26.12.2019 1036

Investorlarning nasionalizasiya va ekspropriasiyadan himoyalanishi kafolatlandi


Prezident Shavkat Mirziyoev 25 dekabr kuni «Investisiyalar va investisiya faoliyati to‘g‘risida"gi qonunni imzoladi. Hujjat 9 dekabr' kuni Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilinib, 14 dekabr' kuni Senat tomonidan ma'qullangan edi.

Qonunga ko‘ra investisiyalar — investor tomonidan foyda olish maqsadida ijtimoiy soha, tadbirkorlik, ilmiy va boshqa faoliyat turlari ob'ektlariga tavakkalchiliklar asosida kiritiladigan moddiy va nomoddiy boyliklar hamda ularga bo‘lgan huquqlar, shu jumladan intellektual mulk ob'ektlariga bo‘lgan huquqlar, shuningdek reinvestisiyalar hisoblanadi.

Investisiyalar, qonunga muvofiq, mo‘ljallangan ob'ektiga ko‘ra kapital, moliyaviy va ijtimoiy turlarga bo‘linadi.

Asosiy fondlarni yaratish va takror ko‘paytirishga, shu jumladan yangi qurilishga, modernizasiya qilishga, rekonstruksiya qilishga, texnik jihatdan qayta jihozlashga, shuningdek moddiy ishlab chiqarishning boshqa shakllarini rivojlantirishga kiritiladigan investisiyalar kapital investisiyalar jumlasiga kiradi.

Aksiyalar, korporativ, infratuzilmaviy va davlat obligasiyalariga, shuningdek qimmatli qog‘ozlarning boshqa turlariga kiritiladigan investisiyalar moliyaviy investisiyalar jumlasiga kiradi.

Inson salohiyatini, ko‘nikmalarini va ishlab chiqarish tajribasini rivojlantirishga, shuningdek nomoddiy boyliklarning boshqa shakllarini rivojlantirishga kiritiladigan investisiyalar ijtimoiy investisiyalar jumlasiga kiradi.

Hujjatda investorning huquq va majburiyatlari, shuningdek, investision faoliyat sub'ektlari huquqlarining davlat tomonidan kafolatlanishi ko‘zda tutilgan.

Jumladan, investorlarga xorijiy valyutadagi pul mablag‘larini O‘zbekistonga va undan tashqariga soliqlar va to‘lovlarni to‘lash sharti bilan hech qanday cheklovlarsiz erkin olib kirish va olib chiqish, jumladan repatriasiya uchun valyutalarni ayriboshlash erkinligi kafolatlanmoqda.

Chet ellik investor investisiya faoliyatini tugatgandan so‘ng investisiya faoliyatini tugatish natijasida olingan o‘z aktivlarini naqd pul yoki natural shaklda chet ellik investorning O‘zbekistonga yoxud boshqa kreditorlarga nisbatan majburiyatlarini bajarish uchun zarar yetkazmagan holda erkin repatriasiya qilish huquqiga ega.

Agar qonun hujjatlarining bajarilishi investorga yoki investisiyalarga zarar yetkazadigan bo‘lsa, ushbu qonun hujjatlari orqaga qaytish kuchiga ega bo‘lmaydi.

Agar O‘zbekistonning keyingi qonun hujjatlari investisiya qilish shart-sharoitlarini yomonlashtirsa, investisiya qilish sanasida amalda bo‘lgan qonun hujjatlari chet el investorlariga nisbatan investisiya qilish paytidan e'tiboran o‘n yil mobaynida qo‘llaniladi. Investor o‘zining investisiya qilish shart-sharoitlarini yaxshilaydigan yangi qonun hujjatlari qoidalarini o‘z xohishiga ko‘ra qo‘llash huquqiga ega.

«Davlat investisiyalarning O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga va xalqaro shartnomalariga muvofiq himoya qilinishini kafolatlaydi. Investorlarning investisiyalari va boshqa aktivlari nasionalizasiya qilinmaydi», — deyiladi qonunda.

Investorlarning investisiyalari va boshqa aktivlari rekvizisiya (ekspropriasiya) qilinmaydi, bundan tabiiy ofatlar, avariyalar, epidemiyalar, epizootiylar va favqulodda xususiyatga ega bo‘lgan boshqa hollar mustasno.

Investisiyalar va tashqi savdo vazirligi investisiyalarni va investisiya faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish sohasidagi vakolatli davlat organidir.

Hujjat 26 dekabr' kuni rasman e'lon qilingan kundan e'tiboran uch oy o‘tgach kuchga kiradi.

 

Manbaa: gazeta.uz

SSP Axborot xizmati