08.04.2020 3768

SSPning tadbirkorlar manfaatida navbatdagi jamoatchilik ekspertiza xulosasi


Savdo-sanoat palatasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasining 2018 yil 9 iyulda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi to‘g‘risida”gi O‘RQ-483-sonli Qonunining (yangi tahriri) 22-moddasiga asosan tadbirkorlik faoliyatiga ta'sirini baholash maqsadida normativ-huquqiy hujjat loyihasi bo‘yicha jamoatchilik ekspertizasi o‘tkazildi. 

Loyiha: O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi, Markaziy bank Boshqaruvining “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki pul mablag‘lari aylanmasi hamda xisobvarag‘i yoki (depoziti) to‘g‘risidagi ma'lumotlar bo‘yicha Davlat soliq qo‘mitasiga elektron axborot uzatish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi Qarori

Loyiha muallifi: O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi

Loyihani ishlab chiqish asosi: O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksi 134-moddasi

Ekspertlar kengashida ko‘rilgan sana: Ekspertlar kengashida ko‘rilmagan.

Loyihaning ilgari o‘rganilganligi va uni ko‘rib chiqish natijalari: loyiha ilgari kelib tushmagan.

Loyihaning tadbirkorlik faoliyatiga ta'sirini baholash: tadbirkorlik faoliyatiga salbiy ta'sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan holatlar aniqlandi. 

Xulosa: loyiha yuzasidan

TAVSIYA ETILADI:

1. Loyihada Solik kodeksining 134-moddasida ko‘ra banklar tomonidan soliq organlariga bank mijozlariga oid ma'lumotlar, shu jumladan ularning xisob varaqlari bo‘yicha amalga oshirilgan operatsiyalar haqidagi axborotlarni  taqdim etish tartibi belgilangan.

Lekin, taklif etilayotgan tartib Bank siri to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni  talablari va Soliq kodeksining 134-moddasi talablariga mos kelmaydi.

Masalan:  “Bank siri to‘g‘risida”gi Qonunining 11-moddasiga ko‘ra, “Bank sirini tashkil etuvchi ma'lumotlar davlat soliq xizmati organlariga bank mijoziga (vakiliga) soliq solish masalalariga taalluqli hollarda qonun hujjatlariga muvofiq taqdim etiladi”- deb belgilangan. Demak, qonunda bank siriga oid ma'lumotlarni taqdim etishning aniq maqsadi belgilangan. Shu bois, Nizomda mazkur talabga qat'iyan rioya etgan holda, faqatgina soliq solish masalalariga taalluqli hollarda ma'lumotlarni so‘rab olish mumkin.

Shu bilan birga Soliq kodeksining 134-moddasi 3-qismida bank mijoziga nisbatan axborot faqat yozma so‘rovnoma asosida taqdim etishi belgilangan.

Loyihada esa mazkur talab e'tiborga olinmagan, chunki tadbirkorlik sub'ektlariga oid tegishli ma'lumotlarni doimiy ravishda va so‘rovnomasiz berib borilishi nazarda tutilmoqda. So‘rovnoma asosida ma'lumotlarni olish, birinchi navbatda, zaruriyat mavjudligini nazarda tutadi, ikkinchidan, banklar tomonidan biron-bir so‘rovnomasiz, ya'ni zururiyatsiz, barcha ma'lumotlarni taqdim etishga oid noqonuniy qoidani inkor etadi.

Shuningdek, mazkur Nizom loyihasini ishlab chiqishda ilg‘or xorijiy davlatlar iqtisodiyoti rivojlangan Yevropa davlatlari, shuningdek, Janubiy Korea, XXR, AQSh va boshqa davlatlarning tajribasi o‘rganilmagan, Palata tomonidan takror-takror so‘ralgandan so‘ng, ayrim davlatlar (Rossiya, Qozog‘iston va Belorus') tajribasi taqdim etildi. 

Mazkur davlatlar tajribasida ham (Qozog‘iston) bank siri hisoblanadigan tadbirkorlik sub'ektlari haqidagi tegishli ma'lumotlarni doimiy ravishda berib borilishi nazarda tutilmagan bo‘lib, faqatgina soliq organlaring so‘roviga asosan ma'lum bir ma'lumotni taqdim etilishi belgilangan.

Bayon etilganlarni e'tiborga olib, Nizom loyihasini Soliq kodeksining 134-moddasiga va “Bank siri to‘g‘risida”gi Qonun talablariga hamda iqtisodiyoti rivojlangan ilg‘or davlatlarning tajribasini chuqur o‘rgangan xolda qayta ko‘rib chiqish tavsiya etiladi. Mazkur talablarga qat'iyan rioya etilishi chet el investorlarning va mahalliy tadbirkorlarning mamlakatimiz banklariga ishonchini mustahkamlash va nufuzini oshirishga xizmat qilishini e'tiborga olish zarur.

2. Loyiha 1-ilovasining 3-bandi 4-xatboshisida:  “bir oy davomida jismoniy shaxslarning barcha bank kartalariga kelib tushgun pul mablag‘lari aylanmasi 30 mln.so‘mdan (shu jumladan, chet el valyutasi milliy valyuta ekvivalentida bo‘lgan taqdirda) va transaksiyalar soni 10 tadan oshgan P2P operatsiyalari to‘g‘risidagi axborotlarni xar oy yakuni bo‘yicha keyingi oyning uchinchi ish kunidan kechiktirmagan xolda milliy va chet el valyutasida 6 va 6a-ilovalarga muvofiq” – deb ko‘rsatilgan.

Biroq,  mazkur talab Soliq kodeksida ko‘rsatilmagan, ya'ni bu qoida  xuquqiy asosga ega emas.

Shu bois, 1-ilovaning 3-bandi 4-xatboshisini loyihadan chiqarib tashlash lozim.

3. Palata tavsiyalarining ko‘rib chiqilishi natijasi yuzasidan Palataga xabar berilishi lozim.

 

SSP Axborot xizmati