriy etish ko‘zda tutilgan.

O‘zbekiston milliy iqtisodiyotining barcha tarmoqlariga oid ustuvor vazifalardan biri energiya resurslaridan samarali va tejamkor foydalanishdir. Bunda, jismonan va ma’nan eskirgan ishlab chiqarish quvvatlarini energiya tejaydigan texnologiyalarga alishtirish, shuningdek, yangi loyihalarni amalga oshirishda aynan shu texnologiyalardan foydalanish, ishlab chiqarishda elektr va gaz tejaydigan qurilmalarni joriy qilish, mavjud xom-ashyo bazasidan oqilona foydalanish, shu bilan birga, ikkilamchi qayta ishlash loyihalarini ilgari surish, asosiy ishlab chiqarish va yordamchi quvvatlarda muqobil energiya manbalaridan foydalanishni ommalashtirish singari yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Bugungi kunda MEMni qo‘llashdan kelib chiqqan holda, elektr energiyasini ishlab chiqarish, tarqatish va iste’mol qilish sohalarida ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish alohida ahamiyat kasb etadi. Bundan tashqari, mazkur ishlarga energiya samaradorligi va energiya tejash sohasi bo‘yicha ekspertlar va amaliyotchi mutaxassislarni jalb qilgan holda, Germaniya, Ispaniya, Koreya Respublikasi kabi boshqa davlatlarning qonunchilik tajribasini o‘rganish talab etiladi.

Shu munosabat bilan, SSP tomonidan energiya samaradorligi va MEMni rivojlantirish masalalari bo‘yicha, jumladan xorijda ham o‘quv dasturlarini tashkil etish orqali mahalliy mutaxassislar va maslahatchilarni tayyorlash, xalqaro ekspertlar ishtirokida jamoatchilik tadbirlarini o‘tkazish, energiya tejaydigan texnologiyalar, MEM va boshqalarni joriy etish va qo‘llash sohasida ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

O‘z navbatida, forumning o‘tkazilishi xalqaro hamda milliy ekspertlarning energiya tejash va muqobil energiya manbalari sohasiga oid kichik biznes vakillari bilan o‘zaro tajriba almashuvida, shuningdek, ilmiy va biznes muhit vakillari o‘rtasida aloqalarni yo‘lga qo‘yishda muhim ahamiyat kasb etdi.

Tadbirda tarmoq vazirliklari va idoralarining etakchi mutaxassislari, O‘zbekistonda energiya samaradorligi va MEM sektoriga oid loyihalarni amalga oshirayotgan xalqaro tashkilotlarning ekspertlari, SSPga a’zo-tadbirkorlar ishtirok etdilar.

Forum chog‘ida O‘zbekistonda energiya tejaydigan texnologiyalar MEM joriy etilishini rag‘batlantirish sohasiga oid davlat siyosati, MEMni rivojlantirishda xalqaro tajriba va eng yaxshi amaliyotni qo‘llashda O‘zbekistonning imkoniyatlari, O‘zbekistonda elektr energetikasi holati va uni rivojlantirish istiqbollari kabi qator dolzarb masalalar muhokama qilindi.

Forum yakunlari bo‘yicha sanoat va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida muqobil energiya manbalari sektorini rivojlantirish hamda keng qo‘llashga to‘sqinlik qilayotgan muammolarni hal etishga doir tavsiyalar ishlab chiqildi.

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi

Matbuot xizmati