02.10.2019 275

Rossiya Federatsiyasiga meva-sabzavot mahsulotlarini “Yashil yo'lak” tizimi orqali O'zbekiston Respublikasidan soddalashtirilgan tartibda eksport qilish imkoniyatlari


Rossiya Federatsiyasi Qishloq xo'jaligi vazirligi va O'zbekiston Respublikasi Qishloq xo'jaligi vazirligi o'rtasida 2017 yil fevral oyida O'zbekiston Respublikasidan Rossiya Federatsiyasiga yuqori fitosanitar xavfli meva hamda sabzavotlarni olib kirishda fitosanitariya talablariga rioya qilish to'g'risida bayonnoma imzolangan.

Ushbu hujjatga binoan, O'zbekistonning meva va sabzavot mahsulotlari Rossiya hududiga fitosanitar sertifikati asosida olib kirilishi va o'simlik karantini punktlarining maxsus joylarida tekshirilishi belgilangan.

Mazkur bayonnomadan kelib chiqib, bojxona rasmiylashtiruvi va fitosanitar nazorat jarayonlarini yanada tezlashtirish maqsadida hozirgi kunda “Yashil yo'lak” tartibida fitosanitar ko'rigini o'tkazish punktlari soni 12 taga yetkazildi.

Mazkur hujjatga ko'ra O'zbekiston Respublikasidan Rossiyaga eksport qilinayotgan meva-sabzavot mahsulotlari uchun “Yashil yo'lak” tartibida soddalashtirilgan bojxona ko'rigidan o'tkazishga mazkur mahsulotlarga O'zbekiston Respublikasida o'rnatilgan tartibda fitosanitar sertifikati rasmiylashtirilgan taqdirda ruxsat beriladi.

Bunda fitosanitar sertifikatning “Olib kirish belgilangan manzil” grafasida Rossiyaning davlat chegrasida o'tkazish punkti to'g'risidagi ma'lumot kiritilgan bo'lishi lozim.

Rossiyaga “Yashil yo'lak” orqali soddalashtirilgan tartibda olib kiriladigan meva-sabzavot mahsulotlari qadoqlangan idishlarda tegishlicha markirovka qilingan bo'lishi va unda mazkur mahsulotni ishlab chiqaruvchi va eksporter to'g'risida ma'lumot kiritilgan bo'lishi lozim.

“Yashil yo'lak” tizimi orqali fitosanitar sertifikati mavjud bo'lgan meva-sabzavot mahsulotlari yuklanadigan transport vositasi, konteyner, qadoqlovchi materiallar ularga mahsulotlar joylashtirilishidan avval fitosanitar xavfni keltirib chiqarmasligi uchun o'rnatilgan tartibda tozalanishi yoki zararsizlantirilishi lozim.

“Yashil yo'lak” tartibida Rossiyaga eksport qilinadigan meva-sabzavot mahsulotlari bo'yicha rasmiylashtirilgan fitosanitar sertifikatlar bo'yicha O'zbekiston Respublikasi O'simliklar karantini Davlat inspeksiyasi tomonidan alohida reestr yuritiladi va barcha berilgan fitosanitar sertifikatlar to'g'risidagi ma'lumot ushbu reestrda aks ettiriladi.

Shuningdek, Rossiya tomoni bilan kelishuvga muvofiq O'zbekiston Respublikasi O'simliklar karantini davlat inspeksiyasi  meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qiluvchilar ro'yxatini yuritib boradi.

Bundan tashqari “Yashil yo'lak” tizimiga kiritilmagan Rossiyadagi boshqa davlat chegarasida o'tkazish punktlari va vaqtinchalik saqlash omborlari orqali meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish odatdagidek tartibda amalga oshirilishi belgilangan.

Qo'shimcha ma'lumot olish uchun O'zbekiston Respublikasi O'simliklar karantini davlat inspeksiyasiga (manzil: 100100, Toshkent shahri, Bobur ko'chasi, 17-uy) (+99871) 253-66-02 telefon raqami bo'yicha murojaat qilish yoki https://www.karantin.uz/ veb-saytiga kirish mumkin.

O'zbekiston Respublikasidan meva-sabzavot mahsulotlarini fitosanitar sertifikatlari rasmiylashtirilgan holda soddalashtirilgan tartibda olib kiriladigan Rossiya Federatsiyasidagi “Yashil yo'laklar” RO'YXATI