18.07.2016 4727

Samarqandda O‘zbekiston hamda Xitoy ishbilarmon doiralari o‘rtasida biznes-forum bo‘lib o‘tdi


Kelgusidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida joriy yilning 17 iyulь kuni “Registan Plaza” mehmonxonasida O‘zbekiston hamda Xitoy ishbilarmon doiralari o‘rtasida biznes-forum va kooperatsion birja bo‘lib o‘tdi.

Ushbu biznes-forumda bir qator manfaatdor vazirlik va idoralarning vakillari, yurtimiz tadbirkorlari hamda shu yilning 16 iyulь kuni  mamlakatimizga tashrif buyurgan Xitoy Xalq Respublikasi Shenьsi provintsiyasining Xitoy xalqaro savdo taraqqiyotiga ko‘mak berish qo‘mitasi (CCPIT) ishbilarmonlar guruhi tomonidan o‘zaro manfaatli takliflar ilgari surildi.

Delegatsiya tarkibiga tekstilь, tikuvchilik, tibbiyot va boshqa turdagi uskunalar,  elektrotexnika, muqobil energiya manbalari, dori-darmon va shifobahsh giyohlar ishlab chiqarish, telekommunikatsiya va AKT, mashinasozlik, qurilish, farmatsevtika, oziq-ovqat va kimyo sanoati hamda boshqa soha vakillari kiradi.

Tashrifdan maqsad investitsion loyihalarni amalga oshirilishi imkoniyatlarini o‘rganish, shuningdek, ikki tomonlama savdo-iqtisodiy hamda investitsion hamkorlik masalalalarini ko‘rib chiquvchi biznes-forumlar va ishbilarmon doiralar vakillari ishtirokidagi kooperatsion birjalar tashkil etishdir.

Biznes-forumda ishtirok etgan Xitoy Xalq Respublikasi Shenьsi provintsiyasining Xitoy xalqaro savdo taraqqiyotiga ko‘mak berish qo‘mitasi (CCPIT) delegatsiyasi ishbilarmon doiralari mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirishga yo‘naltirilgan  sa’y-harakatlarni yuqori baholashdi. Biznes-forum doirasida tomonlar o‘rtasida istiqbollarni belgilash, kelgusi hamkorlikning samaradorligini oshirish yuzasidan takliflar bildirildi.

O‘zbekiston Xitoy Xalq Respublikasi bilan strategik hamkorlikni kelgusida mustahkamlash, ikki tomonlama manfaatli bo‘lgan ko‘p qirrali savdo-iqtisodiy, investitsion va moliyaviy hamkorlikni kengaytirishga katta e’tibor qaratmoqda.

O‘zaro savdo hajmining o‘sish suratlarining ijobiy qiymat kasb etishi ham e’tiborga loyiqdir. 2016 yil yanvarь-aprelь oyigacha bo‘lgan davr mobaynida o‘zaro tovar almashinuv hajmi 1 433,2 mln. AQSh dollarini tashkil etdi, shundan 741,6 mln. AQSh dollari – eksport, 691,6 mln. AQSh dollari – importni tashkil etadi.

Bugungi kunda O‘zbekiston va Xitoy Xalq Respublikasi turli xil loyihalarda, avvalambor, yuqori texnologiyalar sohasida faol hamkorlik olib bormoqdalar.

O‘zbekistonda bugungi kunda Xitoy Xalq Respublikasi investitsiyasi ishtirokidagi 651 korxona faoliyat ko‘rsatmoqda, jumladan ularning 90 tasi 100% xitoy kapitali asosida tashkil etilgan. 75 ta Xitoy Xalq Respublikasining etakchi firma va kompaniya vakilliklari faoliyat olib bormoqdalar.

O'zSSP Matbuot xizmati