15.06.2016 4384

Tadbirkorlarning huquqlarini ta’minlash va xususiy mulkni muhofaza qilish sohasida ijtimoiy sheriklikni rivojlantirishning dolzarb masalalari


2016 yil 15 iyun kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) va O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi tomonidan tashkil etilgan «Tadbirkorlarning huquqlarini ta’minlash va xususiy mulkni muhofaza qilish sohasida ijtimoiy sheriklikni rivojlantirishning dolzarb masalalari» mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining a’zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, Bosh prokuratura, Adliya vazirligi, Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, NNT va OAV vakillari ishtirok etdilar.

    

Davra suhbati ishtirokchilari qayd etganidek, mustaqillik yillari mobaynida iqtisodiyotni liberallashtirish, bozor tamoyillari va boshqaruv mexanizmlarini joriy etish, mamlakatda qulay ishbilarmonlik muhitini shakllantirish yuzasidan keng ko‘lamli va tizimli ishlar amalga oshirib kelinmoqda.

Xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish va xususiy mulkni ishonchli muhofaza qilishga oid 400 dan ortiq qonundan shakllantirilgan samarali tashkiliy-huquqiy baza biznes tuzilmalarning jadal rivojlanishi, fuqarolarning tadbirkorlik faolligi oshishiga zamin yaratdi. Amalga oshirilgan chora-tadbirlar xususiy biznes uchun iqtisodiyotning integrallashuvchi segmenti sifatida shakllanish imkoni bilan bir qatorda, ijtimoiy sohaga yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyotini qurish yo‘lida mamlakatning izchil odimlashi yo‘lida asosiy harakatga keltiruvchi kuchga aylanish imkonini yaratdi.

Butunjahon bankining qaydiga ko‘ra, hozirda O‘zbekiston so‘nggi bir yil ichida tadbirkorlik faoliyati uchun ishbilarmonlik muhitini yaxshilash sohasida eng yaxshi natijalarga erishgan jahon davlatlarining dastlabki o‘ntaligiga kiradi.

Ayni paytda kichik biznesning YaIMdagi ulushi 57 foizni, sanoatda – 39 foizni, chakana mahsulot aylanmasida – 87 foizni, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarishda – 98 foizni, pullik xizmatlar sohasida – 51 foizni va bandlik sohasida – 78 foizni tashkil qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2015 yil 15 maydagi PF-4725 sonli «Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta’minlash, ularning jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmonning qabul qilinishi xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish yo‘lida yilning eng muhim voqeasiga aylandi. Davlatimiz rahbarining Farmonini amalda ijro etish doirasida tadbirkorlik sub’ektlari faoliyati sohasini tartibga soluvchi 40 dan ziyod me’yoriy-huquqiy hujjatlarga o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritildi.

2015 yilda mamlakat iqtisodiyotini diversifikatsiyalash va modernizatsiyalash jarayonlarida xususiy sektorning roli va ahamiyatini yanada tubdan oshirish maqsadida, uzoq muddatli 2019 yilgacha bo‘lgan davrda ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturi joriy etildi. 2019-2020 yillarda gidroenergetika, milliy sifat infratuzilmasi, axborot-kommunikatsiya tizimi, yo‘l-transport infratuzilmasini kompleks rivojlantirishga qaratilgan shu va boshqa davlat tarmoq dasturlari mamlakatda investitsiyaviy iqlim va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, iqtisodiyotda tuzilmaviy yangilanishlarni ta’minlash va uning barqaror o‘sishiga xizmat qiladi.

    

Tadbirkorlarning huquqlarini ta’minlash va xususiy mulkni ishonchli himoya qilish jarayonida huquqni muhofaza qilish organlari, inson huquqlarini himoya qilish milliy institutlari va jamoat tashkilotlari muhim o‘rin tutadi. Ular tomonidan tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risidagi qonunchilik talablarining qat’iy ijro etilishi, tadbirkorlik subektlarining qonuniy manfaatlari va huquqlari poymol etilgani uchun mas’ul shaxslar, jumladan, nazorat, huquqni muhofaza qilish va vakolatli davlat organlarining javobgarligi muqarraligini ta’minlanishi ustidan nazoratni kuchaytirishga qaratilgan kompleks va tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, Bosh prokuratura huzurida fuqarolar, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlarining murojaatlarini uzluksiz qabul qilish elektron tizimi samarali ishlab kelmoqda. Murojaatlar ko‘rib chiqilishi tezkorligini ta’minlash maqsadida, mazkur tizimga 34 ta idora, prokuratura organlarining viloyat va tuman bo‘linmalari biriktirilgan. Murojaatlar bo‘yicha prokurorlikka oid muvofiq chora-tadbirlar amalga oshirilib, tadbirkorlik sub’ektlarining qonuniy huquqlari va manfaatlarini amalga oshirishda ularga amaliy va huquqiy yordam ko‘rsatilmoqda.

Adliya vazirligining tashkiliy rahbarligida respublikaning barcha tumanlari (shaharlari)da «bir darcha» tamoyili bo‘yicha tadbirkorlik sub’ektlariga davlat xizmatlarini ko‘rsatish Yagona markazlari tashkil etildi. Mazkur markazlar Internet tarmog‘ida biznes tuzilmalarni ro‘yxatdan o‘tkazish va hisobga qo‘yish, byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish, taqdim etilayotgan davlat xizmatlarini olishda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash imkonini berdi.

Fuqarolarning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi tomonidan kafolatlangan tadbirkorlik faoliyatini yuritish erkinligiga oid huquqlarini himoya qilish O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sanaladi. Ombudsman tomonidan o‘tgan yil mobaynida ushbu toifaga mansub fuqarolarning murojaatlari sonida sezilarli qisqarish, shuningdek, fuqarolarning tadbirkorlik faolligi, tadbirkorlik sub’ektlarining davlat tomonidan taqdim etilayotgan imtiyozlar va afzalliklar borasida xabardorligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlarni yanada takomillashtirish ahamiyati alohida qayd etildi.

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi tuman va shahar hokimliklari bilan hamkorlikda joylarda “Tadbirkorlar kuni” tadbiri tashkil etib, unda tadbirkorlik sub’ektlari bilan suhbat o‘tkazish, muammolarini aniqlash va ularni bartaraf etish yuzasidan tegishli ishlarni amalga oshirib kelmoqda. Xususan, 2016 yilning 1-choragi davomida “Tadbirkorlar kuni” tadbirida 34830 ta tadbirkorlik sub’ekti ishtirok etib, ushbu tadbir asosida 4832 ta muammo hal etildi. Shu bilan birga Savdo-sanoat palatasi tomonidan tadbirkorlik sub’ektlarida o‘tkaziladigan rejali tekshiruvlarda ishtirok etishi va  tekshiruv haqqoniy o‘tganligi yuzasidan so‘rovnoma o‘tkazilishi muntazam ravishda amalga oshirib kelinmoqda. Jumladan, joriy yilning 5 oyi davomida 1087 ta rejali tekshiruvlarda ishtirok etilgan bo‘lib, bu nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi kengash tomonidan tasdiqlangan 1 422 ta rejali tekshirishlarning 76 foizidir.

Shu bilan birga, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga, innovatsion loyihalarni faoliyatida joriy etish maqsadida Boshqaruv Kadrlarni Tayyorlash loyihasi doirasida yurtimiz tadbirkorlarini Evropa Ittifoqi mamlakatlariga malaka oshirish uchun yuborilmoqda.

Evropa Ittifoqi mamlakatlarida malaka oshirish davomida o‘zbek menejerlari Evropa hamkasblari bilan tajriba almashish, zamonaviy boshqaruv usullarini o‘rganish, Evropada ish yuritish shakllarini o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Bunda o‘zbek korxonalari uchun ko‘zlangan asosiy manfaat – Evropa Ittifoqi mamlakatlaridagi korxonalar bilan aloqa o‘rnatish hamda o‘z raqobatbardoshligini va ish yuritish faoliyati unumdorligini oshirishdan iboratdir.

    

Tadbir ishtirokchilari tadbirkorlarning huquqlarini ta’minlash va xususiy mulkni himoya qilish sohasida ijtimoiy sheriklikni rivojlantirish bo‘yicha davlat va jamoat tashkilotlari tomonidan ishlab chiqilgan takliflarni muhokama qildilar.

Davra suhbati chog‘ida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) va O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi o‘rtasida Hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolandi. Ushbu Bitimda me’yoriy-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish, aholining huquqiy madaniyatini oshirish, mazkur yo‘nalishdagi qonunchilik va davlat dasturlari ijrosi ustidan jamoat nazoratini amalga oshirish jarayonlarida o‘zaro hamkorlikda faoliyat olib borish ko‘zda tutilgan.