04.08.2016 5739

Kichik biznesning raqobatdosh mahsulotlari


Poytaxtimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan tayyorlanayotgan yangi mahsulotlarning “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” deb nomlangan taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Mamlakatimiz iqtisodiyotining raqobatdoshligi ta’minlanishida kichik biznes hamda xususiy tadbirkorlik sub’ektlarining roli tobora ortmoqda. Zero, istiqlol yillarida davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan ishbilarmonlar faoliyati qo‘llab-quvvatlanayotgani, ularga qo‘shimcha imtiyozlar berilayotgani muvaffaqiyatlarning bosh omili bo‘layotir. Natijada soha vakillari ichki bozorni yuqori sifatli mahsulotlar bilan to‘ldirish barobarida, eksport hajmining o‘sishiga munosib hissa qo‘shmoqda. O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasining Toshkent shahar hududiy boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan taqdimotga tashrif buyurganlar bunga yana bir karra ishonch hosil qildilar. 

Gap shundaki, unda poytaxtimizda faoliyat yuritayotgan 40 ga yaqin tadbirkorlik sub’ektlari va hunarmandlar o‘zlarining sara mahsulotlarini namoyish etdilar. Ular sifat ko‘rsatkichlari, bejirim dizayni bilan xorijnikidan aslo qolishmaydi. Shu bois tashqi bozorda tobora xaridorgir bo‘lib borayotir. 

— Bugungi tadbirni o‘tkazishdan maqsad poytaxtimizda faoliyatini yo‘lga qo‘ygan ishbilarmonlar mahsulotlarini keng ommaga tanishtirish, ular o‘rtasidagi kooperatsiya aloqalarini yanada rivojlantirishdan iborat, — deydi Savdo-sanoat palatasining -Toshkent shahar hududiy boshqarmasi bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Rustambek Baratov. — Taqdim qilingan mahsulotlarning asosiy qismi “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” yorlig‘i ostida eksport qilinayotgani, albatta, hammamizga yuksak g‘urur bag‘ishlaydi. 

Darhaqiqat, bugungi kunda xalq iste’moli tovarlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yayotgan kichik biznes sub’ektlarining soni yildan-yilga ortib borayotir. Ular tomonidan tayyorlanayotgan mahsulotlar esa sifatli hamda xaridorgir.

— Buyurtmachilarga “O‘zimizniki” brendi ostida ikki yildan beri trikotaj mahsulotlari etkazib berayapmiz, — deydi “Saipov Group” oilaviy korxonasi maslahatchi-texnologi Lemara Medjitova. — Dastlab momiq sochiqlar ishlab chiqargan bo‘lsak, bugungi kunda uning qatoriga yana to‘qsondan ortiq trikotaj buyumlar ham qo‘shildi. Mahsulotlarimizga nafaqat yurtdoshlarimiz, balki xorijliklar ham qiziqish bildirishayapti va ayni paytda eksport bo‘yicha kelishuv jarayonlari olib borilayotir. 

Taqdimotda tadbirkorlar o‘z mahsulotlari haqida yig‘ilganlarga atroflicha ma’lumot berishdi.

Manba: xs.uz