29.11.2019 306

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi vakillari xamda Saudiya Arabistonining Madina shahar Savdo-sanoat palatasi ishbilarmon doiralari bilan uchrashuv o‘tkazildi.


2019 yil 27 noyabr kuni O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasining Saudiya Arabistonidagi elchixonasi bilan hamkorlikda Saudiya Arabistonining Madina shahar Savdo-sanoat palatasida ikki davlat ishbilarmon doiralari bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Uchrashuvda Madina Savdo-sanoat palatasi Bosh kotibi Mazen Abutalib janoblari O‘zbekistondan kelgan ishbilarmonlar delegasiyasini samimiy qutlab, Saudiya Arabistoni va O‘zbekiston o‘rtasida hamkorlik aloqalari borgan sari rivojlanayotganligiga, savdo-iqtisodiy va investisiyaviy hamkorlik borasida tomonlar uchun o‘zaro manfaatli bo‘lgan qiziqarli loyihalar sifat va son jihatdan ko‘payayotganligi hamda Madina shahridagi kompaniyalar ham O‘zbekiston ishbilarmonlari bilan hamkorlik qilishga qiziqishlari mavjudligini alohida ta'kidlab o‘tdi.


Muloqot davomida O‘zbekistondagi investision muhit hamda milliy mahsulotlarimizni Sadiya Arabistoniga eksport qilish imkoniyatlari hamda Saudiya Arabistoni bilan hamkorlikni kengaytirish borasida amalga oshirilishi taklif etiladigan istiqbolli yo‘nalishlar to‘g‘risida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi tomonidan batafsil ma'lumotlar berildi. Shuningdek, tadbirda Saudiyalik  ishbilarmonlar e'tiboriga Namangan viloyatining iqtisodiy salohiyati to‘g‘risida Namangan viloyat hokimligi tomonidan ma'ruza qilindi.


Tadbir davomida O‘zbekistondan kelgan tadbirkorlik sub'ektlari tomonidan tekstil', oziq-ovqat, energetika va gaz detektorlari ishlab chiqarish, qurilish materiallari, hunarmandchilik, turizm sohalarida Saudiya Arabistoni ishbilarmon doiralari bilan investisiyaviy va savdo sohasida hamkorlik qilish bo‘yicha o‘z taklif va loyihalari to‘g‘risida ma'lumot berildi.
Tomonlar kelgusida o‘zaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirishga yanada ko‘proq e'tibor qaratish va bu boradagi ishbilarmon doiralarining o‘zaro tashriflarini kengaytirishga kelishib oldilar.

 

SSP Axborot xizmati