05.07.2016 4390

Davlat va xususiy sektor hamkorligi


Namanganda ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarni diversifikatsiyalashda davlat va xususiy sektorning ijtimoiy sherikligi hamda kadrlar salohiyatini oshirishning dolzarb masalalariga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi. 

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Namangan viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda viloyatda faoliyat yuritayotgan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari hamda eksportchi korxonalar rahbarlari ishtirok etdi. 

– Prezidentimiz tomonidan 2016-yil va yaqin istiqbolga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning prinsipial yo‘nalishidan biri sifatida iqtisodiyotning raqobatbardoshligini tubdan oshirish, eksportga mahsulot chiqaradigan korxonalarni qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish, fermer xo‘jaliklari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining eksport faoliyatidagi ishtirokini har tomonlama rag‘batlantirish ustuvor vazifa qilib qo‘yilgan, – deydi Namangan viloyati tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Javlon Hakimov. – Bu borada bizning viloyatda ham ko‘p ish amalga oshirilishi, jumladan, xizmatlar sohasining o‘zida 600 ga yaqin loyihani hayotga tatbiq etish rejalashtirilgan. 

Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish markazi, Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti Namangan viloyati hududiy bo‘limi, viloyat o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi, tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo, adliya boshqarmalari, Namangan davlat universiteti, Namangan muhandislik-pedagogika instituti, Namangan muhandislik-texnologiya instituti va boshqa tashkilotlar vakillarining mavzuga doir ma’ruzalari tinglandi. 

Tadbirda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining eksport va investitsiya faoliyatini qo‘llab-quvvatlash hamda rag‘batlantirish, qonuniy manfaatlarini himoya qilish, xorijiy va minitexnologiyalarni jalb etish yo‘nalishlari, qishloq xo‘jaligi va transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish, mahallalarda hunarmandlik va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashildi. 

Manba: uza.uz