07.11.2019 104

Jamoatchilik ekspertizasi o‘tkazilgan normativ-huquqiy hujjat loyihasi xususida


“O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi to‘g‘risida”gi Qonunning 22-moddasida belgilangan Savdo-sanoat palatasining qonun ijodkorligi sohasidagi vakolatlarini amalga oshirgan holda,  Palata tomonidan qonunchilik hujjatlari loyihalari yuzasidan Jamoatchilik ekspertizalari o‘tkazilib, ularning tadbirkorlik faoliyatiga ta'sirini baholagan holda, salbiy hamda ijobiy xarakterdagi Xulosalar berib kelinmoqda. 
Xususan, joriy yilning o‘tgan davri mobaynida 780 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasi Palata tomonidan ko‘rib chiqilib, Jamoatchilik ekspertizasi xulosalari berildi.

Misol uchun, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan Vazirlar Mahkamasining “Qishloq xo‘jaligida yer va suvdan foydalanish sohasida davlat-xususiy sheriklikning shartlari, imtiyozlar hamda foydalanishga kiritilgan yer va suvdan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi Qarori loyihasi  jamoatchilik ekspertizasidan  o‘tkazilib, u yuzasidan quyidagicha Jamoatchilik ekspertizasi xulosasi berildi:

       1.Loyiha orqali qishloq xo‘jaligida yer va suvdan foydalanish sohasida davlat-xususiy sheriklikni joriy etish, uni amalga oshirilish mexanizmi va shartlarini belgilash nazarda tutilgan.
Ammo, loyihada davlat-xususiy sheriklikni joriy etishdagi ko‘plab masalalar ochiq qoldirilgan hamda “Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida”gi Qonun talablari inobatga olinmagan.

Xususan, loyiha ilovasida ushbu hujjatda qo‘llanilgan asosiy tushunchalarga ta'rif berilmagan, jumladan mazkur sheriklikda davlat sherigi aynan qaysi sub'ekt bo‘lishi keltirilmagan.

Shuningdek, loyiha ilovasida davlat-xususiy sheriklik loyihalarini tashabbus qilish, takliflarni taqdim etish va tayyorlashga oid normalar kiritilmagan.
Yoki, loyiha ilovasining 3-bandida xususiy sherikni tanlab olish tender asosida yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazish orqali amalga oshirilishi belgilangan bo‘lsada, biroq tender o‘tkazishni e'lon qilish, uni o‘tkazish tartibi, tender komissiyalari haqidagi normalar nazarda tutilmagan.

Bundan tashqari, loyiha ilovasida davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimning amal qilish muddati, bitimda ko‘rsatiladigan masalalar, bitimga o‘zgartirishlar kiritish tartibi va uni bekor qilish asoslari belgilanmagan. Bu esa, amaliyotda ushbu sohadagi bitimlarni tuzishda noaniqlik va tushunmovchiliklarga olib kelishi, tadbirkorlik sub'ektlari uchun noqulayliklar keltirib chiqarishi mumkin.

Loyiha yer va suvdan foydalanish sohasida davlat-xususiy sheriklikni joriy etishni nazarda tutsada, ammo loyiha ilovasida davlat-xususiy sheriklik bilan bog‘liq bo‘lmagan tushunchalar, xususan “aralashish huquqi to‘g‘risidagi bitim”, “investisiyaviy shartnoma”  tushunchalari qo‘llanilgan bo‘lib, bu amaliyotda tushunmovchiliklar va noaniqliklarni keltirib chiqarishi mumkin.

         2.Loyiha ilovasining 5-bandida yer va suvdan foydalanish sohasida davlat-xususiy sheriklikning shartlari nazarda tutilgan bo‘lib, ushbu shartlardan biri sifatida loyihalarni amalga oshirishda eng so‘ngi innovasion texnologiyalarni qo‘llash, 500 gektardan kam bo‘lmagan yer maydonlarga xizmat ko‘rsatish, yerning hosildorligini oshirib borish kabi shartlar belgilangan.
Ko‘rinadiki, bunda ortiqcha va keraksiz bo‘lgan shartlarni belgilash nazarda tutilgan. Vaholangki, bunday shartlarning nazarda tutilishi tadbirkorlik faoliyatiga aralashish ehtimolini keltirib chiqarishi mumkin.

         3.Loyiha ilovasining 10-bandida, “O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi va davlat sherigi davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitim shartlarini bajarilishi bo‘yicha qishloq xo‘jaligi sohasida davlat-xususiy sheriklik loyihalarining amalga oshirilishi ustidan monitoringni amalga oshiradi. Xususiy sherik monitoring olib borish maqsadida jamoat infratuzilmasiga kirish va tegishli hujjatlarni ko‘rish uchun imkoniyat yaratib berishga majbur”, - deb belgilangan.

Ammo, bunda monitoring olib borish tartibi va shartlari belgilanmagan. Bu esa, amaliyotda turli noaniqliklarni keltirib chiqarishi hamda monitoring olib borish uchun jamoat infratuzilmasiga kirish va tegishli hujjatlarni ko‘rishda monitoringni tekshirishga aylanib ketishiga olib kelishi mumkin.

        4.Loyiha ilovasining 12-bandi beshinchi xatboshiga ko‘ra, “erdan foydalanuvchilarning ehtiyojlari uchun olib kelinadigan va respublikada ishlab chiqarilmaydigan xom-ashyo, materiallar, texnika, asbob-uskunalar, ehtiyot qismlar Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda bojxona to‘lovlari (qo‘shilgan qiymat solig‘idan tashqari) to‘lashdan ozod qilinadi”, - deb belgilangan.

Ammo, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Imtiyozlar va preferensiyalar berish tartibini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 31.05.2018 y.dagi PQ-3756-sonli Qarori 2-bandi ikkinchi xatboshiga ko‘ra, “soliq va bojxona imtiyozlari hamda preferensiyalar (keyingi o‘rinlarda imtiyozlar deb yuritiladi) qonunlar va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari bilan umuman tarmoqlar, faoliyat sohalari, hududlar uchun beriladi, shuningdek, aniq maqsadga ega bo‘lishi hamda aniq ijtimoiy, iqtisodiy va moliyaviy natijalarga erishishni ta'minlashi zarur”, - deb belgilangan.

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, mazkur loyihani qayta ko‘rib chiqish, unda yuqorida keltirilgan masalalarni nazarda tutish, “Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida”gi Qonun talablariga moslashtirgan holda ishlab chiqish tavsiya etiladi.

Bu boradagi faoliyat davom etmoqda.

SSP Axborot xizmati