20.03.2020 269

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasining koronavirus tarqalishi muammosi bo‘yicha tadbirkorlik subyektlariga murojaati


Hurmatli tadbirkorlar, 

Ma'lumki, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti 2020 yil 11 mart kuni butun dunyoda COVID-19 koronavirusining tarqalishi oqibatida pandemiya, deb e'lon qildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti topshirig‘iga muvofiq Bosh vazir boshchiligida tuzilgan maxsus Respublika komissiyasi yurtimizda koronavirus tarqalishini to‘xtatish uchun barcha zarur choralarni ko‘rmoqda.

Shu bilan birga, respublikada koronavirus infektsiyasini ommaviy tarqalishining oldini olish, shuningdek, mamlakatda xavfsiz karantin va epidemiologik vaziyatni saqlab qolish maqsadida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi sizdan quyidagilarni amalga oshirishni so‘raydi:

- ishda, uyda va jamoat joylarida bo‘lsangiz ham shaxsiy gigiyena va sanitariya qoidalari hamda shifokorlarning koronavirus tarqalishining oldini olish bo‘yicha tavsiyalariga amal qiling;

- agar sizning xodimlaringiz, qarindoshlaringiz va yaqinlaringizda isitma, yo‘tal va sog‘lig‘ining yomonlashish holatlari kuzatilsa, zudlik bilan O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining 1003 qisqa raqamiga murojaat qilishingiz kerak.

Aziz tadbirkorlar,

Hozirda O‘zbekiston Hukumati respublikada koronavirus infektsiyasi tarqalishining oldini olish bo‘yicha barcha zarur choralarni ko‘rmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 19 martda qabul qilingan “Koronavirus pandemiyasi va global inqirozli hodisalarning iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta'sirini yumshatish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmonida koronavirus infektsiyasini respublikada tarqalishiga qarshi kurashish uchun misli ko‘rilmagan chora-tadbirlar amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

Tadbirkorlarda tug‘ilayotgan savollarga o‘z vaqtida javob berish uchun Savdo-sanoat palatasi O‘zbekistan Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonasi hamda Biznes vakil bilan birgalikda tezkor shtab tashkil etgan bo‘lib, unga quyidagi raqamlar orqali kunu-tun murojaat qilish mumkin:

- Savdo-sanoat palatasining qabulxonasi - qisqa telefon raqami 1094;

-O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonasi- yagona qisqa telefon raqami 1100;

Shuningdek, murojaatingizni elektron ko‘rinishda www.business.gov.uz saytiga ham yo‘llashingiz mumkin.

Bugungi kunda koronavirus epidemiyasiga qarshi kurashish va kasallik tarqalishining oldini olishda tibbiyot muassasalari, transport tashkilotlari, huquq-tartibot idoralari, xorijdagi diplomatik vakolatxonalar va boshqa tashkilotlar xodimlari o‘z hissalarini qo‘shmoqdalar.

Shu munosabat bilan,O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi tadbirkorlardan respublikamizda COVID-19 koronavirusitarqalishiga qarshi kurashga o‘z hissalarini qo‘shishhamda tadbirkorlarning jamiyatdagi ijtimoiy mas'uliyatini yanada oshirishga qaratilgan quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshirishniso‘raydi:

- xodimlar uchun moslashuvchan ish soatlarini joriy etish, imkoni bo‘lsa ayollar va qariyalar uchun masofadan turib uyda ishlashni tashkil etish;

- aholiga sotilayotgan mahsulotlar narxining sun'iy oshirilishiga yo‘l qo‘ymaslik;

- aholiga sotilayotgan mahsulotlarga chegirmalar taqdim etish;

- ishlab chiqarilgan tovarlarni iste'molchilarga yetkazib berish uchun qulay sharoitlarni yaratish.

 

SSP Axborot xizmati