19.11.2019 846

SSPda Litva ishbilarmon doiralari bilan uchrashuv o'tkazildi


2019 yil 19 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasida Litva va O‘zbekiston  ishbilarmon doira vakillari o‘rtasida biznes-uchrashuv va В2В muzokaralari bo‘lib o‘tdi.  

Ushbu tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, transport, aloqa va axborot texnologiyalari sohalaridagi hamkorlikni yanada kengaytirish masalalarini muhokama qilishdan iborat.

Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari Farizshox Usmanov, Litva Respublikasining Rossiya Federatsiyasidagi va O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor elchisi Remigiyus Motuzas, Vilnyus Savdo-sanoat va Hunarmandchilik palatasi Prezidenti Sigitas Leonavichius hamda respublikamizning vazirlik va idora vakillari, tadbirkorlik sub'ektlari va OAV ishtirok etishdi.

O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi raisining o‘rinbosari Farizshox Usmonov o‘z nutqida mehmonlarni samimiy qutlar ekan, Litva Respublikasi O‘zbekistonning muhim sheriklaridan biri ekanligini va mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik ko‘plab sohalarda jadal rivojlanib borayotganini ta'kidladi. Shuningdek, u turli darajadagi uchrashuvlarning muntazam ravishda o‘tkazilishi ikkala tomon o‘zaro iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlashda teng darajada manfaatdor ekanligidan dalolat berishini ta'kidladi. U o‘z nutqi davomida, bugungi tadbir Litva Respublikasi tashqi ishlar vaziri L. Linkevichyus va ikki mamlakat ishbilarmon doiralari delegatsiyasi ishtirokida 2018 yil 8 may kuni O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasida o‘tkazilgan tadbirning mantiqiy davomi ekanligini ta'kidladi. 

O‘z navbatida Litva Respublikasining Rossiya Federatsiyasidagi va O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Remigiyus Motuzas samimiy qabul uchun Savdo-sanoat palatasiga minnatdorlik bildirdi va bugungi tadbir O‘zbekiston-Litva munosabatlarini rivojlantirishda navbatdagi qadam bo‘lishi va ko‘p qirrali hamkorlikka hissa qo‘shishini ta'kidlab o‘tdi.

O‘z navbatida Remigiyus Motuzas, ushbu tadbirlarning o‘tkazilishi ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada rivojlantirishga xizmat qilishini, shuningdek, O‘zbekiston va Litva korxonalari uchun qo‘shimcha rag‘bat bo‘lishini ta'kidladi.


Uchrashuvda «Traidenis», «MANTA CaWs» kompaniyalari vakillari maishiy, sanoat, oqava suvlari uchun kimyoviy jihatdan chidamli idishlar, konteynerlar, yopiq sirkulyasiya tizimlari, termal vannalar va konteynersiz texnologik avtomobil yuvish uskunalari ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadigan Litva kompaniyalari vakillarining qator taqdimotlari bo‘lib o‘tdi.

Shuningdek, Vitautas universiteti va Vilnyus biznes kolleji vakillari, biznes, informatika va gumanitar fanlar bo‘yicha ta'lim berish xaqidagi taqdimot bilan ishtirok etdilar, tibbiyotning 45 dan ortiq sohalariga ixtisoslashgan «Kardiolita» klinikasi vakillari ham taqdimot qildilar. 

 Farizshox Usmonov Litva vakillarining biznesini O‘zbekiston Respublikasining sarmoyaviy salohiyatidan faol foydalanishga, Markaziy Osiyoning eng yirik va ko‘p tarmoqli iqtisodiyotiga sarmoya kiritishga chaqirdi.


Biznes uchrashuv doirasida ikki mamlakat ishbilarmon doira vakillari ishtirokidagi «B2B» uchrashuvida O‘zbekiston va Litva o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik aloqalarini rivojlantirish istiqbollari, jumladan, ikki mamlakat korxonalarining hamkorlik aloqalarini yanada jadallashtirish bo‘yicha o‘zaro fikr almashildi. 


Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekiston va Litva o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga salmoqli hissa qo‘shadigan kelgusidagi hamkorlikka umid bildirdilar.

SSP Axborot xizmati