11.09.2020 111

Jamoatchilik ekspertizasi o‘tkazilgan yana bir normativ-huquqiy hujjat loyihasi xususida


“O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi to‘g‘risida”gi Qonunning 22-moddasida belgilangan Savdo-sanoat palatasining qonun ijodkorligi sohasidagi vakolatlarini amalga oshirgan holda, Palata tomonidan qonunchilik hujjatlari loyihalari yuzasidan Jamoatchilik ekspertizalari o‘tkazilib, ularning tadbirkorlik faoliyatiga ta'sirini baholagan holda, salbiy hamda ijobiy xarakterdagi Xulosalar berib kelinmoqda.

Xususan, joriy yilning o‘tgan davri mobaynida 592 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasi Palata tomonidan ko‘rib chiqilib, Jamoatchilik ekspertizasi xulosalari berildi.

Misol uchun, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan O‘zbekiston Respublikasining “Lisenziyalash, ruxsat berish va xabardor etish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi Qonuni (ID-20919) loyihasi  jamoatchilik ekspertizasidan  o‘tkazilib, u yuzasidan quyidagicha Jamoatchilik ekspertizasi xulosasi berildi:

1. Loyiha 1-moddasiga ko‘ra, “Ushbu Qonun faoliyatning ayrim turlarini lisenziyalash, tadbirkorlik faoliyati sohasidagi ruxsat berish va xabardor etish bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga soladi”.

Shuni ta'kidlash lozimki, loyihada faqat tadbirkorlik faoliyati sohasidagi ruxsat berish va xabardor etish bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solish nazarda tutilmoqda.

Bunda, tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan sohalardagi ruxsat berish va xabardor etish masalalari tartibga solinmasdan qolmoqda.

Bu esa, o‘z navbatida, bu turdagi munosabatlarning ochiq qolishiga yoki boshqa yangi hujjat bilan tartibga solinishiga sabab bo‘ladi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, shuningdek lisenziyalash, ruxsat berish va xabardor etish bilan bog‘liq munosabatlarni yagona hujjat bilan tartibga solinishini ta'minlash maqsadida, loyihada barcha sohalardagi lisenziyalash, ruxsat berish va xabardor etish bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solishni nazarda tutish maqsadga muvofiq.

2. Loyiha 15-moddasi ikkinchi qismiga ko‘ra, “Lisenziyalash sohasida vakolatli organlar mazkur organlar lisenziyalanadigan faoliyat turlari bilan shug‘ullanayotgan korxonalar, tashkilotlar va muassasalar tuzishga yoki ular faoliyatida muassislar (qatnashchilar) sifatida ishtirok etishga haqli emas, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno”.

Taklif etilayotgan norma bilan lisenziyalash sohasida vakolatli organlarning qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda istisno tariqasida mazkur organlar tomonidan lisenziyalanadigan faoliyat turlari bilan shug‘ullanadigan korxonalar, tashkilotlar va muassasalar tuzishi yoki ular faoliyatida muassislar (qatnashchilar) sifatida ishtirok etishi mumkinligi belgilanmoqda.

Biroq, bunday tartib amaliyotda turli qonunosti hujjatlari bilan vakolatli organlarning mazkur organlar tomonidan lisenziyalanadigan faoliyat turlari bilan shug‘ullanadigan korxonalar, tashkilotlar va muassasalar tuzishi yoki ular faoliyatida muassislar (qatnashchilar) sifatida ishtirok etishini nazarda tutuvchi normalar belgilab qo‘yilishiga sharoit yaratib beradi.

Bu esa, yuqoridagi normada belgilanayotgan taqiqdan ko‘zlangan maqsadlarga erishib bo‘lmasligiga olib keladi.

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, shuningdek havolaki normalarga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida, loyiha 15-moddasi ikkinchi qismidan “, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno” so‘zlarini chiqarib tashlash lozim.

3. Loyiha 29-moddasi sakkizinchi xatboshisiga ko‘ra, “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ayrim harakatlar va (yoki) muayyan faoliyat uchun ularning o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda da'vogarlarning lisenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni berish to‘g‘risidagi arizasini lisenziyalash va ruxsat etish sohasidagi vakolatli organ tomonidan ko‘rib chiqish, uni berish yoki berishni rad etish muddatlarini o‘ttiz ish kunidan ortiq qilib belgilashi mumkin. Namunaviy (oddiy) lisenziya yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjat berish haqida yoki berishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilishning eng kam muddatlari faoliyatning ayrim turlarini lisenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillaridan o‘tish tartibi to‘g‘risidagi nizomlarda belgilab qo‘yilishi mumkin”.

Havolaki normalarga yo‘l qo‘ymaslik hamda qonun loyihasining to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilishini ta'minlash maqsadida, lisenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni berish to‘g‘risidagi arizani ko‘rib chiqish, uni berish yoki berishni rad etish muddatlarini o‘ttiz ish kunidan ortiq qilib belgilash mumkin bo‘lgan holatlarni mazkur loyihada belgilash o‘tish maqsadga muvofiq.

4. Loyiha 31-moddasi birinchi qismiga ko‘ra, “Yuridik shaxs bo‘lmish tadbirkorlik sub'ekti o‘zgartirilganda, uning nomi yoki joylashgan yeri (pochta manzili) o‘zgargan taqdirda, tadbirkorlik sub'ekti yoxud uning huquqiy vorisi qayta ro‘yxatdan o‘tganidan keyin yetti kun muddatda lisenziyalash yoki ruxsat berish sohasidagi vakolatga organga, ko‘rsatib o‘tilgan ma'lumotlarni tasdiqlovchi tegishli hujjatlarni ilova qilgan holda, lisenziyani yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni qayta rasmiylashtirish to‘g‘risida ariza berishi shart”.

Ta'kidlash lozimki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 24 avgustdagi PF-6044-son Farmoni bilan 2021 yil 1 yanvardan boshlab lisenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari“Lisenziya” axborot tizimi orqali amalga oshirilishi belgilangan.

Bunda, yuridik shaxs bo‘lmish tadbirkorlik sub'ekti o‘zgartirilganda, uning nomi yoki joylashgan yeri (pochta manzili) o‘zgargan taqdirda, bu ma'lumotlarni vakolatli organlar o‘zaro elektron axborot almashish tizimi orqali olishi mumkin. Ya'ni, “Lisenziya” axborot tizimini tadbirkorlik sub'ektlarini davlat ro‘yhatidan o‘tkazuvchi organ elektron axborot tizimiga integratsiyalash orqali amalga oshirish mumkin.

Yuqoridagilarni inobatga olib, loyihada lisenziyani yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni qayta rasmiylashtirish vakolatli organ tomonidan elektron axborot almashish tizimi orqali amalga oshirilishini belgilab qo‘yish lozim.

5. Loyiha 34-moddasi to‘rtinchi qismiga ko‘ra, “Ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni berganlik va uning amal qilish muddatini uzaytirganlik uchun yig‘im ruxsat berish tartib-taomillaridan o‘tish tartibi to‘g‘risidagi nizomlarda belgilangan hollarda va miqdorlarda undiriladi”.

Shuningdek, loyiha 21-moddasiga muvofiq lisenziya berganlik uchun davlat boji undiriladi.

Ya'ni, bunda ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni berganlik va uning amal qilish muddatini uzaytirganlik uchun yig‘im, lisenziya berganlik uchun esa davlat boji undirilishi belgilanmoqda.

“Davlat boji to‘g‘risida”gi Qonunning 3-moddasi birinchi qismiga ko‘ra, “Davlat boji yuridik ahamiyatga molik harakatlarni amalga oshirganlik va (yoki) bunday harakatlar uchun vakolatli muassasalar va (yoki) mansabdor shaxslar tomonidan hujjatlar berganlik uchun undiriladigan majburiy to‘lovdir”.

Bunda, ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni berganlik va uning amal qilish muddatini uzaytirganlik uchun to‘lovlarni davlat boji sifatida malakalash mumkin.

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, loyihada ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni berganlik va uning amal qilish muddatini uzaytirganlik uchun davlat boji undirilishini belgilab qo‘yish maqsadga muvofiq.

6. Loyiha 35-moddasi birinchi qismiga ko‘ra:

“Lisenziya va ruxsat etishga doir talablar va shartlarga rioya etilishi ustidan nazorat amalga oshirilayotganda lisenziyalash va ruxsat etish sohasidagi vakolatli organlar o‘z vakolatlari doirasida quyidagi huquqlarga egadirlar:

jismoniy va yuridik shaxslar lisenziya va ruxsat etishga doir talablar va shartlarga rioya etayotganligi ustidan tadbirkorlik sub'ektlari faoliyatini tekshirishlarni muvofiqlashtirish bo‘yicha vakolatli organni xabardor qilgan holda yoki kelishilgan holda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tekshiruvlar o‘tkazish;

Shuningdek, loyiha 26-moddasi ikkinchi qismiga ko‘ra, “Lisenziya va ruxsat etishga doir talablar va shartlarga rioya qilinishi ahvolini nazorat qilish vakolatli organlar tomonidan “xavfni tahlil etish” tizimi natijalari asosida amalga oshiriladi”.

Bunda, shuni ta'kidlash lozimki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 27 iyuldagi PF-5490-son Farmoni 1-ilovasi 1-bandiga muvofiq nazorat qiluvchi organlar tashabbusi bilan tadbirkorlik sub'ektlari faoliyatining xavf-tahlili natijalari asosida o‘tkaziladigan tekshiruvlar vakolatli organ bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, loyiha 35-moddasi birinchi qismi birinchi xatboshisida “vakolatli organni xabardor qilgan holda yoki kelishilgan holda” so‘zlarini “vakolatli organ bilan oldindan kelishilgan holda” so‘zlari bilan almashtirish lozim.

7. Loyiha 37-moddasi o‘n uchinchi qismiga ko‘ra, “Agar ayrim bir xabardor etish faoliyat turini amalga oshirayotgan jismoniy va yuridik shaxslar mazkur Qonunning 26-moddasida nazarda tutilgan yoki ushbu faoliyat turini tartibga soluvchi nizomlarda belgilangan talab va shartlarga rioya etmasa, unda xabardor etish sohasidagi vakolatli organ tomonidan xabardor etish reestridan chiqarib tashlanishiga asos bo‘ladi”.

Shuni ta'kidlash lozimki, xabardor qilish tartibida xabardor etish reestridan chiqarib tashlanish tadbirkorlik sub'ekti uchun biror huquqiy oqibat keltirib chiqarmaydi. Chunki, xabardor qilish tartibida tadbirkorlik sub'ektining faqatgina faoliyatni boshlaganligi to‘g‘risida vakolatli organni xabardor etish majburiyati mavjud, uni reestrga kiritish vakolatli organning majburiyati hisoblanadi.

Shu sababli, belgilangan talab va shartlarga rioya etmagan xabardor etish faoliyat turini amalga oshiruvchi jismoniy va yuridik shaxslarga nisbatan boshqa shakldagi huquqiy ta'sir choralarini qo‘llanishini belgilash maqsadga muvofiq.

8. Loyiha 37-moddasi o‘n to‘rtinchi qismiga ko‘ra, “Xabardor etish reestridan chiqarib tashlangan jismoniy yoki yuridik shaxslarlar xabardor etish reestridan chiqarib tashlangan kundan boshlab 3 oy muddatgacha ushbu faoliyat turi bilan shug‘ullanishi mumkin emas”.

Ta'kidlash lozimki, xabardor qilish tartibida xabardor etish reestridan chiqarib tashlanish tadbirkorlik sub'ekti uchun biror huquqiy oqibat keltirib chiqarmaydi.

Shuningdek, tadbirkorlik sub'ektiga 3 oy muddatgacha ushbu faoliyat turi bilan shug‘ullanishini cheklash chorasi amaliyotda yashirin iqtisodiyot ulushining ko‘payishiga, shuningdek ishbilarmonlik muhitiga yomonlashishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Bundan tashqari, bu shakldagi ta'sir chorasihozirgi kunda respublikada band bo‘lmagan aholini tadbirkorlikka o‘qitish hamda noqonuniy tadbirkorlar faoliyatini qonuniylashtirish bo‘yicha olib borilayotgan islohotlarga mazmunan zid keladi.

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, loyiha 37-moddasi o‘n to‘rtinchi qismini chiqarib tashlash lozim.

9. Loyiha ilovalarini O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 24 avgustdagi PF-6044-son Farmoni talablariga muvofiqlashtirish lozim.

10. Lisenziyalash, ruxsat berish va xabardor etish tartib-taomillarida korrupsiya, suiiste'mollik va boshqa qonunga xilof harakatlarga yo‘l qo‘ymaslik, vakolatli organlar tomonidan mazkur sohadagi qonunchilik talablariga to‘liq rioya etilishini ta'minlash maqsadida, ushbu sohada jamoatchilik nazoratini kuchaytirish lozim.

Bunda, loyihani ushbu sohada jamoatchilik nazoratini tashkil etish hamda amalga oshirish masalalarini tartibga solishni nazarda tutuvchi yangi modda bilan to‘ldirish maqsadga muvofiq.

SSP Matbuot xizmati