26.07.2016 7085

Tadbirkor qizlarning istiqbolli loyihalari


Buxoroda “Tadbirkor qizlarning eng yaxshi loyihasi” tanlovi viloyat bosqichi o‘tkazildi. 

“Go‘zal va betakrorimsan, muqaddas Vatanim, jonim senga fido, O‘zbekistonim!” shiori ostida viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi, Markaziy bank viloyat bosh boshqarmasi, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi, Savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmalari hamda “Tadbirkor ayol” uyushmasi viloyat bo‘limi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda uch yo‘nalish bo‘yicha 36 tadbirkor qiz ishtirok etdi. 

Prezidentimiz rahnamoligida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, ayollar, ayniqsa, kasb-hunar kolleji bitiruvchi qizlarini sohaga jalb etish, ularning bu boradagi bilim va ko‘nikmasini boyitishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi. Prezidentimizning 2014-yil 6-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘layotir. 

“Ishlab chiqarish borasida eng yaxshi tadbirkor qiz” yo‘nalishida Olot pedagogika va sport kolleji bitiruvchisi S.Husainova, Jondor qishloq xo‘jaligi kasb-hunar kolleji bitiruvchisi F.Sharipova, “Servis sohasida eng yaxshi tadbirkor qiz” yo‘nalishida Shofirkon maishiy xizmat va milliy hunarmandlik kasb-hunar kolleji bitiruvchisi N.Boymurodova, Romitan sanoat kasb-hunar kolleji bitiruvchisi Sh.Rajabova, “Qishloq xo‘jaligi sohasida eng yaxshi tadbirkor qiz” yo‘nalishida Peshku qishloq xo‘jalik kasb-hunar kolleji bitiruvchisi A.Yoriyeva, Jondor pedagogika kolleji bitiruvchisi O.Saidova g‘oliblikka munosib topildi. 

– Biz tadbirkorlar oilasimiz. Otam ham, onam ham tadbirkorlik bilan shug‘ullanadi, – deydi olotlik Simora Husainova. – Qandolatchilikni rivojlantirish bo‘yicha biznes loyihamni ishlab chiqishda ota-onamning maslahatlari, soliq va bank mutaxassislari ishtirokida o‘tkazilgan turli seminar va davra suhbatlari qo‘l keldi. Ushbu loyihani amalga oshirish uchun zarur mablag‘ning 26 million so‘mini Xalq banki ajratadigan bo‘ldi. Sex faoliyat boshlagach, 6 nafar tengdoshim ishli bo‘ladi. Bularning barchasi, Prezidentimiz rahnamoligida biz, yoshlarning hayotda munosib o‘rin egallashimiz uchun yaratilayotgan sharoit va imkoniyatlar samarasidir. 

G‘oliblar tanlovning mamlakat bosqichida qatnashadi. 

Manba: uza.uz