03.12.2019 371

“Qo'shilgan qiymat solig'i to'lovchilarini davlat soliq xizmati organlarida ro'yxatga olish to'g'risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi Qarori loyihasi keng muhokama etildi.


O'zbekiston Savdo-sanoat palatasida O'zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo'mitasining “Qo'shilgan qiymat solig'i to'lovchilarini davlat soliq xizmati organlarida ro'yxatga olish to'g'risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi Qarori loyihasining muhokamasiga bag'ishlangan Ekspertlar kengashi bo'lib o'tdi. 

Qaror loyihasini Davlat soliq qo'mitasi boshqarma boshlig'i A.Xoshimov ishtirokchilarga tushuntirib berar ekan, Qaror loyihasida quyidagilar belgilanganligi aytib o'tdi: 
- QQS to'lovchilarini ro'yxatga qo'yish majburiy yoki ixtiyoriy tartibda amalga oshirilishi;
- ro'yxatga qo'yish chog'ida o'tkaziladigan maslahat berish tadbirlari;
- axborotni tahlil qilish natijalariga ko'ra ariza beruvchi quyidagi uch guruhdan biriga kiritilishi: 

  • a) QQSga oid huquqbuzarliklarni sodir etish xavfi yuqori bo'lgan tadbirkorlik sub'ektlari; 
  • b) QQSga oid huquqbuzarliklarni sodir etish xavfi o'rtacha bo'lgan tadbirkorlik sub'ektlari;
  • с) QQSga oid huquqbuzarliklarni sodir etish xavfi oz bo'lgan tadbirkorlik sub'ektlari;
  • - ro'yxatga qo'yish va ro'yxatga qo'yishni rad etish to'g'risida qaror qabul qilish;
  • - ro'yxatga qo'yishni bekor qilish asoslari va tartiblari joriy etilayotganligi haqida tushuncha berdi.

Bunga javoban, Palata Raisining birinchi o'rinbosari I.Jasimov loyihaning mazkur bandi bo'yicha Palataning 2019 yil 17 oktyabrdagi 
1216d-sonli jamoatchilik ekspertiza xulosasining 2-bandiga ko'ra, ro'yxatdan o'tayotgan tadbirkorlik sub'ekti joylashgan joyga borish noqonuniy tekshirish xavfini keltirib chiqarishi va tadbirkorlik sub'ekti faoliyatiga aralashishiga olib kelishini inobatga olib, 19-bandning uchinchi xatboshisini chiqarib tashlash va ma'lumotlarni tadbirkor joylashgan joyiga bormasdan olish chorasini ko'rib chiqish tavsiya etilganligini bildirdi.
“ANGLESEY-FOOD” sho''ba korxonasi ta'sischisi Z.Xoshimov QQS to'lovchi sifatida ro'yxatdan o'tuvchi sub'ektlarni ro'yxatdan o'tganligi to'g'risida beriladigan guvohnoma barcha QQS to'lovchilar uchun bir xil bo'lsa, ularni qanday qilib xavfi o'rta yoki oz bo'lgan tadbirkorlik sub'ekti ekanligini ajratish mumkinligi va nima uchun QQS to'lovchilarni bunday guruhlarga ajratilishi kerakligini so'radi. Qo'shimcha sifatida loyihaning 
23-26-bandlarida kelitirilayotgan tadbirlarni xorijiy davlatlar tajribasidan kelib chiqib, tadbirkorlik sub'ekti sifatida ro'yxatdan o'tkazish jarayonida qo'llash mumkin ekanligini bildirdi. 
Bunga javoban Davlat soliq qo'mitasi boshqarma boshlig'i A.Xoshimov, bunday tartib, ya'ni QQSga oid huquqbuzarliklarni sodir etish xavfi yuqori bo'lgan tadbirkorlik sub'ektlariga davlat soliq organi tomonidan QQS to'lovchi sifatida ro'yxatdan o'tkazishni rad etish uchun asos bo'lishini bildirdi.

“Arbitrajniy-Dom-Muxamedbayeva” MCHJ direktori A.Muxamedbaev O'zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga ko'ra, soliq davri davomida yalpi tushumi bir milliard so'mdan oshgan yuridik shaxslar QQS to'lovchi hisoblanishi, ushbu Nizom Kodeksdagi tushunchalarni o'zgartirayotganligini, ya'ni soliq organi tadbirkorni QQS to'lovchi yoki QQS to'lovchi emasligini hal qila olmasligini, buning uchun Kodeks borligini ta'kidladi.
Shundan so'ng, I.Jasimov O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 
2019 yil 10 iyuldagi “Soliq ma'muriyatchiligini takomillashtirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi PQ-4389-son Qarorining 2-bandiga muvofiq, 2020 yil 1 yanvardan boshlab qo'shilgan qiymat solig'ini to'lashga o'tadigan yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar davlat soliq xizmati organlarida ushbu soliqning to'lovchisi sifatida majburiy hisobga olinishi belgilab qo'yilganligini va soliq xizmati organlari barcha tadbirkorlarni QQS to'lovchisi sifatida hech qanday shartlarsiz, majburiy hisobga olishi kerakligini bildirdi. Shu bilan birga, soliq to'lovchini xisobga qo'yish huquqlarini cheklash bo'yicha xech qanday normativ-huquqiy hujjat mavjud emasligini bildirib, Palataning yuqorida qayd etib o'tilgan xulosasining 
4-bandiga ko'ra, loyihaning 28-bandi, ikkinchi xatboshisini chiqarib tashlash tavsiya etilganligini bildirdi.
Bank-moliya masalalari bo'yicha ekspertlar kengashi a'zosi, AT “O'zsanoatqurilishbank” mas'ul xodimi U.Aminova O'zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-4389-son Qarori ijrosini ta'minlash maqsadida QQS to'lovchilar majburiy hisobga olinishi kerakligini, bunda hisobga qo'yish uchun cheklovlar belgilash notog'ri ekanligini bildirib, quyidagi holatlar vujudga kelishi mumkinligini ta'kidlab o'tdi:
1. Soliq to'lovchining QQS to'lovchi sifatida ro'yxatdan o'tkazish rad etilgan taqdirda, u QQS to'lovchilarning barcha mezonlariga mos kelishiga qaramasdan o'z faoliyatini QQS to'lamasdan noqonuniy amalga oshirib borishi;
2. QQS to'lovchilarni guruhlarga ajratish korrupsiyaviy omillarni keltirib chiqarishi.
Shu bilan birga, ushbu holatlarni kelib chiqishini oldini olish maqsadida, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-4389-son Qarori ijrosini ta'minlash, ya'ni Kodeks talablariga mos keladigan barcha tadbirkorlarni QQS to'lovchi sifatida ro'yxatdan o'tkazilishi lozimligini bildirdi.
I.Jasimov o'z so'zida Ekspert kengashi a'zosi U.Aminovaning bildirgan fikrlarini qo'llab-quvvatlab, loyihada ro'yxatdan chiqarish (annulirovanie) bo'yicha huquqiy institut mavjud ekanligini inobatga olib hamda O'zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-4389-son Qarori talablaridan kelib chiqib, QQS to'lash majburiyati yuklangan tadbirkorlarning barchasini QQS to'lovchi sifatida ro'yxatga olish va keyinchalik ularga nisbatan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda soliq nazorati tadbirlarini (kameral nazorat) o'tkazish orqali QQS to'lovchini ro'yxatdan chiqarish masalasini ko'rib chiqish lozimligini bildirdi. Shu bois, mazkur Nizom talablarini qayta ko'rib chiqish va tadbirkorning faoliyatidagi kamchiliklarini bartaraf etishiga ko'mak berish hamda ularni QQS to'lovchi ro'yxatida saqlab qolish choralarini ko'rish, agarda buni imkoni bo'lmasa yoki tadbirkor noqonuniy harakatlarga yo'l qo'ysagina, QQS to'lovchilar ro'yxatidan chiqarish (annulirovanie) masalasi ko'rib chiqilishi yuzasidan takliflarini bildirdi. 
Ushbu takliflarni yig'ilishda ishtirok etgan tadbirkorlar hamda Ekspertlar kengashi a'zolari qo'llab-quvvatladi va qaror qildi:

1.     Loyiha, QQS to'lovchilarni hisobga olish orqali bu sohadagi munosabatlarda huquqiy tartib o'rnatilishiga xizmat qilishi ta'kidlab o'tilsin.
2.     Loyiha yuzasidan Palata tomonidan muqaddam Jamoatchilik ekspertizasi o'tkazilib, berilgan tavsiyalar e'tiborga olinib, yana bir bor muhokama qilish lozimligi e'tirof etilsin.
3.     O'zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-4389-son Qarorining 
2-bandida, QQS to'lashga o'tadigan yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar davlat soliq xizmati organlarida ushbu soliqning to'lovchisi sifatida majburiy hisobga olinishi, ya'ni hisobga olishdan oldin biron-bir shart belgilanmaganligi qayd etilsin.
Shu bois va Palataning Jamoatchilik ekpertizasi xulosasining 2-bandidan kelib chiqqan holda quyidagi tartib o'rnatilishi tavsiya etilsin:
-    QQS to'lovchilarni oldindan shartlar belgilamasdan majburiy tartibda ro'yxatga olinsin. Shu bois, loyihada taklif etilgan “Ixtiyoriy ravishda ro'yxatga qo'yish tartibi” ma'qullanmasin;
-    ro'yxatga olingandan so'ng qonunda belgilangan tartibda, kameral nazorat o'tkazib, QQS to'lovchida mavjud bo'lgan kamchiliklarni unga ko'mak bergan holda bartaraf etish va mazkur Nizom talablariga moslashtirish. Agarda, buning imkoni bo'lmasa mazkur Nizomda belgilangan tartibda uni sud orqali QQS to'lovchilari ro'yxatidan chiqarish (annulirovanie).
Shu bois, loyihadan QQS to'lovchilari ro'yxatiga kiruvchi tadbirkorlarni uchta toifaga bo'linishi hamda ro'yxatga kiritishni rad etish tartibi ma'qullanmasin.
4.    Loyihaning 19-bandi uchinchi xatboshisida belgilangan, ro'yxatdan o'tkazilayotgan tadbirkorlik sub'ekti joylashgan joyga borish tartibi ma'qullanmasin va tadbirkorlik sub'ektlarini o'rganish masalalarini kameral nazorat usuli orqali amalga oshirilishi tavsiya etilsin.
5.     Loyihada ro'yxatdan chiqarish to'g'risidagi qaror ustidan sudga shikoyat qilish huquqi belgilanishi tavsiya etilsin.