20.11.2019 217

Sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasi: ikkinchi kun tafsilotlari


19 noyabr kuni “O‘zekspomarkaz” milliy ko‘rgazmalar majmuasida davom etayotgan O‘zbekiston sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasi ishtirokchilar va tashrif buyuruvchilar bilan gavjum bo‘ldi. Ular ko‘rgazmali pavilonlarda namoyish etilayotgan mahalliy mahsulotlar bilan yaqindan tanishmoqdalar. E’tiborlisi, ko‘rgazma stendlari yangi ishtirokchilar bilan kengayib, mahsulotlar turlari ko‘payib bormoqda.

Shu bilan birga, tadbir doirasida Xalqaro savdo markazi (ITC) majlislar zalida sanoat tarmoqlari tashkilotlari va viloyatlar hokimliklarining navbatdagi taqdimotlari bo‘lib o‘tdi.

Bugun yurtimizda mehmon bo‘lib turgan Vilnyus Savdo-sanoat va hunarmandlik palatasi prezidenti Sigitas Leonavisius boshchiligidagi delegatsiya ham ko‘rgazmaga tashrif buyurib, sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasi hamda Elektron kooperatsiya portali faoliyati bilan tanishdi.

Darhaqiqat, Elektron kooperatsiya portali (www.cooperation.uz)ning ishga tushirilishi, uning xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar o‘rtasida o‘zining qulayliklari bilan qiziqishlarini orttirmoqda. Buning yorqin dalili sifatida tadbirning ikkinchi kuni, ya’ni 19 noyabr kuni (soat 20:00) holatiga, ro‘yxatdan o‘tganlar soni 11 567 ta, joylashtirilgan tovarlar 11 602 ta, tuzilgan shartnomalar 595 tani tashkil etib, ularning umumiy qiymati 82 196 mln.so‘mga teng bo‘lganini e’tirof etish mumkin.