12.05.2016 3172

Respublikamizda bolalar o‘yinchoqlari ishlab chiqarishga bag‘ishlangan davra suhbati


O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi respublikamizda bolalar o‘yinchoqlari ishlab chiqarishni yanada kengaytirish, tarmoqda bolalar o‘yinchoqlari ishlab chiqarishda yuzaga kelayotgan muammolarni bartaraf etish hamda mahalliy korxonalar tomonidan istiqbolda o‘yinchoq ishlab chiqarishni yanada kengaytirish maqsadida bolalar o‘yinchoqlari ishlab chiqaruvchilari va mutasaddi davlat organlari ishtirokida davra suhbatini tashkil etishni rejalashtirmoqda.

Davra suhbatidan ko‘zlangan asosiy maqsad o‘yinchoq ishlab chiqarishda ilg‘or texnologiyalar hamda zamonaviy va xavfsiz materiallarni qo‘llashning imkoniyatlari, tarmoq korxonalarida mavjud texnologiyalarni modernizatsiya qilishning istiqbollari, yangi turdagi o‘yinchoqlarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish hamda o‘yinchoqlar ishlab chiqarish sohasida mavjud to‘siq va muammolarni bartaraf etishga oid masalalarni muhokama etish hamda tarmoqni kelgusida rivojlanishini ta’minlashga qaratilgan taklif va tavsiyalarni ishlab chiqishdan iboratdir.

Mazkur davra suhbati 2016 yil 24 may kuni soat 10-00 da Palataning katta majlislar zalida bo‘lib o‘tadi.

Mazkur tadbirda ishtirok etish istagida bo‘lgan bolalar o‘yinchoqlarini ishlab chiqaruvchi va sotuvchi mahalliy tadbirkorlik sub’ektlari o‘z takliflarini (Korxona nomi, ishtirok etadigan xodim ismi-sharifi, faoliyat yo‘nalishi, aloqa uchun telefon raqamlari) Savdo-sanoat palatasining Zamonaviy texnologiyalar va xorijiy investitsiyalarni jalb etish bo‘limi mas’ul xodimi Bakirov Yolqinga (y.bakirov@chamber.uz ) 2016 yil 20 mayga qadar yuborishlarini so‘raymiz.

Tadbir to‘g‘risida qo‘shimcha ma’lumot olish uchun Savdo-sanoat palatasining +99871 150-91-69 telefon raqamiga murojaat qilishingiz mumkin.