27.07.2016 5006

Moliyaviy savodxonlikni oshirish dasturi amalda


O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi (SSP) xalqaro donorlik institutlari va tashkilotlari bilan hamkorlikda muntazamlik asosda SSP kadrlarining malakasini oshirishga qaratilgan o‘quv seminarlari va kurslarini tashkil etadi va o‘tkazadi.

    

Shu munosabat bilan Savdo-sanoat palatasi Jahon Banki Guruhi moliyalar va bozorlar bo‘yicha departamentining Markaziy Osiyo v Ozarbayjonda moliyaviy infratuzilmani mustahkamlash bo‘yicha loyihasi (ACAFI) hamkorligida SSP trenerlari va xodimlarining moliyaviy savodxonligini oshirish bo‘yicha dasturni ishlab chiqdilar. ACAFI loyihasi Shveytsariya Hukumatining hamkorligida amalga oshirilmoqda.

Mazkur dasturdan ko‘zlangan maqsad SSP trenerlari va xodimlarining moliyaviy savodxonlik masalalari bo‘yicha malakasini oshirish, shuningdek kichik biznes va xususiy tadbirkorlik vakillari uchun treninglar o‘tkazish hamda maslahatlar berish sifatini oshirishdan iboratdir.

Treninglar davomida maqsadli auditoriya vakillari ishtirokida o‘tkazilgan davra suhbatlari chog‘ida aniqlangan quyidagi mavzular bo‘yicha trening sessiyalari bo‘lib o‘tadi:

  • Omonatlarni boshqarish;
  • Biznesni rejalashtirish;
  • Moliyalashtirish;
  • Moliyaviy infratuzilma.

    

Ushbu treninglar samarasi o‘laroq SSP trener va xodimlari kelgusida kichik biznes va xususiy tadbirkorlik vakillari uchun muntazamlik asosda treninglar o‘tkazishi va chuqurlashtirilgan maslahatlar berishi mumkin bo‘ladi, bu esa, o‘z navbatida, maqsadli auditoriya uchun o‘z moliyaviy savodxonlik darajasini oshirish va moliyaviy resurslardan foydalanishga imkoniyatlarni kengaytirishda o‘zining ijobiy ta’sirini ko‘rsatadi.

Shuni qayd etish kerakki, mazkur  seminarlar 2016 yilning 27 iyulidan 11 avgustiga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Qashqadaryo va Andijon viloyatlari, shuningdek Toshkent shahrida SSPning qariyb 100 nafar trener va xodimlarini jalb etgan holda tashkil etiladi.

Yakunida sertifikatlangan imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirgan tinglovchilarga mazkur treninglarni o‘taganlik bo‘yicha sertifikatlar beriladi.

SSP Matbuot xizmati