25.07.2016 4451

Toshkentda eng yaxshi savdo va umumiy ovqatlanish ob’ektlari aniqlanadi


Poytaxtda har yili «Savdo va xavfsizlik» ko‘rik-tanlovi o‘tkaziladi.

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi 21 iyulь kuni Toshkentda savdo va umumiy ovqatlanish sohasida «Savdo va xavfsizlik» ko‘rik-tanlovi o‘tkazilishi to‘g‘risidagi qarorni qabul qildi. Poytaxt hokimiyatida juma kuni o‘tkazilgan brifingda xabar qilinishicha, har yili ushbu ko‘rik-tanlovni o‘tkazish to‘g‘risidagi taklif Toshkent shahar hokimligi hamda bir qator hamkor tashkilotlar tomonidan ilgari surildi.

Barcha tadbirkorlik sub’ektlari uchun ochiq bo‘lgan tanlov har yili avgustda «Eng yaxshi yirik savdo ob’ekti» (umumiy savdo maydoni 1500 kvadrat metrdan ortiq), «Eng yaxshi o‘rta savdo ob’ekti» (50−1,500 kv m), «Eng yaxshi savdo ob’ekti"(50 kv m gacha), «Eng yaxshi restoran» (restoran, vagon-restoran, bar), «Eng yaxshi kafe» (kafe, yozgi kafe, kafeteriy), «Eng yaxshi choyxona» (oshxona, choyxona, bufet va zakusochnaya) nominatsiyalari bo‘yicha o‘tkaziladi.

Ko‘rik-tanlovni o‘tkazishdan maqsad savdo va umumiy ovqatlanish sohasidagi tadbirkorlik sub’ektlarining aholiga xizmat ko‘rsatish sifati va madaniyatini hamda jamoat xavfsizligini oshirishda amaliy yordam ko‘rsatish, sohada aholi xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan zamonaviy texnologiyalarni tatbiq etishni rag‘batlantirish, davlat standartlari, gigiena, sanitariya, yong‘in xavfsizligiga oid normativ hujjatlar, qoida va talablar, shoxobchalarga yondosh hududlarning obodonlashtirilishi kabi talablarning bajarilishini qo‘llab-quvvatlashdan iborat.

Tanlovda qatnashish uchun tadbirkorlar 1−15 avgust kunlari tuman hokimi rahbarlik qiladigan tuman komissiyasiga ariza taqdim etishlari lozim. Tanlovni o‘tkazish bo‘yicha maxsus komissiyaga Toshkent hokimining shaxsan o‘zi boshchilik qiladi. Uning tarkibiga O‘zbekiston Davlat Raqobat qo‘mitasi, Davlat soliq qo‘mitasi, Markaziy bank, IIBB, FVB, poytaxt Arxitektura va qurilish bosh boshqarmasi hamda boshqa tuzilmalar vakillari ham kiritiladi.

Shahar bosqichi sovrindorlari va tanlov g‘olibini aniqlash tanlov ob’ektlariga tashrif buyurish orqali amalga oshiriladi. Xavfsizlik talablariga moslik mezonlari sifatida kuzatuv kameralarining o‘rnatilgani, metallodetektorlar bilan ta’minlanganligi, yong‘inga qarshi avtomatika va signalizatsiyaning sozligi, zaxira chiqish yo‘laklari holati, tibbiyot xonalarining mavjudligi va jihozlanganligi, xodimlarning FV va FVvujudga kelgandagi harakatlarga tayyorgarligi, ijozatsiz kirishlardan himoyalanganlik va boshqalar hisobga olinadi.

Tanlovning tuman va shahar bosqichi g‘oliblarini taqdirlash 29−30 avgust kunlari bo‘lib o‘tadi. Shahar bosqichida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan g‘oliblar uchun eng kam oylik ish haqining 20 dan 100 baravarigacha miqdordagi pul mukofoti belgilangan. Tanlov asosan O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi tomonidan davlat mulklarini xususiylashtirishdan tushgan mablag‘lar hisobidan moliyalashtiriladi.

Toshkent hokimiyati barcha tadbirkorlik sub’ektlarini tanlovda qatnashishga taklif etdi.

Manba: gazeta.uz