17.12.2019 652

Tadbirkor foydasiga 88 million so‘m undiriladigan bo‘ldi


Savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasida viloyat hokimi E.Turdimov tadbirkorlarni qabul qildi va ularning muammosini o‘rgandi.

Hafta boshida qabulga kirish uchun 51 nafar tadbirkor faoliyatida uchrayotgan muammolar yuzasidan ariza topshirgan bo‘lsa, uchrashuvgacha tegishli mutasaddilar tomonidan 33 ta murojaat ijobiy hal etildi.

Bu galgi uchrashuvda muammosi hal etilmagan 18 nafar tadbirkor xususiy maktab qurish, davlat sherikchiligi asosida bog‘cha tashkil etish, gaz tarmog‘iga ulanish, kredit olish, yer ajratish yuzasidan viloyat hokimiga murojaat qildi.

– Paxtachi tumanidagi “Ziyovuddin tolasi” aksiyadorlik jamiyatiga 88,3 million so‘mlik transport xizmatini ko‘rsatganmiz, – deydi Narpay tumanidagi “Musa Malik” mas'uliyati cheklangan jamiyati vakili Malik Musaev. – Ko‘rsatilgan xizmatlar uchun belgilangan mablag‘ni ikki yildan buyon ololmayapmiz. Bu masalada sud bizning foydamizga qaror chiqargan va ijrosini ta'minlash majburiy ijro byurosiga o‘tkazilgan. Ammo haligacha natija yo‘q. Viloyat hokimiga ushbu masala yuzasidan murojat qildim. Murojaatimni ijobiy hal etish bo‘yicha mas'ullarga hafta oxirigacha aniq topshiriq berildi.

Viloyat hokimi har bir murojaatni eshitib, ishbilarmonlarni qiynayotgan masalalarning aksariyati mas'ullarning loqaydligi tufayli, yillar davomida o‘z yechimini topolmayotganini ta'kidladi. Har bir rahbar tadbirkorning muammosini o‘z vakolati doirasida vijdonan yondashib, ularga qonunan yechim topish lozimligini bildirdi.

Qabulda ko‘rilgan masalalar bo‘yicha mutasaddilarga aniq vazifalar topshirildi.

ССП Ахборот хизмати