05.10.2019 467

Investitsiya va biznes forumi


5 oktyabr kuni Ishbilarmonlar kengashi doirasida Savdo-sanoat palatasi tomonidan Investitsiya va biznes forumi ham bo'lib o'tdi, unda 500 dan ortiq ishtirokchilar, shu jumladan TDKga a'zo davlatlar Savdo-sanoat palatalari raislari, yuqori darajadagi hukumat vakillari, Turk kengashi mamlakatlarining ishbilarmonlari ishtirok etishdi.

Ta'kidlash joizki, ushbu forum turkiy dunyoning ishbilarmon doiralari o'rtasida ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlash uchun platformani yaratishga, shuningdek, O'zbekiston va turkiyzabon davlatlar o'rtasida tadbirkorlik, savdo, investitsiya va turizm sohalaridagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qilishga qaratilgan.

Tadbir davomida ishtirokchilar O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli iqtisodiy islohotlar, iqtisodiyot va valyuta bozorini liberallashtirish, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, biznesni qo‘llab-quvvatlash, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, mamlakat iqtisodiyotining investitsiyaviy jozibadorligini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar bilan tanishdilar.

Oliy martabali mehmonlar O'zbekistonda iqtisodiy o'sishning ijobiy dinamikasini ta'kidladilar, respublikamiz hukumatining iqtisodiyotning turli sohalarini erkinlashtirish, xorijiy sarmoyadorlar uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish borasidagi sa'y-harakatlarini olqishladilar.

Investitsiya va biznes forumi doirasida, shuningdek, turkiyzabon davlatlar ishbilarmon doiralari ishtirokida "B2B" uchrashuvi bo'lib o'tdi, unda tomonlar hamkorlikni rivojlantirishning ustuvor yo'nalishlarini, birinchi navbatda, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sohalarda, xususan, qurilish materiallari ishlab chiqarish, farmatsevtika, qishloq xo'jaligi, oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarishni muhokama qilishdi. 

Delegatsiya, shuningdek, "Crafers", "Artel" va "Yakkasaroy" kichik sanoat zonasi faoliyati bilan tanishdi.