01.07.2016 3963

Yosh mutaxassislar ko‘rigi


 

Navoiyda “Yilning eng faol yosh mutaxassisi” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi o‘tkazildi. 

O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi, Savdo-sanoat palatasi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati va bir qator tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Prezidentimiz rahnamoligida navqiron avlodning har tomonlama barkamol ulg‘ayishi, iste’dod va salohiyatini namoyon etishi yo‘lida yaratilayotgan sharoitlar, yoshlarning intilish va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan alohida e’tibor yuksak samaralar berayotgani ta’kidlandi. O‘zbekiston Respublikasida 2016-yilda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar dasturiga muvofiq o‘tkazilgan tanlovda tuman va shaharlarda turli sohalarda mehnat qilayotgan faol yosh mutaxassislar ishtirok etdi. 

Ishtirokchilarning dolzarb g‘oyalari, innovatsion ishlanmalari, yangi faoliyat turlarini yo‘lga qo‘yish borasidagi loyihalari turli nominatsiyalar bo‘yicha taqdirlandi. 

– Doktorlik ilmiy ishim bilan ishtirok etib, g‘olib bo‘ldim, – deydi “Eng faol yosh olim” nominatsiyasi g‘olibi, Navoiy davlat pedagogika instituti katta ilmiy xodimi Anvarjon Qandahorov. – Yurtimizning qadimiy va boy tarixini o‘rganishga qiziqaman. Karmana tumani tarixiga oid ilmiy tadqiqotlarim yosh avlodni ajdodlarimizning boy merosidan bahramand etishga ko‘mak beradi, deb o‘ylayman. 

G‘oliblar tanlovning mamlakat bosqichida ishtirok etadi. 

Manba: uza.uz