07.09.2020 100

Jamoatchilik ekspertizasi o‘tkazilgan yana bir normativ-huquqiy hujjat loyihasi xususida


“O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi to‘g‘risida”gi Qonunning 22-moddasida belgilangan Savdo-sanoat palatasining qonun ijodkorligi sohasidagi vakolatlarini amalga oshirgan holda, Palata tomonidan qonunchilik hujjatlari loyihalari yuzasidan Jamoatchilik ekspertizalari o‘tkazilib, ularning tadbirkorlik faoliyatiga ta'sirini baholagan holda, salbiy hamda ijobiy xarakterdagi Xulosalar berib kelinmoqda.

Xususan, joriy yilning o‘tgan davri mobaynida 580 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasi Palata tomonidan ko‘rib chiqilib, Jamoatchilik ekspertizasi xulosalari berildi.

Misol uchun, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan ishlab chiqilgan O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy prosessual kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonuni (ID-20710) loyihasi  jamoatchilik ekspertizasidan  o‘tkazilib, u yuzasidan quyidagicha Jamoatchilik ekspertizasi xulosasi berildi:

Loyihaning 6-bandiga ko‘ra, Iqtisodiy prosessual kodeksi (keyingi o‘rinlarda IPK)ning 32-moddasini yangi tahrirda bayon etish belgilangan.
Uning 3-qismiga ko‘ra, tarafi yirik investor bo‘lgan investisiyaviy nizolar O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan ko‘rilishi keltirilgan.

Loyihadagi IPK 34-moddasi beshinchi qismida esa, “Yirik investorning investisiya faoliyati bilan bog‘liq da'volar, shuningdek, tovar va moliya bozorlaridagi raqobat sohasidagi munosabatlardan kelib chiqadigan da'volar O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga taqdim etilishi mumkin”, - deb belgilangan.

Bunda, normalar o‘rtasida o‘zaro nomuvofiqlik yuzaga kelgan.

IPK 32-moddasi talabiga ko‘ra, bunday toifadagi ishlar qat'iy tartibda Oliy sud tomonidan ko‘rilishi belgilangan bo‘lsa, 34-moddada esa, ushbu toifadagi da'volar Oliy sudga taqdim etilishi mumkinligi nazarda tutilgan.

Bu esa, amaliyotda mazkur normaning yirik investorlar faoliyati bilan bog‘liq da'volar boshqa sudlarga ham taqdim etilishi mumkin, deya talqin qilinishiga olib kelishi mumkin.

Shu bois, ushbu nomuvofiqlikni bartaraf etish zarur.

Loyiha 1-moddasi 8-bandiga ko‘ra, IPK 49-moddasini yangi tahrirda bayon etish nazarda tutilgan.
Uning 1-qismiga ko‘ra, “Prokuror davlat hamda ustav fondida davlat ulushi bo‘lgan yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida sudga da'vo arizasi (ariza) bilan murojaat qilishga haqli”, - deb belgilangan.

Kiritilayotgan mazkur o‘zgartirish yetarlicha asoslantirilmagan.

Bundan tashqari, normaning bunday tahrirda bayon etilishi davlat hamda ustav fondida davlat ulushi bo‘lgan va bo‘lmagan yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishida ular uchun teng bo‘lmagan kafolatlarning belgilanishiga olib kelishi mumkin.

Shu bois, 49-moddaning 1-qismi va 6-qismdagi “davlat va ustav fondida davlat ulushi bo‘lgan” so‘zlarini chiqarib tashlash tavsiya etiladi.

Loyiha 1-moddasining 25-bandiga ko‘ra, IPK 282-moddasi (kassasiya shikoyati berish (protesti keltirish) huquqi)ning birinchi va ikkinchi qismlaridagi “apellyasiya tartibida ko‘rilmagan hal qiluv qarori ustidan” degan so‘zlar “apellyasiya tartibida ko‘rilgan hal qiluv qarori va apellyasiya instansiyasi sudining qarori ustidan” degan so‘zlar bilan almashtirilishi belgilangan.
Ushbu kiritilayotgan o‘zgartirishga ko‘ra, kassasiya shikoyati (protesti) apellyasiya tartibida ko‘rilgan hal qiluv qarori, ajrimi, qarori ustidan berilishi mumkin. Ya'ni, birinchi instansiyaning hal qiluv qarori, ajrimi, qarori ustidan u apellyasiya instansiyasida ko‘rilmasdan turib kassasiya tartibida shikoyat (protest) kiritib bo‘lmaydi.

Biroq, mazkur norma IPKning boshqa ko‘plab normalari bilan nomuvofiqliklarni keltirib chiqaradi.

Umuman, loyihada sud instansiyalarida ishlarni ko‘rish bilan bog‘liq bo‘lgan o‘zaro qarama-qarshi normalar belgilangan.

Xususan, yuqoridagi normada kassasiya instansiyasida faqat apellyasiya tartibida ko‘rilgan hal qiluv qarori, ajrim ko‘rilishi mumkinligi belgilangan.

IPKning 262-moddasiga ko‘ra esa, “Agar qonun hujjatlarida boshqacha muddat belgilanmagan bo‘lsa, apellyasiya shikoyati (protesti) birinchi instansiya sudi tomonidan shikoyat qilinayotgan (protest keltirilayotgan) hal qiluv qarori qabul qilingan kundan e'tiboran bir oy ichida berilishi mumkin”.

Yuqoridagi normalar tahlilidan ko‘rinadiki, yuqoridagi 1 oy ichida apellyasiya shikoyati (protesti) berishga ulgurmagan shaxs, hal qiluv qarori, ajrim ustidan yuqori instansiyaga boshqa shikoyat qila olmaydi. Chunki, uning shikoyati kassasiya tartibida ko‘rilishi uchun avval apellyasiya tartibida ko‘rilgan bo‘lishi kerak, ammo u apellyasiya berish muddatini o‘tkazib yuborgan.

Shaxslarning o‘z huquq va erkinliklarini sud orqali ishonchli himoya qilishlarini bu kabi cheklash esa, mutlaqo maqsadga muvofiq emas va bu hozirgi kunda amalga oshirilayotgan islohotlarga ziddir.

Shu bois, loyihaning apellyasiya va kassasiya tartibida ish yuritish bilan bog‘liq bo‘lgan normalarini qayta ko‘rib chiqish lozim.

Loyiha 1-moddasining 28-bandiga ko‘ra, IPK 285-moddani yangi tahrirda bayon etish belgilangan.
Uning 2-qismiga ko‘ra esa, “Kassasiya shikoyati (protesti) berishning o‘tkazib yuborilgan muddati shikoyat (protest) bergan shaxsning iltimosnomasi bo‘yicha kassasiya instansiyasi sudi tomonidan, agar iltimosnoma kassasiya shikoyatini (protestini) berish muddati o‘tgan kundan e'tiboran uch oy ichida berilgan va kassasiya shikoyatini (protestini) berish muddati o‘tkazib yuborilishining sabablari sud tomonidan uzrli deb topilgan bo‘lsa, tiklanishi mumkin”.

Ushbu o‘zgartirishga ko‘ra, kassasiya shikoyati (protesti) berishning o‘tkazib yuborilgan muddatini tiklash bo‘yicha iltimosnoma ushbu muddat o‘tgan kundan e'tiboran uch oy ichida berilgandagina o‘tkazib yuborilgan muddat tiklanishi, ushbu muddat o‘tgach berilgan shikoyat bo‘yicha muddatlar (uzrli sabablarga ko‘ra o‘tkazib yuborilgan bo‘lsa ham) tiklanmasligi nazarda tutilgan.

Biroq bunday talabning belgilanishi shikoyat berishdan manfaatdor bo‘lgan shaxslar huquqlari himoyasining kafolatlarini cheklaydi.

Zero, shikoyat berishdan manfaatdor bo‘lgan shaxslar tomonidan shikoyat berish muddati uzrli va asosli sabablarga ko‘ra o‘tkazib yuborilgan bo‘lsa, ushbu o‘tkazib yuborilgan vaqt qancha bo‘lishidan qat'iy nazar, uning tiklanishi adolatli va haqqoniy bo‘ladi.

Shu bois, loyihada bunday cheklovchi normalarni nazarda tutish maqsadga muvofiq emas.

Shuningdek, bu kabi cheklovchi normalar IPKning amaldagi tahriri 262-moddasi 3-qismida ham belgilanganligini inobatga olib, loyihada uni chiqarib tashlashni nazarda tutuvchi norma kiritish maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

Loyiha 1-moddasi 32-bandiga ko‘ra, IPK 289-moddasini yangi tahrirda bayon etish belgilangan.
Uning 4-qismiga ko‘ra, “O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi sud'yasi kassasiya shikoyatini (protestini) qaytarish to‘g‘risida va qabul qilishni rad etish haqida besh kundan kechiktirmay ajrim chiqaradi, kassasiya shikoyatini (protestini) O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay'atida ko‘rib chiqish uchun o‘tkazishni rad etish to‘g‘risida va kassasiya shikoyatini (protestini) ish yuritishga qabul qilish hamda uni ko‘rib chiqish uchun ish bilan birga O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay'atiga o‘tkazish haqida esa shikoyat (protest) O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga kelib tushgan kundan e'tiboran o‘ttiz kundan kechiktirmay ajrim chiqaradi”, - deb belgilangan.

Mazkur moddaning amaldagi tahririda ushbu muddatlar yuqoridagi barcha masalalarni hal qilish uchun bir xil qilib belgilangan, ya'ni unda 5 kunlik qat'iy muddat belgilangan.

Taklif etilayotgan tahrirda esa, kassasiya shikoyatini (protestini) ish yuritishga qabul qilish to‘g‘risidagi masalalarni bir nechta toifalarga bo‘lib, uni hal etish muddatlarini ham uzaytirish nazarda tutilgan.

Mazkur o‘zgartirishlarni kiritish asoslantirilmagan.

Bundan tashqari, yuqoridagi muddatning o‘ttiz kungacha belgilanishi shaxslar manfaatlarining huquqiy kafolatlarini cheklanishiga olib kelishi mumkin.

Shu bois, mazkur muddatni amaldagi tahririga ko‘ra qoldirish maqsadga muvofiq.

IPK 292-moddasiga ko‘ra, kassasiya shikoyati (protesti) hal qiluv qarorini qabul qilgan sudni chetlab o‘tgan holda yuborilgan bo‘lsa, kassasiya instansiyasi sudi tomonidan qaytariladi.
Chunki, IPK 284-moddasi amaldagi tahririga ko‘ra, kassasiya shikoyati (protesti) hal qiluv qarorini qabul qilgan sudga berilishi belgilangan.

Loyihadagi IPK 284-moddasi tahririda esa, kassasiya shikoyati (protesti) bevosita O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga berilishi nazarda tutilgan.

Yuqoridagilardan ko‘rinadi, taklif etilayotgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, kassasiya shikoyati (protesti) hal qiluv qarorini qabul qilgan sudni chetlab o‘tgan holda yuborilganligi holati uni qaytarishga asos bo‘lishi mutlaqo noto‘g‘ri.

Shu bois, loyihadagi IPK 292-moddasiga kiritilayotgan o‘zgartirishlar qatorida mazkur asosni chiqarib tashlanishini kiritish lozim.

Loyiha 1-moddasi 42-bandiga ko‘ra, IPK 299-moddasining birinchi va ikkinchi qismlarini quyidagi tahrirda bayon etish belgilangan:
“Sud ishni kassasiya instansiyasida ko‘rish chog‘ida birinchi va apellyasiya instansiyasi sudi tomonidan moddiy huquq normalari to‘g‘ri qo‘llanilganligi va prosessual qonun talablariga rioya qilinganligini ish hujjatlariga asosan tekshiradi.

Kassasiya instansiya sudi yangi dalillarni tekshirishi va yangi faktlarni aniqlashga haqli emas”.

Biroq, mazkur normaning kiritilishi asoslantirilmagan.

IPKning amaldagi tahririga ko‘ra, kassasiya instansiyasida sud yangi dalillarni o‘rganib chiqish va yangi faktlarni aniqlashi mumkin.

Yuqoridagi norma esa, shaxslar huquqlari himoyasining cheklanishiga olib kelishi mumkin.

Shu bois, mazkur normani chiqarib tashlash zarur.

Apellyasiya va kassasiya doirasida ishlarni ko‘rish doiralarini qayta ko‘rib chiqish maqsadga muvofiq.
Shunda, fikrimizcha, ma'muriy, iqtisodiy va fuqarolik ishlari bo‘yicha umumiy qoida sifatida quyidagilarni belgilash maqsadga muvofiq:

apellyasiya va kassasiya  instansiyalarida faqatgina qonuniy kuchga kirmagan qarorlarning qonuniyligi ko‘rib chiqilishi;
apellyasiya shikoyati (protesti) bir oy muddatda, kassasiya shikoyati (protesti) apellyasiya instansiyasi qarori chiqqan kundan boshlab ikki oy muddat ichida keltirilishi;
apellyasiya instansiyasida ko‘rilgan ish bo‘yicha hal qiluv qarori ustidan kassasiya shikoyati (protesti) keltirilmagan taqdirda kassasiya shikoyati (protesti) keltirish uchun belgilangan ikki oy muddat o‘tgandan so‘nggina qonuniy kuchga kirishi va ijroga qaratilishi;
qonuniy kuchga kirgan sud qarori faqat yangi ochilgan holatlar bo‘yicha qayta ko‘rib chiqilishi;
Shunday qilib, sud qarorlarining qonuniyligi ular qonuniy kuchga kirgunga qadar uch oy ichida apellyasiya va kassasiya instansiyalarida qayta ko‘rib chiqilishi maqsadga muvofiq.

Loyihalar hajmi juda kattaligi hamda muddatlar qisqa bo‘lganligi tufayli takliflar bo‘yicha takomillashtirilgan loyihalar yuzasidan qo‘shimcha takliflar beriladi.