03.10.2019 439

Shavkat Mirziyoyev Valentina Matviyenkoni qabul qildi


Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2-oktyabr kuni mamlakatimizda rasmiy tashrif bilan boʻlib turgan Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashi Raisi Valentina Matviyenkoni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari yuqori martabali mehmonni samimiy qutlar ekan, Valentina Matviyenkoni Rossiya Federatsiyasi parlamentining yuqori palatasi raisi lavozimiga qayta saylangani bilan tabrikladi hamda ushbu masʼuliyatli faoliyatida muvaffaqiyat tiladi.

Oʻzbekiston bilan Rossiya oʻrtasidagi doʻstlik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari bugun yuksak darajaga koʻtarilgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

Muntazamlik kasb etgan oliy darajadagi samarali muloqotlar, Rossiya Prezidentining oʻtgan yil oktyabr oyida Oʻzbekistonga davlat tashrifi mamlakatlarimizning keng koʻlamli hamkorligini kengaytirishga kuchli surʼat bagʻishlab, uni aniq mazmun bilan boyitdi.

Valentina Matviyenko, oʻz navbatida, samimiy qabul uchun Prezidentimizga minnatdorlik bildirdi hamda Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.



Rossiya parlamenti delegatsiyasining ushbu tashrifi mamlakatlarimiz koʻp qirrali hamkorlikni yanada mustahkamlashga qatʼiy intilayotganining navbatdagi tasdigʻi ekani taʼkidlandi.

Uchrashuvda ikki tomonlama munosabatlar, shuningdek, oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishda hamda savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, innovatsion, transport-logistika, agrosanoat, ilmiy-texnik sohalarda istiqbolli loyihalarni ilgari surishda, taʼlim va madaniy-gumanitar almashinuvlarni kengaytirishda ikki mamlakat parlamentlarining faol ishtirokiga oid dolzarb masalalar koʻrib chiqildi.

Xalqaro parlamentlararo tashkilotlar doirasida hamkorlikni mustahkamlash muhimligi alohida qayd etildi.

Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.

Federatsiya Kengashi Raisi koʻp qirrali Oʻzbekiston – Rossiya munosabatlarini har tomonlama mustahkamlash maqsadida parlamentlararo aloqalarni izchil rivojlantirish borasidagi intilishi qatʼiy ekanini taʼkidladi.

Valentina Matviyenko joriy yilda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy vakillik hokimiyati organlariga saylovlar muvaffaqiyatli oʻtishini tiladi.