02.10.2019 253

Hokimlarning tadbirkorlik masalalari bo'yicha birinchi o'rinbosarlari ishtirokida 3 kunlik o'quv amaliy seminar tashkil etildi.


Ma'lumki, Davlatimiz rahbari boshchiligida joriy yil 11 sentyabr kuni “Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish, ularning samaradorligini oshirish hamda 9 oylik va umuman 2019 yil yakuni bo'yicha davlat byudjetiga tushumlar prognozi ijrosini so'zsiz ta'minlash chora-tadbirlari  to'g'risida”gi videoselektor yig'ilishi bo'lib o'tdi.

Yig'ilishda mamlakatimizda so'nggi yillarda tadbirkorlikni rivojlantirish, investitsiyalarni jalb qilish va biznesni yuritish uchun qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish, tadbirkorlarning qonuniy manfaatlarini himoya qilishning huquqiy kafolatlarini mustahkamlash sohasida ishlar amalga oshirilayotgan ishlar va erishilgan natijalarga to'xtaldi.

Ta'kidlaniganidek, mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, soha sub'ektlarini har taraflama qo'llab-quvvatlash yuzasidan mutlaqo yangi tizim yaratilmoqda.

Ushbu yangi tizim, yaqinda tashkil etilgan Kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligining muvofiqlashtiruvchi roli ostida Bosh vazirning Tadbirkorlar murojaatlarini ko'rib chiqish qabulxonalari, Biznes-ombudsman, Savdo-sanoat palatasi, Adliya vazirligi, joylardagi hokimlarning birinchi o'rinbosarlari boshchiligidagi iqtisodiyot kompleksi tashkilotlarining mazkur yo'nalishda hamjihatlikda izchil ishlashini nazarda tutadi.

Xorijiy mamlakatlar tajribasidan olib qaraydigan bo'lsak,  biznes sub'ektlari 3 toifaga (kichik, o'rta va yirik) bo'lingan va davlat tomonidan har bir toifaga nisbatan alohida qo'llab-quvvatlash siyosati olib boriladi. 
Shu munosabat bilan davlatimiz rahbari O'zbekistonda ham «o'rta biznes»ni shakllantirish yuzasidan ko'rsatma berdi.

Shu bilan birga, yo'l qo'yilayotgan kamchiliklar, xususan mutasaddi vazirlik va idoarlar faqatgina o'zining vertikal guruhi bilan ishlayotganligi, gorizantal guruhlar samarali ishlamayotganligi oqibatida chekka tuman (shahar)larda vaziyat ancha og'ir ekanligi qayd etildi. Shu sababli, yig'ilishda vertikal guruhlarni ishlatish va idoralararo hamkorlikni kuchaytirishga ham e'tibor qaratildi.

Davlat rahbarining joriy yil 23 iyul va 2 avgust kunlari tadbirkorlik masalalariga bag'ishlab o'tkazilgan yig'ilishda hududlarda tadbirkorlikni rivojlantirish bo'yicha 9 ta asosiy yo'nalishlar belgilab berilgan edi.
Mazkur yo'nalishlarda Ishchi guruhlar tuzilib, dastlab Toshkent shahrida tumanma-tuman o'rganishlar o'tkazilmoqda.

Shuningdek, yig'ilishda berilgan topshiriqdan kelib chiqib, Vazirlar Mahkamasi binosida Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining tadbirkorlik masalalari bo'yicha birinchi o'rinbosarlari ishtirokida 3 kunlik o'quv amaliy seminar tashkil etildi.

Seminarlar quyidagi mavzularda o'tkazildi:
1.    Hududlarda tadbirkorlikni rivojlantirishda davlat rahbari tomoindan belgilab berilgan 9 ta yo'nalish bo'yicha iqtisodiy kompleks idora va tashkilotlarining ish faoliyatini tashkil etish; 
2.    Yangi kichik biznes sub'ektlarini tashkil etish va ularni tadbirkorlik asoslariga o'qitish;
3.    Soliq konsepsiyasi bo'yicha; 
4.    Mahalliylashtirish va eksportni rivojlantirish (lokalizatsiya);
5.    Yirik korxonalar negizida kichik korxonalar faoliyatini tashkil etish hamda ularni kooperatsiyasini rivojlantirish;
6.    Hududlarni ixtisoslashuvini inobatga olgan holda mavjud sanoat korxonalarini kengaytirish; 
7.    Loyihalarni amalga oshirish va mehnat balansini ta'minlash ;
8.    Eksport va importga nisbatan bojxona ta'riflarini qo'llash tartibi;  
9.    Davlat xaridlarida kichik biznesni ahamiyatini oshirish; 
10.  Hududiy dasturlar doirasida ajratilgan kreditlarni qaytarilishini ta'minlash hamda yangi loyihalarni moliyalashtirishni tashkil etish;
11.  Xorijiy kredit liniyalari orqali loyihalarni moliyalashtirish.

Seminarda bevosita tadbirkorlikka aloqador yo'nalishlar bo'yicha vazirlik, idora va tashkilotlar, shuningdek, tijorat banklari tomonidan qisqa muddatli kurslar tashkil etildi. 

Hokimlarning birinchi o'rinbosarlarining mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirish borasida amalga oshirilishi lozim bo'lgan istiqbolli vazifalar va mavjud kamchiliklarni bartaraf etish bo'yicha takliflari tinglandi.