11.02.2020 864

«Pure Origin & Pure London 2020» ko‘rgazmasida O‘zbekiston mahsulotlari namoyish etilmoqda.


O‘zbekiston Respublikasi Investisiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportni rivojlantirish agentligi, «O‘zto‘qimachiliksanoat», «O‘zbekipaksanoat», «O‘zcharmsanoat» va «Hunarmand» uyushmalari vakillaridan iborat O‘zbekiston delegasiyasi «Pure Origin & Pure London 2020» xalqaro moda ko‘rgazmasida ishtirok etish maqsadida Buyuk Britaniyada bo‘lib turibdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

«Pure Origin & Pure London 2020» zamonaviy urfdagi kiyimlar va ular jihozlari savdosi bo‘yicha yirik tadbirlardan biridir. Yilida ikki  bor — fevral' va iyul' oylarida o‘tkaziladigan xalqaro tadbirda 700 dan ortiq brend va dizayner o‘z mahsulotlarini namoyish etadi.

O‘tgan yilgi ko‘rgazmada «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi va bir qator mahalliy to‘qimachilik kompaniyalari vakillaridan iborat mamlakatimiz delegasiyasi ishtirok etgan edi. Unda Namangan viloyatidagi «Vakkoni Collection»  kompaniyasi va «The Notting Hill Gate Shopping Bag» do‘koni o‘rtasida har oyda 10 ming donadan O‘zbekiston paxtasidan tayyorlangan kiyimlarni Britaniyaga yetkazib bo‘yicha shartnoma imzolangandi.

Bu yilgi  «Pure Origin & Pure London 2020» ko‘rgazmasida mingdan ortiq britaniyalik va xalqaro brendlarning eng yaxshi kiyim-kechak, poyabzal va jihozlari taqdim etilgan.

Ko‘rgazmada O‘zbekiston to‘qimachilik va tikuvchilik korxonalari mahsulotlari ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otmoqda. U birinchi navbatda tabiiyligi va atrof-muhitga nisbatan uyg‘unligi bilan ajralib turadi. Bugungi kunda moda olamida nafaqat kiyimning umumiy uslubi, balki u qanday matodan tayyorlanishi ham juda muhim.

Tadbirda  mamlakatimizning to‘qimachilik va charm sanoatidagi savdo-iqtisodiy, eksport va sarmoyaviy salohiyatiga bag‘ishlangan videofil'm namoyish etildi.

Ko‘rgazma doirasida mamlakatimiz delegasiyasi Xalqaro charm mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari kengashi va Buyuk Britaniya Charm mahsulotlari federatsiyasi bosh kotibi Pol Pirson bilan samarali muzokaralar o‘tkazdi. Hamkor tomon O‘zbekiston charm mahsulotlarini Britaniya bozoriga olib kirishga tayyor ekanini bildirdi.

Xalqaro brendlarning mamlakatimiz yuqori sifatli charm xomashyosiga bo‘lgan talabini inobatga olib, O‘zbekistonda zamonaviy charm buyumlar ishlab chiqarish bo‘yicha investisiya loyihalarini amalga oshirish, ularni xalqaro bozorga olib chiqish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Ko‘rgazma doirasida mamlakatimizning Londondagi elchixonasi ko‘magida O‘zbekiston delegasiyasi bilan Buyuk Britaniya va Yevropa davlatlarining salohiyatli importchilari, ulgurji savdo vakillari, dizaynerlari o‘rtasida muzokaralar tashkil qilindi.

«Westmark Retail Ltd», «Moje Fit, Splitit», «SIPPO», «Caprice», «Extras Group», «Alpe», «The Leather Mob», «Smiling Faces UK», «Jenttman» kabi kompaniyalar vakillari bilan uchrashuvlarda o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalarini o‘rnatish imkoniyatlari o‘rganilmoqda.

SSP Axborot-xizmati

Manbaa:https://dunyo.info