19.04.2016 4131

O‘zbekistonda elektron agro-sanoat savdo maydonchasi ishga tushirildi


Joriy yilning 18 aprel kuni «Wyndham Tashkent» mehmonxonasida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi tomonidan Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (Deutsche Gesellschaft für Internationale Zusammenarbeit (GIZ) GmbH)ning «Markaziy Osiyoda mintaqaviy savdoni qo‘llab-quvvatlash» Dasturi ko‘magida «O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi sohasi ishlab chiqaruvchilari uchun elektron savdo maydonchasi» mavzuida tadbir tashkil etildi.

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi (SSP) tomonidan «TECLOT» XK MChJ hamkorligida mahalliy meva-sabzavotchilik mahsulotlari eksporti hajmini oshirish maqsadida, respublikadagi qishloq xo‘jaligi sohasi ishlab chiqaruvchilari uchun mo‘ljallangan www.agrosale.uz elektron savdo maydonchasini rivojlantirish bo‘yicha loyiha amalga oshirilmoqda. Ushbu savdo maydonchasi mahalliy agrosanoat tarmog‘i mahsulotlarini tashqi bozorlarda ilgari surishga qaratilgan.

www.agrosale.uz elektron savdo maydonchasi – bu Internet tarmog‘i yordamida mahsulotlar (ishlar, xizmatlar) xaridi va/yoki sotilishini avtomatlashtirish imkonini beradigan servis turidir.

Xarid va/yoki sotishni amalga oshirish, xaridlar va/yoki sotish uchun takliflar kiritish, maqbul xaridorlar va etkazib beruvchilarni tanlash to‘liqligicha elektron shaklda amalga oshiriladi.

Savdo maydonchasining funktsional imkoniyatlari mijozga mustaqil ravishda savdo tartib-tamoyillarini yaratish imkonini beradi.

Savdo maydonchasida ro‘yxatdan o‘tish 3 ta bosqichda amalga oshiriladi:

1) foydalanuvchini ro‘yxatdan o‘tkazish; 

2) kompaniyani ro‘yxatdan o‘tkazish; 

3) kompaniya xodimi huquqlariga ega bo‘lish.

Mazkur tadbirning maqsadi tadbirkorlik sub’ektlarini ushbu resurs ishi bilan tanishtirish va unga jalb qilishdan iborat.

Shu bilan birga, tadbir doirasida GIZ tashkilotining savdo tartib-tamoyillarini soddalashtirish va mahsulotning tashqi bozorlarga chiqishini yaxshilashga qaratilgan «Markaziy Osiyoda mintaqaviy savdoni qo‘llab-quvvatlash» Dasturi faoliyatiga oid ma’lumotlar, shuningdek, Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlari eksportini qo‘llab-quvvatlash Fondining faoliyati haqidagi axborotlar keltirilgan taqdimotlar o‘tkazildi. Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 16 martdagi PQ-2507 sonli «Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlari eksportini qo‘llab-quvvatlash Fondining faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Qaroriga muvofiq qabul qilingan so‘nggi o‘zgartirishlar muhokama qilindi.

Tadbirda tarmoq vazirliklari va idoralari, aktsiyadorlik kompaniyalari, xalqaro tashkilotlar, fermer xo‘jaliklarining vakillari, shuningdek, agrosanoat tarmog‘ida band bo‘lgan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlari ishtirok etdi.

Tadbir davomida taqdim etilgan prezentatsiyalarni yuklab olish.

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi 

Matbuot xizmati