20.06.2016 4232

Boshqaruv kadrlarini tayyorlash dasturining 10 yillik yubileyi nishonlandi


2016 yil 17 iyun kuni Toshkent shahridagi "Radisson Blu Tashkent" mehmonxonasida Federal iqtisodiyot va energetika vazirligi (BMWi)ning O‘zbekiston bilan Boshqaruv kadrlarini tayyorlash dasturining 10 yillik yubileyi munosabati yuzasidan anjuman o‘tkazildi.

Anjuman Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) tomonidan O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi hamkorligida tashkil etildi. Tadbirning asosiy hamkori sifatida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi ishtirok etdi.

    

Anjuman doirasida tashqi iqtisodiy hamkorlikning dolzarb masalalari yuzasidan munozara bo‘lib o‘tdi, jumladan, xorij bozorlariga kirib borish masalasi alohida muhokama qilindi: o‘zbek va nemis kompaniyalari uchun yo‘nalishlar, strategiyalar, imkoniyatlar. Mazkur munozara ishida Markaziy Osiyoda Germaniya iqtisodiyoti vakillari, «UzClaasAgro» QK, «Guhring» kompaniyasi va boshqalar ishtirok etdilar.

    

GIZning O‘zbekistondagi vakili Go‘zal Qahhorova hamda «O‘zagroeksport» AJ yangi va qayta ishlangan meva-sabzavot mahsulotlari eksporti va marketingi bo‘yicha direktori Sardor Abasxanov meva-sabzavot mahsulotlari misolida mahalliy buyumlar eksportining imkoniyatlari, shart-sharoitlari va qo‘llab-quvvatlanishi to‘g‘risida so‘zladilar.

    

Anjuman davomida Germaniya Federativ Respublikasi Hukumati va O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan 2016-2018 yillarda O‘zbekiston Respublikasi korxonalari va tashkilotlari uchun boshqaruv ko‘nikmalarini yaxshilash bo‘yicha hamkorlikka oid ikkitomonlama kelishuv memorandumi imzolandi.

    

Dastur to‘g‘risida qisqacha ma’lumot:

Germaniya Federativ Respublikasi (GFR) Hukumati va O‘zbekiston Respublikasi Hukumati o‘rtasidagi 2007 yilda qabul qilingan tashkilotlar va korxonalar uchun boshqaruv kadrlarini o‘qitishda hamkorlikka oid o‘zaro anglashuv to‘g‘risidagi Memorandumga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi tomonidan Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati hamkorligida o‘zbekistonlik menejerlar uchun Germaniyada ish o‘rganishni tashkillashtirish bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda.

Dasturning maqsadi GFR korxonalarida amaliy qisqa muddatli ish o‘rganishni tashkillashtirish orqali mahalliy korxonalar menejerlarining malakasini oshirish, menejment sohasida g‘arbiy «nou-xau»ni o‘rganish, avvalo, ikki davlatning kichik korxonalari o‘rtasida bevosita aloqalar va iqtisodiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdan iborat.

    

Dastur faoliyati davomida 756 nafar kishidan 368 tasi tanlab olindi va quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha Germaniyada ish o‘rganish uchun yuborildi: mashinasozlik, konsalting, to‘qimachilik sanoati, qurilish, qishloq xo‘jaligi, mehmonxona ishi, logistika, muqobil energiya manbalari, tibbiyot va boshqalar.

Germaniyada ish o‘rgangan Dastur bitiruvchilari uchun ish o‘rganib qaytganlaridan so‘ng menejerlar faoliyati natijalarini sarhisob qilish, o‘rganilgan «nemis tajribasi» asosida ish o‘rganuvchilar o‘z korxonalarida amalga oshira olgan o‘zgarishlar bilan tanishtirish, ish o‘rganish natijasi sifatida yuzaga kelgan Germaniya-O‘zbekiston loyihalari bilan tanishish, GIZ dasturining xalqaro sertifikatlarini topshirish maqsadida, «Follow-up» nomli dasturdan keyingi seminar o‘tkaziladi. Ish o‘rganishlar natijalarini mustahkamlash maqsadida, Dasturning 173 nafar o‘zbekistonlik ishtirokchisi uchun Toshkent shahrida 8 ta «Follow-up» seminari tashkil etildi va o‘tkazildi.

2012 yilda SSP ko‘magida Dastur ishtirokchilari tomonidan notijorat nodavlat tashkilot shaklidagi O‘zbekiston Menejerlari assotsiatsiyasi tashkil etildi.

Prezentatsiyalarni yuklash