12.12.2019 689

Savdo-sanoat palatasida Xitoyning Shanxay shahri Xalqaro savdoni rivojlantirish kengashi delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.


2019 yil 12 dekabr kuni O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasida Shanxay shahrining Xalqaro savdoni rivojlantirish kengashi raisi o‘rinbosari Li Djigan boshchiligidagi Xitoy delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida savdo-iqtisodiy va invetitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari hamda ikki davlat o‘rtasida xalqaro arbitraj sohasida hamkorlik aloqalarini kengaytirish masalalari muhokama etildi.

Uchrashuvda Xitoy delegatsiyasi rahbari, Shanxay xalqaro savdoni rivojlantirish Kengashi raisining o‘rinbosari Li Djigan samimiy qabul uchun Savdo-sanoat palatasiga o‘z minnatdorchiligini bildirib, O‘zbekiston bilan ochiq va har tomonlama manfaatli aloqalarni yo‘lga qo‘yish muhimligini ta'kidladi. Shu bilan birga Xitoylik ishbilarmonlar O‘zbekistonning jadal rivojlanayotgan iqtisodiyotiga katta qiziqish bilan qarayotganliklari hamda O‘zbekiston bilan savdo-sotiq aloqalarini kengaytirishdan manfaatdor ekanliklari gapirib o‘tdi.

Uchrashuv davomida tomonlar xalqaro arbitraj sohasida hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qilib, bu borada xalqaro arbitraj orqali nizolarni hal etish bo‘yicha o‘zaro tajriba almashish, Toshkent xalqaro arbitraj markazi va Shanxay xalqaro arbitraj markazi o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, O‘zbekiston uchun xalqaro hakamlarni tayyorlash hamda tijorat sohasida nizolarni hal etish bo‘yicha xorijiy hakamlarni jalb etish masalasini muhokama etdilar.

SSP Axborot-xizmati